Iqlim sinovidan o‘tayotgan bog‘dorchilik
Iqlim o‘zgarishi, suv resurslarining cheklanishi va qishloq xo‘jaligida resurslardan oqilona foydalanish masalasi bugungi kunda nafaqat mamlakatimiz, balki butun dunyo uchun ustuvor vazifalardan biriga aylandi. Ana shunday sharoitda an’anaviy yondashuvlarni zamonaviy texnologiyalar bilan uyg‘unlashtirish qishloq xo‘jaligi samaradorligini ta’minlashning eng muhim omillaridan sanalmoqda.
Jizzax viloyatining Baxmal tumanida amalga oshirilayotgan “Barqaror tijorat bog‘dorchiligi uchun aniq qishloq xo‘jaligi” loyihasi aynan shu maqsadga xizmat qilayotgan amaliy tashabbuslardan biri hisoblanadi.
Loyiha Osiyo taraqqiyot banki (ADB) moliyaviy ko‘magida, FAO (Food and Agriculture Organization — Birlashgan Millatlar Tashkilotining Oziq-ovqat va qishloq xo‘jaligi tashkiloti) hamda ISCAD (International Strategic Center for Agri-Food Development – Agro-oziq-ovqatni rivojlantirish bo‘yicha xalqaro strategik markaz) hamkorligida amalga oshirilmoqda. Uning asosiy maqsadi aniq dehqonchilik texnologiyalari va iqlimga mos agrotexnologiyalarni joriy etish orqali fermer xo‘jaliklarining suv tanqisligi hamda iqlim o‘zgarishi bilan bog‘liq xavf-xatarlarga bardoshliligini kuchaytirishdan iborat.
Bugun qishloq xo‘jaligida raqobatbardoshlikni oshirish uchun yer va suv resurslaridan samarali foydalanish, raqamli yechimlarni keng qo‘llash hamda innovatsion yondashuvlarni amaliyotga tatbiq etish ustuvor ahamiyat kasb etmoqda. Shu nuqtai nazardan mazkur loyiha nafaqat Baxmal tumani, balki boshqa hududlar uchun ham muhim tajriba maydoni vazifasini bajarmoqda.

Loyihada ishtirok etish uchun 124 nafar ishtirokchi saralab olingan bo‘lib, e’tiborlisi, ularning 75 nafarini xotin-qizlar tashkil etadi. Bu esa agrar sohada xotin-qizlarning bilim va ko‘nikmalarini oshirish, ularning iqtisodiy faolligini kengaytirishga ham xizmat qilishi shubhasiz.
Loyihaning dastlabki bosqichida FAO ekspertlari hududdagi 15 ta bog‘ va 20 ta dehqon xo‘jaligida o‘rganish ishlarini amalga oshirdi. Tahlillar mahalliy sharoit, fermerlarning ehtiyojlari hamda mavjud muammolarni har tomonlama baholash imkonini berdi. O‘rganishlar natijasida suv tanqisligi Baxmal bog‘dorchiligidagi eng dolzarb muammo ekani yana bir bor tasdiqlandi.
Shundan kelib chiqib, loyiha doirasida suv tejovchi va yuqori samara beradigan texnologiyalarni keng joriy etish rejalashtirilgan. Jumladan, tomchilatib va aqlli sug‘orish tizimlari, quyosh energiyasida ishlovchi uskunalar, yuqori zichlikdagi ekish texnologiyalari, sovutish omborlari, aniq dehqonchilik usullari, iqlimga mos qishloq xo‘jaligi hamda o‘simliklarni integratsiyalashgan himoya qilish bo‘yicha amaliy treninglar tashkil etiladi.

Bunday yondashuv suv sarfini kamaytirish bilan birga, energiya tejamkorligini ta’minlash, ishlab chiqarish xarajatlarini qisqartirish va hosil sifatini yaxshilashga ham xizmat qiladi. Eng muhimi, fermerlar iqlim o‘zgarishi sharoitida qaror qabul qilishda zamonaviy bilim va amaliy ko‘nikmalarga ega bo‘ladi.
Mutaxassislar qayd etayotganidek, intensiv texnologiyalarning afzalliklari hosildorlik ko‘rsatkichlarida ham yaqqol namoyon bo‘ladi. Masalan, an’anaviy olma bog‘larida gektariga 8–12 tonna hosil olinsa, intensiv bog‘larda bu ko‘rsatkich 25–40 tonnagacha yetishi mumkin. Bu esa yer maydonidan samarali foydalanish, mahsulot tannarxini pasaytirish va raqobatbardoshlikni oshirishning muhim omili hisoblanadi.
Kutilayotgan natijalar ham aniq belgilangan. Mazkur natijalar suvdan yanada samarali foydalanish, ishlab chiqarish xarajatlarini kamaytirish, hosildorlikni oshirish, mahsulot yo‘qotishlarini qisqartirish hamda fermer xo‘jaliklarining iqlim xavflariga bardoshliligini mustahkamlashni qamrab oladi. Bu esa oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlash, eksportbop mahsulotlar yetishtirish va qishloq aholisi daromadlarini oshirishga ham ijobiy ta’sir ko‘rsatadi.

Tashabbus qishloq xo‘jaligini iqlim o‘zgarishi sharoitiga moslashtirish, innovatsion texnologiyalarni keng joriy etish va yuqori samaradorlikka erishish yo‘lidagi muhim amaliy qadamdir. Bu tajribaning boshqa hududlarda ham keng tatbiq etilishi agrar sohada barqaror o‘sishni ta’minlash, resurslardan oqilona foydalanish va mamlakatimiz bog‘dorchiligining eksport salohiyatini yanada yuksaltirishga munosib hissa qo‘shadi.
Abdujalol Qayumov, O‘zA muxbiri