Investitsiyaviy hamkorlikning yangi yo‘nalishlari belgilandi
Toshkent kimyo-texnologiya instituti Yangiyer filialida Xitoy Xalq Respublikasidan tashrif buyurgan investorlar va ishbilarmonlar bilan istiqbolli hamkorlik yo‘nalishlariga bag‘ishlangan uchrashuv bo‘lib o‘tdi.
Filial direktori Zafar Hakimov boshchiligida o‘tkazilgan muloqotda Tianjin Fujian Chamber of Commerce, Tianjin Tengxi Technology Co., Ltd., Tianjin Keyuan New Energy Technology Co., Ltd., Fufeng Group Ltd. hamda Wellhope kompaniyalari vakillari ishtirok etishdi.
Uchrashuvda Yangiyer shahrida sanoat, ta’lim va innovatsiyani o‘zaro uyg‘unlashtirgan holda yangi investitsiya loyihalarini amalga oshirish, mavjud ishlab chiqarish quvvatlaridan samarali foydalanish va zamonaviy texnologiyalarni keng joriy etish masalalariga alohida e’tibor qaratildi.

Xususan, filial huzuridagi Energetika texnoparkida litiy-ion batareyalarini ishlab chiqarish yo‘nalishida faoliyat yuritayotgan kompaniyaning joriy faoliyati, ishlab chiqarish hajmini oshirish, texnologik jarayonlarni takomillashtirish va korxonaning kelgusi rivojlanish istiqbollari muhokama qilindi.

Mazkur yo‘nalishda xorijiy investitsiyalarni jalb etish bilan bir qatorda, ilmiy-tadqiqot natijalarini amaliyotga tatbiq etish, innovatsion ishlanmalarni ishlab chiqarishga joriy qilish va energiya tejamkor texnologiyalardan foydalanish imkoniyatlari yuzasidan fikr almashildi.

— Muloqot davomida Xitoy kompaniyalari bilan hamkorlikni yangi bosqichga olib chiqish, qo‘shma investitsiyaviy loyihalarni ishlab chiqish va ularni amalga oshirishda mavjud imkoniyatlardan samarali foydalanish muhimligi ta’kidlandi. Shuningdek, sanoat korxonalarining ehtiyojlaridan kelib chiqib, yuqori malakali mutaxassislar tayyorlash, ta’lim jarayonini ishlab chiqarish bilan yanada yaqinlashtirish hamda talabalarning amaliy ko‘nikmalarini oshirish masalalari ham muhokama markazida bo‘ldi, — deydi TKTI Yangiyer filialining xalqaro hamkorlik bo‘limi boshlig‘i Rustam Mahmudov.

Tomonlar ta’lim, ilm-fan, innovatsiya va ishlab chiqarish o‘rtasidagi hamkorlikni mustahkamlash orqali yangi loyihalar uchun zarur ilmiy va kadrlar salohiyatini shakllantirish mumkinligini qayd etdilar.

Uchrashuv yakunida istiqbolli loyihalarni aniqlash, investitsiyaviy hamkorlikni kengaytirish va o‘zaro manfaatli tashabbuslarni amalga oshirish bo‘yicha hamkorlikni davom ettirishga kelishib olindi. Bu esa Yangiyer shahrida zamonaviy texnologiyalarga asoslangan ishlab chiqarishni kengaytirish, yangi ish o‘rinlari yaratish hamda ta’lim va sanoat integratsiyasini kuchaytirish uchun muhim imkoniyatlarni yuzaga keltiradi.
G‘ulom Primov, O‘zA muxbiri