Institutda “Bahor malikasi” tanlovi
Navro‘z umumxalq bayrami oldidan Andijon davlat pedagogika institutining Axborot-resurs markazi tashabbusi bilan talaba-qizlar o‘rtasida “Bahor malikasi” ko‘rik-tanlov bo‘lib o‘tdi. Tanlovda oliygohning beshta fakultetidan iqtidorli, faol va tashabbuskor talaba-qizlar ishtirok etdi.
Tadbir ochilishida so‘z olgan institut rektorining xotin-qizlar masalalari bo‘yicha maslahatchisi Guldona G‘aniyeva va boshqalar barchani Navro‘zi olam bilan muborakbod etib, yurtimizda, xususan, institutda talaba qizlarning tashabbus va intilishlarini qo‘llab-quvvatlash, iqtidor va salohiyatlarini yuzaga chiqarish uchun barcha sharoitlar yaratib berilayotganligini ta’kidladi.


– Tanlovning asosiy maqsadi, talaba-qizlarning intellektual salohiyati, ijodiy qobiliyati, nutq madaniyati hamda sahna mahoratini rivojlantirishga ko‘maklashishdir. Shuningdek, ularda milliy qadriyatlarga hurmat va ehtirom tuyg‘ularini yanada mustahkamlashdan iborat. Bellashuvda ishtirokchilar “tanishtiruv”, “she’r o‘qish”, “savol-javob” shartlari hamda ijodiy chiqishlar orqali o‘zlarining iste’dod va mahoratlarini namoyish etdi. Ularning chiqishlari nufuzli hakamlar hay’ati tomonidan baholab borildi, – deydi Guldona G‘aniyeva.
Tanlovning yakuniy natijalariga ko‘ra, filologiya fakulteti o‘zbek tili va adabiyoti yo‘nalishi talabasi Ziroatxon Murodilova birinchi o‘ringa sazovor bo‘ldi.


Ikkinchi o‘rin Aniq va tabiiy fanlar fakulteti biologiya yo‘nalishi talabasi Muazzamxon Pozilova, uchinchi o‘rin esa Ijtimoiy va amaliy fanlar fakulteti tarix yo‘nalishi talabasi Guljahon Yursinovaga nasib etdi.
Ko‘rik-tanlov g‘olib va sovrindorlari institut rahbariyati tomonidan tashakkurnoma hamda esdalik sovg‘alari bilan taqdirlandi.
F.Ubaydullayev,
Z.Umrzoqov, (foto),
O‘zA.