Internet rivoji bo‘yicha parlament so‘rovi yuborildi
Parlament quyi palatasi majlisida raqamli texnologiyalar vaziri Sh.Shermatovga «Raqamli O‘zbekiston — 2030» strategiyasining 2026-yilga mo‘ljallangan ayrim maqsadli ko‘rsatkichlariga erishish bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlar to‘g‘risida» parlament so‘rovini yuborish haqidagi masala ko‘rib chiqildi.
Ta’kidlanganidek, bugungi kunda raqamli iqtisodiyotni rivojlantirish, zamonaviy telekommunikatsiya infratuzilmasini shakllantirish, aholi va ijtimoiy soha ob’ektlarini yuqori tezlikdagi internet aloqasi bilan qamrab olish hamda raqamli xizmatlardan foydalanish imkoniyatlarini kengaytirish borasida keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilmoqda.
Yangi tahrirdagi Konstitutsiyaning 33-moddasida davlat Internet jahon axborot tarmog‘idan foydalanishni ta’minlash uchun shart-sharoitlar yaratishi belgilab qo‘yilgan. Shu bois, internet infratuzilmasini izchil rivojlantirish, aholi punktlarini sifatli va yuqori tezlikdagi internet bilan qamrab olish, internet xizmatlarining barqarorligi va sifatini ta’minlash dolzarb vazifalardan hisoblanadi.
«Raqamli O‘zbekiston — 2030» strategiyasining 2026-yil uchun belgilangan maqsadli ko‘rsatkichlari qatorida xalqaro ahamiyatga ega avtomagistral yo‘llarda mobil internet bilan qamrov darajasini 96 foizga, aholi punktlarining optik tolali aloqa liniyalari bilan qamrovini 98,2 foizga, xalqaro internetga ulanish tezligini esa 4 500 Gbit/sga yetkazish nazarda tutilgan. O‘zbekistonda internet infratuzilmasini kengaytirish bo‘yicha so‘nggi yillarda salmoqli ishlar amalga oshirildi.
Xususan, xalqaro internetga chiqish shlyuzlarining umumiy o‘tkazuvchanlik quvvati 2017-yildagi 94 Gbit/sdan - 2025-yilda 4 400 Gbit/sga yetkazildi. Bu esa raqamli infratuzilmaning texnik imkoniyatlari sezilarli darajada kengayganini ko‘rsatadi. Shu bilan birga, infratuzilmani rivojlantirish bilan bir qatorda, aholi uchun internet xizmatlarining sifati va qamrovini kengaytirish juda muhim.
Ayniqsa, chekka hududlar, ijtimoiy ob’ektlar va transport yo‘nalishlarini tezkor va barqaror internet bilan ta’minlashga alohida e’tibor qaratish zarur. Majlisda yuqoridagilardan kelib chiqib, hududlar va ijtimoiy ob’ektlarni yuqori tezlikdagi internet, aholi punktlarini keng polosali mobil aloqa tarmog‘i bilan qamrab olish, xalqaro ahamiyatga ega avtomagistral yo‘llarni mobil internet bilan ta’minlash, aholi punktlarining optik tolali aloqa liniyalari bilan qamrovini oshirish, «Raqamli O‘zbekiston — 2030» strategiyasining 2026-yilga belgilangan maqsadli ko‘rsatkichlariga erishish bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlar yuzasidan asoslantirilgan tushuntirishlar berish haqida Raqamli texnologiyalar vaziriga parlament so‘rovi yuborildi.
O‘zA