Institutning 36 nafar talabasi ishga joylashdi
Andijonda oliy o‘quv yurtlari bitiruvchi talabalari bandligini ta’minlash maqsadida umumta’lim maktablari rahbarlari hamda bitiruvchi talabalar ishtirokida uchrashuv va muloqotlar bo‘lib o‘tmoqda.
Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan mamlakatimizda oliy ta’lim muassasalari bitiruvchi talabalari bandligini ta’minlash bo‘yicha keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilmoqda. Jumladan, Andijon davlat pedagogika institutida ham bu borada e’tiborga molik ishlar olib borilmoqda.
– Joriy o‘quv yilida institutimizni 1 ming 507 nafar talaba bitiradi, – deydi Andijon davlat pedagogika instituti rektori, professor Baxtiyorjon Rasulov. – Ularning bandligini ta’minlash bo‘yicha chora-tadbirlar belgilanib, amaliy ishlar olib borilmoqda.
Umumta’lim maktablari bilan hamkorlik doirasida oktyabr oyining ikkinchi o‘n kunligida viloyatdagi aksariyat umumta’lim maktablari direktorlari institutga kelib, bitiruvchi talabalar bilan uchrashuv va suhbatlar o‘tkazdi.
[gallery-19946]
Ana shu uchrashuvlar davomida 204 nafar bitiruvchi talaba oldindan ishga joylashganligi ma’lum bo‘ldi, 105 nafar talaba ishga joylashish uchun direktorlardan takliflar oldi.
Institutning 768 nafar talabasi esa 4+2 amaliyoti orqali ish tajribasini oshirishi, klassifikatordan so‘ng ishga qabul qilinishi belgilandi.
Bitiruvchi talabalar hamda Andijon shahridagi umumta’lim maktablari direktorlari ishtirokida o‘tkazilgan navbatdagi uchrashuvda talabalar maktablar faoliyati, mavjud mutaxassisliklar, bo‘sh ish o‘rinlari haqida ma’lumotlar hamda o‘zlarini qiziqtirgan savollarga javob oldi.
Uchrashuv yakunida institutning 36 nafar talabasi Andijon shahridagi turli maktablarda ishlash uchun yo‘llanma oldi.
– Men uchrashuvda Andijon shahridagi 20-umumta’lim maktabiga huquq fanidan o‘qituvchi bo‘lib ishga qabul qilindim, – deydi Andijon davlat pedagogika instituti Milliy g‘oya, ma’naviyat asoslari va huquq ta’limi yo‘nalishi talabasi Mahliyo Mamadaliyeva. – Ochig‘i, katta tashvishdan qutuldim, o‘qishni tamomlab qayerga ishga boraman, deb o‘ylanib yurgan edim. Mana endi ish joyim tayin bo‘ldi. O‘qishni tamomlab, astoydil ish boshlayman.
F. Ubaydullayev,
Z. Umrzoqov (surat), O‘zA muxbirlari.