Iqlimga moslashish – kelajak avlodlar oldidagi ustuvor strategik vazifa
Bugun iqlim o‘zgarishi insoniyat oldidagi eng jiddiy global miqyosdagi dolzarb muammolardan biriga aylangan bo‘lib, uning oqibatlari, ayniqsa, Orolbo‘yi mintaqasida yaqqol namoyon bo‘lmoqda.
Shu bois, mintaqada olib borilayotgan moslashuv siyosati, xalqaro hamkorlik va zamonaviy texnologiyalarning ahamiyati xususida Orolni qutqarish xalqaro jamg‘armasi agentligi rahbari Birodarjon Burxonjonov bilan suhbatlashdik.
– Orolbo‘yi mintaqasi iqlim o‘zgarishidan eng ko‘p zarar ko‘rayotgan hududlardan biri hisoblanadi, – dedi B.Burxonjonov. – Orol dengizining qurishi natijasida mintaqa mikroiqlim keskin o‘zgardi, havo harorati oshdi, yog‘ingarchilik kamaydi, shamol faolligi ortdi, chang-to‘zonli bo‘ronlar soni ko‘payishi kuzatilmoqda. Bularning barchasi yer resurslari degradatsiyasiga, suv tanqisligiga va bioxilma-xillikning kamayishiga sabab bo‘lmoqda. Natijada qishloq xo‘jaligi samaradorligi pasayyapti, ichimlik suv ta’minotiga bosim ortyapti, aholi salomatligiga jiddiy xavf tug‘ilmoqda.
Shularni inobatga olib davlatimiz rahbari Shavkat Mirziyoyev xalqaro miqyosda ekologik barqarorlikni ta’minlash, tabiiy resurslarni muhofaza qilish va iqlimga moslashish bo‘yicha ko‘plab tashabbuslarni ilgari surib kelmoqda. Jumladan, O‘zbekiston Prezidentining tashabbusi bilan BMT Bosh Assambleyasining 2021-yil 18-maydagi 75-sessiyasida “Orolbo‘yi mintaqasini ekologik innovatsiyalar va texnologiyalar hududi deb e’lon qilish to‘g‘risida” maxsus rezolyutsiya qabul qilindi. 2025-yil sentabr oyida esa Shavkat Mirziyoyev BMT Bosh assambleyasining 80-sessiyasida Orol dengizi qurishining salbiy oqibatlari jahon hamjamiyatining doimiy diqqat markazida bo‘lishi lozimligini yana bir bor ta’kidladi.
– Ostonada bo‘lib o‘tgan Mintaqaviy ekologik sammit hamda Orolni qutqarish xalqaro jamg‘armasi ta’sischi davlatlari rahbarlari kengashining navbatdagi yig‘ilishida muhokama qilingan masalalar yuzasidan qanday fikr bildirasiz?
– Mazkur sammit ekologik xavf-xatarlarning o‘zaro chuqur bog‘liqligi va ularni birgalikda hal qilish zarurligini ifoda etadigan “Barqaror kelajak uchun umumiy nigoh” degan bosh g‘oya ostida o‘tdi va O‘zbekiston bu g‘oyani to‘liq qo‘llab-quvvatladi.
Davlatimiz rahbari Shavkat Mirziyoyev ushbu anjumanda so‘zlagan nutqida O‘zbekiston ekologik barqarorlikni shakllantirish bo‘yicha aniq maqsadli va tizimli chora-tadbirlarni amalga oshirayotganini ta’kidladi. Xususan, Orol dengizining qurigan tubida 2 million gektardan ortiq maydonda o‘rmonzorlar barpo etilib, yangi “yashil belbog‘”lar yaratilayotgani, suvni tejash borasidagi keng ko‘lamli sa’y-harakatlar natijasida yiliga 10 milliard metr kub suv iqtisod qilinayotgani aytib o‘tildi.
Prezidentimiz e’tirof etganidek, Markaziy Osiyo atrof-muhitidagi o‘zgarishlarning yagona mintaqaviy atlasini yaratish ham mintaqa kelajagi uchun muhim ahamiyatga ega. Bu atlas mintaqadagi cho‘llanish, tuproq degradatsiyasi jarayonlari va suv resurslari holati dinamikasini yaqqol ifoda etadigan fundamental ilmiy-tahliliy bazaga aylanadi.
Ekologik kun tartibini ilgari surish doirasida shu yilning 31-may-5-iyun kunlari Samarqandda Global ekologik fondning sakkizinchi assambleyasi, sentabr oyi oxirida esa Suvni tejash bo‘yicha butunjahon forumi bo‘lib o‘tishi e’lon qilindi. Prezident Shavkat Mirziyoyevning Orolni qutqarish xalqaro jamg‘armasi ta’sischi davlatlari rahbarlari kengashi majlisidagi nutqida ham mintaqaviy ekologik muammolarni hal etish, Orolbo‘yi hududini tiklash va davlatlar o‘rtasidagi hamkorlikni yanada mustahkamlashga qaratilgan qator muhim tashabbuslar ilgari surildi.
Kelgusi yildan Orolni qutqarish xalqaro jamg‘armasiga raislik O‘zbekistonga o‘tadi. Davlatimiz rahbari jamg‘armani mintaqaviy integratsiyaning muhim drayverlaridan biriga aylantirish niyatini bildirdi. Shu munosabat bilan O‘zbekiston raisligining ustuvor yo‘nalishlari haqida ma’lumot berib o‘tdi. Bunda jamg‘armaning faoliyatini rivojlantirish va modernizatsiya qilish, jamg‘arma kun tartibini Markaziy Osiyo davlatlari rahbarlarining Maslahat uchrashuvlari qarorlari bilan uyg‘unlashtirish, dastur va loyihalari samaradorligini oshirish, boshqa mintaqaviy tuzilmalar o‘rtasida faol hamkorlikni yo‘lga qo‘yish, xalqlarimizning suvga hayot manbai sifatida ehtiyotkorlik bilan munosabatda bo‘lish borasidagi ko‘p asrlik an’analarini qayta tiklash kabi takliflar bildirildi.
Davlatimiz rahbari 2026-2036-yillarni “Markaziy Osiyoda suvdan oqilona foydalanish bo‘yicha amaliy harakatlar o‘n yilligi” deb e’lon qilish va mintaqa mamlakatlarida Suv haftaliklarini muntazam o‘tkazib borishga qaratilgan tashabbuslar amalga oshirilishiga umid bildirdi.
O‘zbekiston Prezidenti qo‘shni mamlakatlar yetakchilarini shu yilning sentabr oyida Samarqandda bo‘lib o‘tadigan Suvni tejash bo‘yicha butunjahon forumida ishtirok etishga yana bir bor taklif etdi.
Tadbir yakunida Markaziy Osiyo davlatlari rahbarlari imzolagan Ostona bayonoti, Qozog‘iston raisligining borishi, 26-martni Xalqaro Orol dengizi, Amudaryo hamda Sirdaryo kuni deb e’lon qilish hamda O‘zbekiston yetakchisini 2027-2029-yillarda jamg‘arma prezidenti etib saylash to‘g‘risidagi qarorlar kelgusi faoliyat uchun ustuvor yo‘nalishlarni belgilab beruvchi muhim hujjatlardir.
– Orolni qutqarish xalqaro jamg‘armasi tizimida iqlim o‘zgarishiga moslashish borasida qanday loyihalar amalga oshirilmoqda?
– Orolni qutqarish xalqaro jamg‘armasi iqlim o‘zgarishiga moslashish bo‘yicha amaliy yechimlarni ishlab chiquvchi muhim institutsional markaz hisoblanadi. Orolbo‘yi hududida iqlim o‘zgarishiga moslashish chora-tadbirlarini amalga oshirishda jamg‘arma tizimida faoliyat yuritayotgan Orolni qutqarish xalqaro jamg‘armasi agentligi muhim o‘rin tutadi.
Ayni paytda agentligimiz bir nechta muhim yo‘nalishlarda faol ishlayapti. Birinchidan, “Amudaryo deltasida kichik suv havzalarini barpo etish (II bosqich)” loyihasi doirasida ko‘llar tizimini barqaror suv bilan ta’minlash mexanizmlari takomillashtirildi, gidrologik rejim tartibga solindi. Ikkinchidan, “Muynoq” kanalining rekonstruksiya qilinishi natijasida suv o‘tkazish qobiliyati sezilarli darajada oshirildi, suv taqsimoti samaradorligi yaxshilandi. Uchinchidan, “Rыbache” suv ombori dambasini rekonstruksiya qilish doirasida gidrotexnik inshootlar mustahkamlandi, suv chiqarish tizimlari modernizatsiya qilindi va eroziya xavfi kamaytirildi.
Ekologik tiklanish yo‘nalishida Axantay va Aqqum hududlarida himoya o‘rmonlari barpo etilmoqda. Qurigan dengiz tubida amalga oshirilayotgan o‘rmon-meliorativ tadbirlar shamol eroziyasi va tuz ko‘chish jarayonlarini kamaytirishga xizmat qilmoqda.
– Aholini iqlim o‘zgarishiga moslashtirish borasida qanday ijtimoiy tadbirlar amalga oshirilmoqda?
– Ekologik barqarorlikni ta’minlashda ijtimoiy yo‘nalish muhim o‘rin tutadi. Yoshlar o‘rtasida ekologik madaniyatni oshirishga qaratilgan tanlovlar, ma’rifiy aksiyalar va targ‘ibot tadbirlari muntazam tashkil etilmoqda. Shuningdek, mahalliy aholi va fermer xo‘jaliklari uchun suv va yer resurslaridan barqaror foydalanishning zamonaviy modellari joriy qilinyapti.
Suv tejovchi texnologiyalarni keng joriy etish, yerlarni oqilona boshqarish va iqlim o‘zgarishiga moslashgan qishloq xo‘jaligi amaliyotlarini tatbiq etishga alohida e’tibor qaratilmoqda. Ushbu chora-tadbirlar natijasida nafaqat ekologik muammolarni yumshatish, balki aholi turmush darajasini oshirish, iqtisodiy barqarorlikni ta’minlash va hududning iqlim o‘zgarishiga chidamliligini kuchaytirishga erishilmoqda.
– Raqamli texnologiyalar va zamonaviy ilmiy yondashuvlar iqlim o‘zgarishlariga moslashish jarayoni samaradorligini oshirishda qanday rol o‘ynaydi?
– Hozirgi bosqichda iqlim o‘zgarishiga moslashish jarayonlari faqat an’anaviy usullar bilan cheklanib qolmayapti. Xususan, gidrologik va meteorologik ma’lumotlarni real vaqtda monitoring qilish, sun’iy yo‘ldosh tasvirlari asosida hududlar holatini tahlil qilish, suv resurslarini rejalashtirish va optimal taqsimlash, raqamli platformalar asosida ma’lumotlarni yig‘ish va boshqarish kabi zamonaviy yondashuvlar joriy etilmoqda. Bu usullar iqlim o‘zgarishi ta’sirini barvaqt aniqlash, xavflarni kamaytirish va resurslardan samarali foydalanish imkonini beradi.
Shu bilan birga, Orolbo‘yi hududida iqlim o‘zgarishiga moslashish tadbirlarini samarali amalga oshirishda xalqaro hamkorlik muhim ahamiyat kasb etmoqda. Jumladan, Shveysariya taraqqiyot va hamkorlik agentligi (SDC) bilan birgalikda suv resurslarini barqaror boshqarish va integratsiyalashgan yondashuvlarni joriy etish orqali hududning iqlimga chidamliligini oshirishga qaratilgan ishlar amalga oshirilmoqda. “Global Water Partnership” (GWP) bilan hamkorlikda suv xavfsizligini ta’minlash va resurslardan oqilona foydalanish mexanizmlari rivojlantirilmoqda. Yevropada xavfsizlik va hamkorlik tashkiloti (YeXHT) bilan amalga oshirilayotgan loyihalar doirasida esa Orolbo‘yi suv-botqoq hududlarining ekotizimlari monitoring qilinmoqda.
Zero, ilmiy yondashuv, zamonaviy texnologiyalar va institutsional hamkorlik orqali hatto eng murakkab ekologik inqiroz sharoitida ham barqaror yechimlarga erishish mumkin. Iqlimga moslashish - bu faqat bugungi kun vazifa emas, balki kelajak avlodlar oldidagi ustuvor strategik vazifalarimizdan biri hisoblanadi.
O‘zA muxbiri
Nasiba Ziyodullayeva
suhbatlashdi.