“Inson uchun – 2026”: inklyuziv bandlik va tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlayotgan maydon
Yurtimizda nogironligi bo‘lgan shaxslarni ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash, ularning jamiyatda munosib o‘rin egallashi va mehnat bozorida faol ishtirokini ta’minlash davlat siyosatining muhim yo‘nalishlaridan biriga aylanmoqda. Bu borada amalga oshirilayotgan sa’y-harakatlar nafaqat ijtimoiy himoya tizimini mustahkamlash, balki inklyuziv muhitni shakllantirishga ham xizmat qilmoqda.
Ana shu ezgu maqsadlar yo‘lida Ijtimoiy himoya milliy agentligi tashabbusi bilan o‘tkazilgan “Inson uchun – 2026” III an’anaviy festivali doirasida mamlakatimizning barcha hududlarini qamrab olgan keng ko‘lamli savdo ko‘rgazmasi tashkil etildi. Mazkur tadbir nogironligi bo‘lgan shaxslar bandligini ta’minlash, ularning tadbirkorlik va hunarmandchilik sohasidagi imkoniyatlarini kengaytirish, shuningdek, ish beruvchilar bilan o‘zaro hamkorlikni kuchaytirishga qaratilgani bilan ahamiyatli bo‘ldi.

Ko‘rgazmada “Yagona reyestr”ga kiritilgan, nogironligi bo‘lgan fuqarolarni ish bilan ta’minlashda faol ishtirok etayotgan 130 ta tadbirkorlik sub’ekti hamda 20 nafar hunarmand ishtirok etdi. Ular tomonidan tayyorlangan qariyb ikki ming turdagi milliy mahsulotlar mehmonlar e’tiboriga havola qilindi. Ekspozitsiyadan joy olgan mahsulotlar nafaqat o‘zining sifati va milliyligi, balki mehnat orqali inson qadrini ulug‘lash g‘oyasini targ‘ib qilayotgani bilan ham ajralib turdi.

Festivalda Buxoro viloyati tadbirkorlari ham munosib ishtirok etdi. Viloyatdan qatnashgan 10 ta korxona o‘z mahsulotlari bilan mehmonlar va hamkorlarda katta qiziqish uyg‘otdi. Ayniqsa, mahalliy ishlab chiqaruvchilar tomonidan tayyorlangan trikotaj va tikuvchilik mahsulotlari, zamonaviy mebel jihozlari hamda turli kanselyariya mahsulotlari yuqori baholandi. Bu esa buxorolik tadbirkorlarning ichki bozorda raqobatbardosh mahsulot ishlab chiqarish salohiyati tobora ortib borayotganini ko‘rsatdi.

Ko‘rgazmada faol qatnashgan korxonalardan biri “BUKHARA HAMD PRINT” ishlab chiqarish korxonasi bo‘ldi. Korxona rahbari Xurshid Ahrorovning aytishicha, ular nafaqat kitob nashr etish, balki ijtimoiy mas’uliyatni his etgan holda nogironligi bo‘lgan shaxslarni ish bilan ta’minlashga ham alohida e’tibor qaratib kelmoqda.
–Bugungi kunda korxonamizda 10 nafar xodim mehnat qiladi. Ularning to‘rt nafari nogironligi bo‘lgan shaxslardir. Biz ular uchun qulay va xavfsiz mehnat sharoitini yaratishni o‘z oldimizga maqsad qilib qo‘yganmiz.
Chunki har bir inson o‘z salohiyatini namoyon etishi va jamiyatda munosib o‘rin egallashi uchun imkoniyatga ega bo‘lishi kerak. Bunday festivallar esa tadbirkorlar uchun yangi hamkorlar topish, mahsulotlarni keng targ‘ib qilish va, eng muhimi, inklyuziv jamiyat g‘oyasini ommalashtirishda muhim ahamiyat kasb etadi, –deydi tadbirkor Xurshid Ahrorov.

Uning ta’kidlashicha, korxonada mehnat qilayotgan xodimlar uchun doimiy ravishda malaka oshirish va zamonaviy texnologiyalardan foydalanish imkoniyatlari ham yaratilmoqda. Bu esa nogironligi bo‘lgan shaxslarning mehnat bozorida raqobatbardoshligini oshirishga xizmat qilmoqda.
Festival doirasida o‘tkazilgan biznes muloqotlari va hamkorlik uchrashuvlari ham amaliy natijalar bilan yakunlandi. Ijtimoiy himoya milliy agentligi Buxoro viloyati boshqarmasi shu’ba mudiri Bekzod Akramovning ma’lum qilishicha, tadbir davomida buxorolik tadbirkorlar tomonidan umumiy qiymati 611 million so‘mlik 28 ta shartnoma imzolangan.
–Bu natijalar tadbirkorlarimiz uchun yangi bozorlar ochilishi, mahsulotlar eksporti va hamkorlik aloqalarining kengayishiga zamin yaratadi. Eng muhimi, festival nogironligi bo‘lgan shaxslarni ish bilan ta’minlash va ularni tadbirkorlikka keng jalb qilishda muhim amaliy platformaga aylanmoqda, — deydi Bekzod Akramov.
Darhaqiqat, “Inson uchun – 2026” festivali nafaqat ijtimoiy tadbir, balki inson qadrini ulug‘lash, mehnat orqali hayotda o‘z o‘rnini topayotgan insonlarni qo‘llab-quvvatlash va inklyuziv jamiyatni shakllantirishga xizmat qilayotgan muhim maydon sifatida ahamiyat kasb etdi. Bunday tashabbuslar jamiyatda mehr-oqibat, teng imkoniyat va ijtimoiy adolat tamoyillarini yanada mustahkamlashga xizmat qilishi shubhasiz.
Zarif Komilov, O‘zA muxbiri