Inson qadrini ulug‘lash yo‘lidagi navbatdagi qadam
Davlatimiz rahbari Shavkat Mirziyoyevning Oliy Majlis va O‘zbekiston xalqiga yo‘llagan Murojaatnomasini keng jamoatchilik juda katta qiziqish va xayrixohlik bilan kutib oldi. Ommaviy axborot vositalari orqali kuzatib borayotganimizdek, har kuni davlat va jamoat tashkilotlarida, ma’rifat va ma’naviyat maskanlarida, o‘quv yurtlarida, mahallalarda Murojaatnomada ilgari surilgan muhim g‘oya va tashabbuslar, undan kelib chiqadigan vazifalar atroflicha muhokama qilinmoqda. Ahamiyatlisi Murojaatnomada bugun o‘z yechimini kutayotgan dolzarb muammolar qatorida sud-huquq tizimida odil sudlovni ta’minlash masalalariga ham e’tibor qaratildi.
Faoliyatimdan kelib chiqib aytadigan bo‘lsam, Murojaatnomada advokatlarni elektron tanlash tizimini tezroq ishga tushirish zarurligi ta’kidlandi. Boisi, mazkur masala bugungi kunda tizimdagi eng og‘riqli nuqtalardan biridir. Oddiyroq aytadigan bo‘lsam, hammaning ham malakali yuridik yordam olish uchun advokat yollashga moliyaviy jihatdan imkoniyati yo‘q. Davlatimiz esa shunday toifadagi shaxslarga bepul yuridik yordam beradi. Lekin, amaliyotda aksariyat holatlarda, surishtiruvchi yoki tergovchi bepul yuridik yordam olishga ehtiyoji bor shaxslarga o‘ziga ma’qul bo‘lgan yoki unga “xalaqit” bermaydigan advokatlarni jalb etadi. Amaldagi tartibga ko‘ra, davlat hisobidan advokat jalb etishda inson omili mavjud edi. Bepul yuridik yordam ko‘rsatadigan advokatlarni jalb etishning shaffof mexanizmi joriy etilmagani “cho‘ntak advokatlari”, korrupsiyaviy holatlar va byudjet mablag‘larining maqsadsiz sarflanishiga sabab bo‘layotgani juda achinarli. Ayniqsa, sud jarayonlarida mana shunday insonlarning aybsiz aybdorga aylanib qolayotganini sezib tursangiz-da, lekin barcha dalillar unga qarshi bo‘lib turganligi tufayli ish yo cho‘zilib ketganidan yoki begunoh inson jabrlanganidan gohida juda qiynalasiz.
Xalqaro tajribaga tayanadigan bo‘lsak, AQSH, Buyuk Britaniya, Fransiya, Germaniya va boshqa davlatlarda davlat hisobidan bepul yuridik yordam ko‘rsatishda advokatlarni elektron tizim tanlaydi. Bu esa sohada xolislik va shaffoflikni ta’minlab beradi. Yurtimizda ham davlat hisobidan huquqiy yordam ko‘rsatuvchi advokatni avtomatik ravishda tanlash bo‘yicha maxsus elektron tizimning ishga tushirilishi bilan yuqorida tilga olingan salbiy holatlarga chek qo‘yiladi.
Bundan tashqari, keyingi yildan odil sudlovni ta’minlashda himoyachiga berilgan huquqlar ham qayta ko‘rib chiqilib, yetmaydigan vakolatlar beriladi. Natijada sudlarga jinoyat ishi faqat ayblov xulosasi bilan emas, balki himoyachining fikri bilan birga qabul qilinadi. bugungi amaliyotga ko‘ra, tergov organi uzundan-uzoq ayblov xulosasini sudga yuboradi. Sud esa juda kam holatlarda ayblov xulosasi bilan kelishmasligi mumkin. Yoki nari borsa, ayblov o‘sha moddaning yengilroq qismiga kvalifikatsiya qilinadi, xolos.
Prezidentimiz shuningdek, odil sudlovni ta’minlashda himoyachiga berilgan huquqlar ham qayta ko‘rib chiqilib, yetmaydigan vakolatlar berilishi, advokatga jinoyat ishi qo‘zg‘atish va tugatish haqidagi qarordan nusxa berilishi lozimligi haqidagi masalani ham ko‘tardi. Aytish joizki, bu borada ham juda qiynoqli muammolar mavjud. Xususan, amaldagi tartibga ko‘ra, sudya avvaldan, tergovchi va prokuror tomonidan tayyorlangan ish materiallarini o‘qib tanishadi va sudyada sud majlisi boshlangunga qadar ish bo‘yicha ayblovga moyil qarashlar shakllanadi. Bu esa sudyaning xolisligiga ta’sir qiladi. Bunday sharoitda tenglik haqida gapirib bo‘lmaydi. Endi, sudlarga jinoyat ishi faqat ayblov xulosasi bilan emas, balki himoyachi fikri bilan birga qabul qilinishi borasidagi talabning yo‘lga qo‘yilishi bilan sudyaning xolisligi ta’minlanadi.
Tizimdagi islohotlar, inson omilining kamaytirilishi xalq manfaatlarini ta’minlash, adolat o‘rnatishda juda muhimdir.
Ilhom Mamarayimov,
Jinoyat ishlari bo‘yicha Toshkent viloyati Chinoz tuman sudi raisi.
O‘zA