Investitsiya loyihalari bo‘yicha kelishuvga erishildi
Sirdaryo viloyatining Mirzaobod tumanida Xitoy Xalq Respublikasi investorlari ishtirokida yirik investitsiya loyihalarini amalga oshirish bo‘yicha muzokaralar o‘tkazildi. Uchrashuv yakunida umumiy qiymati 60 million AQSH dollari bo‘lgan investitsiya loyihalarini hayotga tatbiq etish yuzasidan o‘zaro kelishuvga erishildi.
Tumanga Guangxi Yangxiang Group kompaniyasi rahbari Chen Min boshchiligidagi delegatsiya hamda Guangzhou KunDa Agricultural Holding kompaniyasi rahbari Shao Huayun tashrif buyurdi. Tashrif doirasida mehmonlar Mirzaobodning investitsiyaviy salohiyati, mavjud infratuzilmasi, qishloq xo‘jaligi sohasidagi imkoniyatlari va investorlar uchun yaratilgan sharoitlar bilan tanishdi.


Muzokaralarda parrandachilik, chorvachilik va baliqchilik tarmoqlarini zamonaviy texnologiyalar asosida rivojlantirish, ishlab chiqarish quvvatlarini kengaytirish, mahsulotlarni chuqur qayta ishlash hamda eksport hajmini oshirish masalalari muhokama qilindi.

Tomonlar erishgan kelishuvga muvofiq, Mirzaobod tumanida umumiy qiymati 60 million AQSH dollariga teng bo‘lgan investitsiya loyihalari bosqichma-bosqich amalga oshiriladi. Loyihalar doirasida yangi ish o‘rinlari yaratish, mahalliy xomashyoni chuqur qayta ishlash va zamonaviy agrosanoat ishlab chiqarishini yo‘lga qo‘yish rejalashtirilgan.

— Ushbu loyihalar Mirzaobod tumanining investitsiyaviy jozibadorligini oshirish, yangi ish o‘rinlari yaratish, zamonaviy texnologiyalarni joriy etish hamda eksport salohiyatini yuksaltirishga xizmat qilibgina qolmay, O‘zbekiston va Xitoy o‘rtasidagi iqtisodiy hamkorlikni yangi bosqichga olib chiqadi, — deydi uchrashuv so‘ngida Mirzaobod tumani hokimi Abdurahim Umarov.
G‘ulom Primov, O‘zA muxbiri