Investorlar qonun himoyasida
Navoiy viloyati korxonalarni sog‘lomlashtirish va xususiylashtirish klinikasida viloyat sudi, ma’muriy sud hamda davlat aktivlarini boshqarish boshqarmasi hamkorligida «Investorlar qonun himoyasida» mavzusida chet ellik va mahalliy investorlar bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi.
O‘zbekiston Respublikasi mustaqillikka erishgan paytdan boshlab investitsiya va ishbilarmonlik muhitini yaxshilashga, mamlakatning investitsiyaviy jozibadorligini oshirishga va xorijiy, mahalliy investorlarning manfaatlarini himoya qilish borasidagi huquqiy mexanizmlarni takomillashtirishga qaratilgan chora-tadbirlarga alohida e’tibor qaratib kelmoqda.
Bu borada keyingi vaqtlarda investorlarning huquq va manfaatlarini himoya qilish, investorning foyda olish maqsadida investitsiya faoliyati ob’ektlariga o‘zining mablag‘larini yoxud jalb qilingan boshqa investitsiya resurslarini investitsiya qilish faoliyatini rag‘batlantiruvchi qonun hujjatlari qabul qilindi.
Uchrashuvda investitsiyaviy nizolarni sudlarda ko‘rish jarayonida investorga berilgan qonuniy imtiyozlar, investitsiyaviy nizolar bo‘yicha ishlarning sudlovga taalluqliligi masalasi, O‘zbekiston Respublikasi qonunchiligida chet el va mahalliy investorlarga berilgan huquqiy kafolatlar xususida tushunchalar berildi.
Jumladan, davlatimiz rahbarining 2020 yil 24 iyulda qabul qilingan «Sudlar faoliyatini yanada takomillashtirish va odil sudlov samaradorligini oshirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida»gi farmoniga asosan, amaldagi qonunchilikka bir qator o‘zgartirishlar kiritildi. Endilikda yirik investorning xohishiga ko‘ra, u bilan bog‘liq investitsiyaviy nizolar bevosita Oliy sudning investitsiyaviy nizolarni va raqobatga oid ishlarni ko‘rish bo‘yicha sudlov tarkibi tomonidan ko‘rilishi, qolgan investitsiyaviy nizolar investorlarning xohishiga ko‘ra, Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahar sudi tomonidan birinchi instansiya sudi sifatida ko‘rilishi belgilangan.
Shuningdek, protsessual qonunchilikka investitsiyaviy nizolarga bag‘ishlangan alohida modda kiritilib, mazkur moddada investitsiyaviy nizolarga aniq tarif berib o‘tilgan. Qonunchiligimizda belgilangan investitsiya faoliyatining asosiy prinsiplari qonuniylik, oshkoralik va ochiqlik, investitsiya faoliyatini amalga oshirishda erkinlik, adolatlilik va investitsiya faoliyati sub’ektlarining tengligi, investorlarga nisbatan kamsitishga yo‘l qo‘ymaslik, investorlarning vijdonliligi prezumpsiyalarini amalga oshirish uchun barcha qonuniy mexanizmlar yaratilgan.
Turg‘unboy Qahhorov,
Navoiy viloyat sudining sudyasi.
O‘zA