Internetda madaniyat yo‘qmi yoki foydalanuvchida?
“O‘rgimchak to‘ri”dan omon qolish uchun “vaksina” oling
Internet zamonaviy axborot texnologiyalarining eng muhim yutuqlaridan biri sifatida butun dunyo bo‘ylab odamlar o‘rtasida aloqa o‘rnatish, ma’lumot almashish uchun cheksiz imkoniyat yaratdi. Afsuski, keyingi payt ushbu erkin maydonda madaniyatni shakllantirish, foydalanuvchilarda har xil “virus”larga qarshi kuchli immunitet hosil qilishga ehtiyoj oshgandek. Quyida internetdagi ijobiy va salbiy sa’y-harakatlarni tahlil qilib ko‘ramiz.
Internet va madaniyat
Madaniyat – biror jamiyatda yashovchi odamlarning qadriyati, an’ana va urf-odati, yashash uslubini ifodalaydigan murakkab tizim. Internet esa global tarzda ma’lumot almashinuv platformasidir. Binobarin, ayni axborot, kontent foydalanuvchi tomonidan yaratiladi. Inson shu ma’lumotni ulashish jarayonida faol ishtirok etadi.
Foydalanuvchi omili
Internetda tarqalayotgan mahsulotning sifatini belgilovchi asosiy ob’ekt –foydalanuvchi. Har kim o‘z qarashini erkin bildira oladigan ushbu platforma insonlarga turlicha ta’sir etishi mumkin. Afsuski, foydalanuvchilar orasida g‘arazli maqsad ko‘zlaydiganlari ham mavjud va bu holatning bir necha sababi bor:
1. Anonimlik: Internetdagi sirlilik hissi kontent muallifi mas’uliyatini kamaytiradi. Shu bois odam ko‘pincha o‘z fikrini keskin, ba’zan tajovuzkorona ifodalashi mumkin, chunki u oqibatdan qo‘rqmaydi.
2. Trollik – boshqalarga zarar yetkazish maqsadida qilingan hatti-harakat hozir internetda keng tarqalgan fenomen hisoblanadi. Tabiiyki, bu jarayon ijtimoiy tarmoq xolisligini cheklaydi, madaniy muhitni buzadi.
3. Yaroqsiz ma’lumot: Tarqatilayotgan noto‘g‘ri axborot foydalanuvchida nohaqlik hissini paydo qiladi. Bu insonlarning bilimi, siyosiy qarashiga salbiy ta’sir ko‘rsatadi.
Salbiy ta’sir
Internetdagi mavjud salbiy sa’y-harakat natijasida quyidagi muammolar yuzaga kelmoqda:
– Kiberbulling. Yosh avlod orasida inson ruhiyatiga ziyon yetkazishi ehtimoli bor kiberbulling – internet orqali haqoratlash keng tarqalgan.
– Ma’naviy inqiroz. Keraksiz kontent haddan ziyod ko‘payishi insoniyatni ma’naviy inqirozga yetaklashi mumkin.
– Ijtimoiy ixota: Internet tufayli odamlarning bir-biri bilan muloqoti kamayib borayotgani kuzatilmoqda. Bu holat ijtimoiy yakkalanishni kuchaytiradi. Natijada jamoaviy ruh, xalqona qarash yo‘qoladi.
Shunday qilib, “Internetda madaniyat yo‘qmi yoki foydalanuvchining o‘zidami?” degan savolga javob berishda turli jihatlarni inobatga olish zarur. Internet o‘z-o‘zidan muayyan muhit sifatida madaniyatni shakllantirmaydi. Demak, bu muammo har tomonlama foydalanuvchiga bog‘liq. Veb-sahifada kezib yurgan shaxs o‘z hatti-harakati bilan axloqiy qadriyatga amal qilmasligi natijasida sifatsiz kontent ko‘paymoqda. Ayni holatni yaxshilash uchun hammamiz “mas’uliyatli foydalanuvchi”ga aylanishimiz shart. Ya’ni, to‘g‘ri ma’lumot tarqatish, boshqalarga hurmat bilan munosabatda bo‘lish, ijtimoiy tarmoqda ijobiy muhit yaratishga hissa qo‘shish orqali asl madaniy maydon yaratishimiz mumkin.
Musulmon Ziyo, O‘zA