Inson qadriyatlari va huquqlarini ta’minlashdagi islohotlar
Mamlakatimiz mustaqilligining 35 yillik bayrami munosabati bilan “Adolat” SDP fraksiyasi, parlament quyi palatasining Korrupsiyaga qarshi kurashish va sud-huquq masalalari qo‘mitasi hamda O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi hamkorligida davra suhbati tashkil etildi.
“Yangi O‘zbekiston – insonparvar demokratik davlat: insonning oliy qadriyatlari, ayollar va bolalar huquqlarini ishonchli ta’minlash masalalari sud-huquq sohasidagi islohotlarning asosi” mavzusida tashkil etilgan muloqotda mustaqillik yillarida sud-huquq tizimida bosib o‘tilgan tarixiy yo‘l haqida so‘z bordi. Inson, xususan, ayollar va bolalar huquqlarini himoya qilishdagi yutuqlar, bu borada parlament va sud hokimiyati o‘rtasidagi hamkorlikni yangi bosqichga olib chiqish masalalari muhokama qilindi.
Tadbirda istiqlol yurtimizda erkin va adolatli huquqiy davlat barpo etishning mustahkam poydevori bo‘lgani, bugungi kunda sud tizimi mustaqilligini kuchaytirish va odil sudlov sifatini oshirish ustuvor davlat siyosati darajasiga ko‘tarilgani alohida e’tirof etildi.

Muhokamalar jarayonida “Adolat” SDP fraksiyasi a’zosi Zuhriddin Mavlonov konstitutsiyaviy islohotlarning ahamiyati, inson qadrini ulug‘lashga qaratilgan qonunchilik tashabbuslari va bu jarayondagi parlament nazoratiga atroflicha to‘xtaldi.
Shuningdek, ayollar va bolalar huquqlarini sud orqali ishonchli himoya qilish, mazkur yo‘nalishdagi xalqaro standartlarni milliy amaliyotga tatbiq etish va huquqiy mexanizmlarni yanada takomillashtirish masalalari tahlil qilindi.
M.Komilova, O‘zA