Intellektual faoliyat natijalari bo‘yicha hududlar va respublika miqyosida tanlovlar tashkil etiladi
O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi “Intellektual faoliyat natijalarini rag‘batlantirishning qo‘shimcha chora-tadbirlari to‘g‘risida” qaror qabul qildi.
Unga muvofiq:
oliy ta’lim tashkilotlari va yoshlar texnoparklarida tashkil etiladigan texnologiyalar va innovatsiyalarni qo‘llab-quvvatlash markazlari oliy ta’lim tashkilotlari va yoshlar texnoparklarining mavjud shtat birliklari doirasida, ularning yuridik shaxs bo‘lmagan tarkibiy bo‘linmasi sifatida tashkil etiladi;
markazlar jismoniy va yuridik shaxslarga ixtirolar va foydali modellarga huquqiy himoya yorlig‘ini olishda amaliy yordam ko‘rsatadi, shuningdek, huquqiy muhofaza olgan intellektual mulk ob’ektlarini tijoratlashtirish, xalqaro bozorlarda texnologiyalar transferini amalga oshirishga ko‘maklashadi;
markaz xodimlarining tarkibi oliy ta’lim tashkilotlari va yoshlar texnoparklarining intellektual mulk sohasida maxsus ta’lim olgan va tajribaga ega xodimlari hisobidan shakllantiriladi;
intellektual faoliyat natijalari bo‘yicha intellektual mulk huquqini olgan jismoniy shaxslar o‘rtasida hududlar va respublika miqyosida tanlovlar tashkil etiladi hamda g‘olib deb topilgan ishtirokchilar rag‘batlantiriladi.
Qaror bilan:
Texnologiyalar va innovatsiyalarni qo‘llab-quvvatlash markazlari tashkil etiladigan oliy ta’lim tashkilotlari va yoshlar texnoparklari ro‘yxati;
Oliy ta’lim tashkilotlari va yoshlar texnoparklarida tashkil etiladigan texnologiyalar va innovatsiyalarni qo‘llab-quvvatlash markazlari to‘g‘risidagi namunaviy nizom;
Intellektual faoliyat bo‘yicha tanlovlarni o‘tkazish tartibi to‘g‘risidagi nizom tasdiqlandi.
Qarorga ko‘ra, har yili intellektual faoliyat bo‘yicha tanlovlar o‘tkaziladi.
Tanlov g‘oliblari Ilm-fanni moliyalashtirish va innovatsiyalarni qo‘llab-quvvatlash jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan taqdirlanadi.
Ma’lumot o‘rnida, oldinroq O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 27-noyabrdagi PQ-358-son qaroriga muvofiq: tadqiqot natijalarini patentlash, ishlab chiqarish jarayonlariga tatbiq etish hamda tijoratlashtirishga ko‘maklashuvchi texnologiyalar va innovatsiyalarni qo‘llab-quvvatlash markazlarini oliy ta’lim tashkilotlari va yoshlar texnoparklarida tashkil etish;
har yili “Eng yaxshi ixtiro”, “Eng yaxshi foydali model”, “Eng yaxshi sanoat namunasi”, “Eng yaxshi EHM uchun dastur va ma’lumotlar bazasi” va “Eng yaxshi seleksiya yutug‘i” nominatsiyalari bo‘yicha respublika tanlovi o‘tkazib borilishi belgilangan edi.
O‘zA