Investitsiya samarasi — yangi texnoparkda namoyon (+Video)
Toshkent viloyatining Nurafshon shahrida amalga oshirilayotgan yirik investitsiya loyihalari hududning sanoat salohiyatini yuksaltirish, yangi ish o‘rinlari yaratish va iqtisodiy faollikni oshirishda muhim ahamiyat kasb etmoqda. Ana shunday istiqbolli loyihalardan biri – “DA SHUN GROUP” xorijiy kompaniyasi tomonidan tashkil etilgan qurilish texnoparkidir.
Nurafshon shahar hokimligi tomonidan jurnalistlar uchun tashkil etilgan press-turda mazkur ob’ektda amalga oshirilayotgan xorijiy loyihalar bilan tanishtirildi. Qayd etilishicha, Xitoy investitsiyasi asosida barpo etilgan mazkur texnopark 2025-yilda ishga tushirilgan bo‘lib, loyihaning umumiy qiymati 120 million AQSH dollarini tashkil etadi. Bu yerda zamonaviy texnologiyalar asosida qurilish sanoati uchun zarur mahsulotlar ishlab chiqarish yo‘lga qo‘yilgan. Natijada 300 nafardan ortiq fuqarolar doimiy ish bilan ta’minlandi.

– Texnopark hududida hozir xorijiy investitsiya ishtirokidagi 38 dan ortiq kichik ishlab chiqarish va xizmat ko‘rsatish korxonasi faoliyat yuritmoqda, – deydi Nurafshon shahar hokimligi mutaxassisi Ramziddin Ergashev. – Ularda qurilish tarmog‘i uchun zamonaviy mahsulotlar ishlab chiqarish, xizmatlar ko‘lamini kengaytirish hamda yangi texnologiyalarni joriy etish bo‘yicha izchil ishlar amalga oshirilmoqda. Ishlab chiqarilgan mahsulotlar ichki bozordan tashqari Germaniya, Rossiya, Qozog‘iston va Tojikiston kabi davlatlarga eksport qilinmoqda. Kelgusida texnopark hududida bu kabi loyihalarni yanada ko‘paytirish rejalashtirilgan. Buning uchun yana 58 ta korxona vakillari bilan kelishuvlarga erishilgan. Ular zarur uskuna va jihozlarni xorijdan olib kelish choralarini ko‘ryapti.

Texnoparkda ishlab chiqarish samaradorligini oshirish, mahsulotlar sifatini xalqaro standartlar darajasiga yetkazish va yangi investitsiya loyihalarini jalb etishga alohida e’tibor qaratilmoqda.
– Oxirgi yillarda mamlakatingizda biz kabi xorijlik tadbirkorlar faoliyatiga keng imkoniyat va sharoitlar yaratildi, – deydi “Hong Da Glass” korxonasi rahbari Yang Uza Gan. – Xususan, Nurafshon shahridagi mazkur texnoparkda ishlab chiqarish tarmoqlari va logistikasi uchun zarur sharoitlar bor. Biz ham o‘z biznes loyihamiz asosida oyna ishlab chiqaruvchi korxonani ishga tushirdik. Mahsulotimiz nafaqat O‘zbekiston uchun, balki xorijga ham eksport qilinmoqda. Bundan juda xursandmiz.
Mutaxassislarning ta’kidlashicha, ushbu yirik sanoat majmuasi Nurafshon shahrida qurilish materiallari ishlab chiqarishni kengaytirish, aholi bandligini ta’minlash va xorijiy investitsiyalar oqimini ko‘paytirishga xizmat qilmoqda. Press-tur davomida OAV vakillari soha mutaxassislari va xitoylik investorlar bilan suhbatlashdi.
<iframe width="560" height="315" src="https://www.youtube.com/embed/67oASVFvfJo?si=Lz97euNgkJONtS8P" title="YouTube video player" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" referrerpolicy="strict-origin-when-cross-origin" allowfullscreen></iframe>A.Musayev, O‘zA.