Ipak va ipak mahsulotlarining eksport hajmi ortmoqda
Davlatimiz rahbarining 2017 yil 29 martdagi “O‘zbekipaksanoat” uyushmasi faoliyatini tashkil etish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori bilan O‘zbekiston bo‘ylab pillachilik sohasini rivojlantirish borasida ijobiy qadamlar tashlanib, tarmoqda o‘nglanish va rivojlanish boshlandi.
Xususan, joriy yilning dastlabki ikki oyida Ipakchilik va jun sanoatini rivojlantirish qo‘mitasi va “O‘zbekipaksanoat” uyushmasi tomonidan 12 ta xorijiy davlatga qiymati 10,5 million AQSH dollariga teng bo‘lgan ipak va ipak mahsulotlari eksport qilindi. Bu o‘tgan yilning mos davri bilan solishtirilganda 5 million AQSH dollariga oshgan. Ipak va ipak mahsulotlarining eng ko‘pi Xitoy, Vetnam,Tojikiston, Eron, Hindiston, BAA, Koreya va Turkmaniston kabi davlatlarga eksport qilingan.

Mazkur eksport hajmining oshishida Farg‘ona va Namangan viloyatlarida yetishtirilayotgan ipak mahsulotlarining ham o‘rni bor. Ayni kunlarda mamlakatimizda bahorgi pilla mavsumi uyushqoqlik bilan amalga oshirilmoqda. Jumladan, Farg‘ona viloyatida joriy yilda 2 ming 233 tonna “kumush tola” yetishtirilishi ko‘zda tutilgan. Hozirda viloyatda 39 ming 168 quti ipak qurti parvarish qilinmoqda.
Shuningdek, Namangan viloyatining barcha tumanlarida ipak qurti urug‘larining 95 foiz qismi aholiga tarqatib berildi. Ipak qurti boqish mavsumini qizg‘in tashkil etish ishlari jadallik bilan ketmoqda. Viloyatda joriy mavsumda 89 ming ish o‘rni yaratilib, ishsiz aholining bandligi ta’minlanishi, ularga daromad manbai yaratish ishlari amalga oshirildi.
Shu kunlarda, mazkur viloyatda ham ishsiz aholini bandligini bosqichma-bosqich ta’minlash ishlari olib borilmoqda.
Gulnoza Boboyeva,O‘zA