Investitsiya — yangi iqtisodiy quvvat va taraqqiyot poydevori
Davlatimiz mustaqilligining 35 yilligi arafasida yurtimizda bir qator yangi ob’ektlar, loyihalar ishga tushirildi. Prezident Shavkat Mirziyoyev ishtirokida bo‘lib o‘tgan yangi ob’ektlarni ishga tushirish marosimida yurtimizda tadbirkorlikka keng yo‘l ochilib, raqobatbardosh sanoat tarmoqlarini yaratish, chekka tuman va qishloqlar infratuzilmasini yaxshilash bo‘yicha ulkan ishlar bajarilgani alohida ta’kidlandi. Bu borada Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati Oybek Otamurodov o‘z munosabatini bildirdi:
— Mustaqillik bayrami arafasida mamlakatimiz hududlarida yangi sanoat, servis va ijtimoiy soha ob’ektlarini ishga tushirish yaxshi an’anaga aylandi. Bu nafaqat bayram shukuhini oshiradi, balki Yangi O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan iqtisodiy islohotlarning aniq natijalarini ham namoyon etadi. Zero, har bir yangi korxona, energetika quvvati, maktab yoki shifoxona ortida investitsiya, zamonaviy texnologiya, yangi ish o‘rni va inson manfaati mujassam.

Prezidentimiz mamlakatimiz mustaqilligining 35 yilligi munosabati bilan hududlarda yangi ob’ektlarni ishga tushirish marosimida so‘nggi o‘n yilda iqtisodiyot tarmoqlariga 160 milliard dollar xorijiy investitsiya jalb qilinganini ta’kidladi. Shu davrda iqtisodiyot hajmi 2,5 barobardan ziyod oshdi, umumiy qiymati 76 milliard dollarlik 2 ming 163 ta yirik sanoat loyihasi ishga tushirildi, qariyb 6 million nafar aholining doimiy bandligi ta’minlandi.
Eng muhimi, jalb qilingan mablag‘lar quruq statistika bo‘lib qolayotgani yo‘q. Ular yangi korxonalar, energetika quvvatlari va zamonaviy ishlab chiqarishlarga aylanmoqda. Eksportbop mahsulotlar turi va hajmi ko‘payib, ilg‘or texnologiyalar kirib kelmoqda, mehnat bozorida yangi kasblar hamda yuqori malakali ish o‘rinlari paydo bo‘lmoqda.
Navbatdagi tadbir doirasida qariyb 50 trillion so‘mlik 72 ta yirik sanoat va servis loyihasi, shuningdek, 91 ta ijtimoiy soha ob’ekti foydalanishga topshirilgani ham bu jarayonning ko‘lamini ko‘rsatadi. Ushbu loyihalar hisobidan 15 mingta ish o‘rni yaratilishi, byudjetga yiliga qo‘shimcha 1 trillion so‘m tushum tushishi kutilmoqda.
Bunda investitsiyaning iqtisodiyotga ko‘p qirrali ta’sirini alohida qayd etish lozim. Yangi korxona ish o‘rni yaratadi, bandlik esa oilalar daromadini oshiradi. Ishlab chiqarishning yo‘lga qo‘yilishi xomashyo, transport, logistika va xizmatlarga talabni kuchaytiradi. Eksport valyuta tushumini, samarali faoliyat esa soliq tushumlarini ko‘paytirib, yangi texnologiyalar mehnat unumdorligini yuksaltiradi. Demak, bir loyiha atrofida o‘zaro bog‘liq butun bir iqtisodiy zanjir shakllanadi.
Ishga tushirilgan ob’ektlar tarkibi mamlakatimiz iqtisodiyotidagi tarkibiy o‘zgarishlarni ham aks ettiradi. Energetika, qishloq xo‘jaligi va oziq-ovqat sanoati, metallurgiya, avtomobilsozlik, elektrotexnika, qurilish materiallari, tog‘-kon, to‘qimachilik va yengil sanoat tarmoqlarida yangi quvvatlar yaratilmoqda. Bu iqtisodiyotni diversifikatsiya qilish, ichki bozor talabini barqaror ta’minlash va eksport geografiyasini kengaytirish uchun mustahkam zamin bo‘ladi.
Ayniqsa, energetika sohasidagi loyihalar strategik ahamiyatga ega. Sirdaryoda 1 ming 573 megavattlik elektr energiyasi ishlab chiqarish quvvati, Qoraqalpog‘istonda 200 megavattlik shamol elektr stansiyasi va 100 megavattlik energiya saqlash tizimi ishga tushirildi. Navoiydagi yangi loyihalar esa yiliga 657 million kilovatt-soat elektr energiyasi ishlab chiqarish imkonini beradi.
Energetikadagi har bir yangi quvvat sanoat va tadbirkorlik uchun barqaror manba, yangi investitsiyalar uchun qo‘shimcha sharoitdir. Shu bois, bunday ob’ektlarni faqat bir tarmoq doirasida baholab bo‘lmaydi. Ular ishlab chiqarish hajmi, hududlarning sanoat salohiyati, aholi bandligi va eksport imkoniyatlariga bevosita ta’sir ko‘rsatadi.
Davlatimiz rahbari ta’kidlaganidek, mamlakatimiz xomashyo eksport qiladigan iqtisodiyotdan uni chuqur qayta ishlab, tayyor mahsulotni jahon bozoriga olib chiqadigan iqtisodiyotga o‘tmoqda. Bu investitsiya siyosatining yangi sifat bosqichidir. Endi asosiy vazifa sarmoyalar hajmini oshirish bilangina cheklanmay, yuqori qo‘shilgan qiymat yaratadigan, eksport salohiyatini kengaytiradigan, zamonaviy texnologiya va malakali kadrlarga talabni kuchaytiradigan loyihalar ulushini ko‘paytirishdan iborat.
Muxtasar aytganda, Mustaqillik bayrami arafasida foydalanishga topshirilgan 163 ta yangi ob’ekt yillar davomida amalga oshirilgan islohotlar, yaratilgan qulay investitsiya muhiti va izchil iqtisodiy siyosatning amaliy ifodasidir. Eng muhimi, bu natijalar ertangi barqaror o‘sish, aholi farovonligi va mamlakatimiz iqtisodiy qudrati uchun yangi poydevor yaratmoqda.
O‘zA muxbiri Muhtarama Komilova yozib oldi, O‘zA