Institutda yangi o‘quv bino va markazlar ochildi
Yurtimizda oliy ta’lim tizimini tubdan isloh qilish borasida ko‘rsatilayotgan g‘amxo‘rlik ifodasi hamda Vatanimiz mustaqilligining o‘ttiz besh yilligi munosabati bilan Namangan davlat pedagogika institutida zamonaviy talablar asosida yangilangan sakkiz o‘quv binosi, registrator ofisi va innovatsiyalar markazi ochildi.
Tantanali tadbirda Namangan viloyati hokimi, Oliy Majlis Senati a’zosi Shavkat Abdurazzoqov, institut rektori Bahodir Husanov yig‘ilganlarni istiqlol ayyomi bilan tabriklab, Yangi O‘zbekistonda ta’lim sohasi, xususan, pedagog kadrlar tayyorlash tizimini rivojlantirish, yoshlar uchun zamonaviy va munosib ta’lim muhitini yaratish borasida amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlar o‘z samarasini berayotganligini ta’kidladi.
Shundan so‘ng, faxriylar ishtirokida ramziy tasma kesilib, yangi ta’lim maskanlari rasman foydalanishga topshirildi. Mehmonlar institutda yaratilgan yangi infratuzilma va sifatli ta’lim imkoniyatlari bilan yaqindan tanishdi.

Dastavval, zamonaviy talablar asosida yangilangan o‘quv binosi, shuningdek, talabalarga xizmat ko‘rsatish jarayonlarini qulay tashkil etishga mo‘ljallangan registrator ofisi hamda yangi g‘oya va tashabbuslarni qo‘llab-quvvatlashga xizmat qiluvchi innovatsiyalar markazi ko‘zdan kechirildi.
Registrator ofisida talabalarga sifatli xizmat ko‘rsatish, o‘quv jarayoni bilan bog‘liq murojaatlarni tezkor hal etish, hujjatlar hamda akademik jarayonlarni raqamlashtirish uchun yaratilgan imkoniyatlar namoyish etildi.

Innovatsiyalar markazida esa talaba-yoshlar va professor-o‘qituvchilarning innovatsion g‘oyalari, ilmiy ishlanmalari va istiqbolli loyihalarini qo‘llab-quvvatlash, yangi tashabbuslarni amaliyotga tatbiq etish uchun yaratilgan zamonaviy infratuzilma bilan tanishildi.

“Maktabgacha, boshlang‘ich va pedagogika oliy maktabi” binosining tantanali ochilishidan keyin, institutda yaratilgan zamonaviy ta’lim va innovatsion imkoniyatlar bilan yaqindan tanildi. Unda mavjud imkoniyatlardan samarali foydalanish, innovatsion ta’lim texnologiyalarini o‘quv jarayoniga keng tatbiq etish, ilmiy faoliyatni yanada rivojlantirish hamda yoshlarning intellektual va ijodiy salohiyatini qo‘llab-quvvatlash masalalariga alohida e’tibor qaratildi.

Xususan, innovatsion “STEAM” laboratoriyasi faoliyati ko‘zdan kechirildi. Unda talabalarning nazariy bilimlarini amaliy mashg‘ulotlar bilan uyg‘unlashtirish, zamonaviy texnologiyalar asosida tajriba va loyihalarni amalga oshirish uchun barcha imkoniyatlar taxt qilingan.

Shuningdek, “Maktabgacha ta’lim: tajriba-sinov maydoni” hamda “Bolani rivojlantiruvchi texnologiyalar markazi”da bo‘lajak pedagoglarning kasbiy va amaliy ko‘nikmalarini rivojlantirish, bolalar bilan ishlashning zamonaviy metodlarini o‘rgatish uchun yaratilgan sharoitlarga yuqori baho berildi.

Qolaversa, “Yaponiya ta’lim markazi” faoliyatini ko‘zdan kechirish chog‘ida, xorijiy tajribalarni o‘rganish va ilg‘or yondashuvlarni ta’lim jarayoniga tatbiq etish borasida olib borilayotgan ishlar kutilgan natijasini berish uchun astoydil intilish lozimligi qayd qilindi.

Bundan tashqari, institutda tashkil etilgan O‘zbekiston Xalq shoiri Habib Sa’dulla nomidagi badiiy tafakkur maskani, “Ma’rifat bog‘i”, “Mutolaa maskani”, ilmiy ishlanmalar ko‘rgazmasi va media markaz faoliyati ham tahsinga sazovor.

Tadbir yakunida ishtirokchilarga mustaqillik bayramiga bag‘ishlab nashr etilgan, institutning 2022-2026-yillardagi faoliyati va muhim tarixiy voqealarini o‘zida mujassam etgan “Solnoma” kitobi taqdim etildi. Oliygohning yangi foydalanishga topshirilgan binosida amalga oshirilgan bunyodkorlik ishlari, uning avvalgi va bugungi qiyofasini aks ettiruvchi videorolik namoyish qilindi.

Namangan davlat pedagogika instituti uchun barpo etilgan bunday maskanlar ta’lim, ilm-fan va innovatsiyalarni yangi bosqichga olib chiqish, bo‘lajak pedagoglar uchun munosib va qulay ta’lim muhitini shakllantirishga xizmat qiladi.
Oqilxon Dadaboyev, O‘zA.