Inson taqdiri va hayotiga daxldor o‘zgarish
Ayni kunlarda barchamiz “O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasiga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida" gi konstitutsiyaviy qonun loyihasining umumxalq muhokamasiga guvoh bo‘lyapmiz.
bugungi kunda amaldagi Bosh qomusni davr talablari darajasiga olib chiqish zarurati tug‘ilganligini, jahon siyosiy maydonida ro‘y berayotgan bugungi ijobiy va salbiy o‘zgarishlar, aynan shunday yo‘l tutishimiz kerakligini Yurtboshimiz joriy yilning 20 iyun kuni Konstitutsiyaviy komissiya a’zolari ishtirokida o‘tkazilgan yig‘ilishda ham alohida ta’kidlab o‘tdi. Darhaqiqat, hayotimizning bundan keyingi farovonlashuvi ushbu muhim hujjatning har tomonlama pishiq-puxta ishlab chiqilishiga ko‘p jihatdan bog‘liq.
Konstitutsiyaviy qonun loyihasidagi Asosiy qonunimizning 24-moddasiga taklif qilinayotgan o‘zgartish diqqatimni tortdi. Sababi so‘nggi paytlarda 2008 yilda bekor qilingan o‘lim jazosini tiklash g‘oyasi ayrim fuqarolarimiz tomonidan ilgari surilayotganligini, bu fikr ayniqsa, ijtimoiy tarmoqlar orqali bot bot tilga olinishining guvohi bo‘lyapmiz.
1992 yilda qabul qilingan Konstitutsiyaviy qonunda “Yashash huquqi har bir insonning uzviy huquqidir. Inson hayotiga suiqasd qilish eng og‘ir jinoyatdir”, – deb keltirilgan. Insonga yashash huquqi Alloh Taolo tomonidan berilgan bo‘lib, undan mahrum qilish eng og‘ir gunoh sanaladi. Qolaversa, dunyo mamlakatlari tajribasiga qiyosiy huquqshunoslik nuqtai nazaridan qaralganda ham jazoning og‘irligi yoki o‘lim jazosining mavjudligi jinoyatlarning kamayishiga bog‘liq emasligini ko‘rsatdi.
Konstitutsiyaning mazkur moddasini “Yashash huquqi har bir insonning ajralmas huquqi bo‘lib, qonun bilan muhofaza qilinadi. Inson hayotiga suiqasd qilish eng og‘ir jinoyatdir. O‘zbekiston Respublikasida o‘lim jazosi taqiqlanadi” – deb o‘zgartirish kiritilishi yashash huquqi insonning ajralmas huquqi sifatida tan olinishga asos bo‘lib, mamlakatimizda o‘lim jazosini belgilash va tayinlashni keskin taqiqlaydi. Bu bilan davlatimiz bu o‘ta jiddiy masalada hech qachon ortga qaytmasligini, gumanizm g‘oyalariga sodiq ekanligini butun dunyoga yaqqol namoyon qiladi.
Mazkur o‘zgarishning Konstitutsiyaviy qonun darajasiga ko‘tarilishi bilan ma’naviyat, axloqiy tarbiya, jinoyatchilikning oldini olishga barchaning daxldorlik hissini oshiradi, har bir jamiyat a’zosining atrofida yashayotgan tartibsizlik sodir qilayotgan, huquqbuzarlik ko‘chasiga kirayotgan odamlarga nisbatan befarq bo‘lishining oldini oladi. Chunki og‘ir jinoyat sodir etgan kishi bir umrga yoki uzoq muddatga ozodlikdan mahrum etilar ekan, bunday taqdirni hech kim birovga ravo ko‘rmaydi, demak jinoyatchilik va huquqbuzarliklar oldi olinishi uchun jamoatchilik nazorati o‘rnatiladi, jamoaviy ravishda zaruriy choralar qo‘llaniladi.
Qolaversa, mamlakatimizda olib borilayotgan islohotlar, amalga oshirilayotgan barcha sa’y-harakatlar, inson qadrini yuksaltirishga qaratilgan ekan, Bosh qomusimizga kiritilayotgan ushbu o‘zgartirishning negizida O‘zbekistonda kechayotgan islohotlar mohiyatini belgilovchi “Inson qadri uchun” ulug‘vor g‘oyasi yotganligini ko‘rishimiz mumkin.
Marhabo Pardayeva,
Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi
Buxoro viloyati bo‘limi rahbari
O‘zA