Institutsional hamkorlik – xalqaro munosabatlarning muhim bo‘g‘ini
Prezidentimizning Oliy Majlisga murojaatnomasida mamlakatimiz tashqi siyosatining eng ustuvor yo‘nalishlariga va galdagi vazifalarga alohida to‘xtalib o‘tildi.
Unda Yangi O‘zbekistonning ochiq, pragmatik va konstruktiv tashqi siyosat olib borishga sodiqligi yana bir bor bayon etilib, bu sohadagi ustuvor yo‘nalishlar qatorida nufuzli xalqaro va mintaqaviy tashkilotlar bilan o‘zaro hamkorlikni rivojlantirish dolzarb masala sifatida belgilab berildi.
Zero, pandemiya sharoitida nafaqat ikki, balki ko‘p tomonlama institutsional hamkorlikni faollashtirish nihoyatda dolzarb ekanligini hayotning o‘zi tasdiqlamoqda.
Ma’lumki, institutsional hamkorlik zamonaviy xalqaro munosabatlar tizimining muhim va ajralmas qismidir. XXI asrda xalqaro va mintaqaviy tashkilotlarning nufuzi va salohiyati yanada yuksalib, ularning jahon siyosatiga ta’sir kuchi ham ortib bormoqda.
Misol uchun, pandemiya paytida Jahon sog‘liqni saqlash tashkilotining roli keskin ortib ketdi. Yoki koronavirus keng tarqalgani sababli iqtisodiy jihatdan og‘ir ahvolda qolgan davlatlarga moliyaviy ko‘mak ko‘rsatayotgan global moliya tashkilotlarning o‘rnini hech narsa bilan qiyoslab bo‘lmaydi.
Shu nuqtai-nazardan, mazkur masalaga Murojaatnomada ustuvor yo‘nalish sifatida e’tibor berilishi O‘zbekiston rahbariyatining dunyodagi shiddatli jarayonlarga to‘g‘ri va oqilona baho berayotganidan hamda mamlakatimizning xalqaro nufuzining yuksaltirishga bo‘lgan qat’iy siyosiy irodasidan dalolat beradi.
Institutsional hamkorlik xalqaro maydonda O‘zbekistonning milliy manfaatlarini ishonchli himoya qilish va jadal ilgari surish, uning ochiq va do‘stona hamkor sifatidagi ijobiy imijini qaror toptirishda muhim omil sanaladi.
Ta’kidlash joizki, so‘nggi yillarda davlatimizning bir qator mintaqaviy va xalqaro tashkilotlar bilan aloqalari izchil tarzda rivojlanib bormoqda. Bunga Birlashgan millatlar tashkiloti, uning ko‘p sonli ixtisoslashgan tuzilmalari, Mustaqil davlatlar hamdo‘stligi, Shanxay hamkorlik tashkiloti, Turkiy kengash, Yevroosiyo iqtisodiy ittifoqi, Islom hamkorlik tashkiloti kabi ko‘plab tashkilotlarni misol qilib ko‘rsatish mumkin.
O‘z navbatida, yetakchi ekspert va tahlilchilar O‘zbekistonning ochiqlik va shaffoflik, yaqin qo‘shnichilik, barcha davlatlar bilan do‘stlik va o‘zaro manfaatli hamkorlik munosabatlarini olib borish tamoyillariga sodiqligini e’tirof etib, rasmiy Toshkentning yangicha yondashuvlari bilan butun Markaziy Osiyo mintaqasida mutlaqo yangi siyosiy muhit qaror toptirganini bir ovozdan tan olmoqdalar.
Bir paytlar inson huquqlari borasida qator ro‘yxatlardan joy olgan mamlakatimiz endilikda bunday huquqlarni ta’minlash asosiy faoliyati bo‘lgan BMTning nufuzli kengashlaridan munosib o‘rin egallamoqda.
Ayni paytda O‘zbekistonning xalqaro parlamentlararo tashkilotlar bilan ham aloqalari yangi bosqichga ko‘tarilayotganiga guvoh bo‘lmoqdamiz. Qisqa fursat ichida O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi milliy parlamentlarning nufuzli xalqaro tashkiloti hisoblangan Parlamentlararo Ittifoqqa a’zoligini qayta tikladi. Tiklabgina qolmay, hatto uning raisligiga o‘z vakilini ilgari surdi.
Parlamentlararo muloqotlarning faollashayotgani sohada mavjud muammolarni ochiq muhokama qilishda bevosita ishtirok etish, qonun ijodkorligi, vakillik hamda parlament diplomatiyasi kabi yo‘nalishlarda ilg‘or xorijiy tajribani o‘rganish va o‘zlashtirish, demokratik qadriyatlar va inson huquqlarini qaror toptirishga yaxshi zamin yaratadi.
Bundan tashqari, Oliy Majlisning YeXHT Parlament Assambleyasiga a’zoligining qayta tiklanishi, MDH Parlamentlararo Assambleyasi ishida to‘laqonli ishtirok etishi parlamentlararo aloqalar jo‘g‘rofiyasi va ko‘lamiga yaxshi ijobiy ta’sir ko‘rsatdi.
Natijada parlament diplomatiyasining ikki va ko‘p tomonlama institutsional aloqalarni rivojlantirish, mamlakatimizda olib borilayotgan islohotlarning mazmun-mohiyatini xorijiy sheriklarga xolisona yetkazishda, davlatimizning u yoki bu masalaga bo‘lgan pozitsiyasi va xalqaro tashabbuslarini xalqaro hamjamiyat diqqatiga havola etishda ta’siri tobora o‘smoqda.
Zero, xalqaro va mintaqaviy tuzilmalar bilan uzoq muddatli va ko‘p qirrali aloqalarni rivojlantirish mamlakatimizning tub manfaatlarini mujassam etadi.
Otabek NAYIMOV,
siyosiy fanlar bo‘yicha falsafa doktori