Inson qadri va huquqlari — eng ustuvor mezon
Buxoro viloyatida inson huquqlarini himoya qilish va yopiq muassasalardagi sharoitlarni o‘rganishga qaratilgan monitoring tadbirlari davom etmoqda.
Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakili (Ombudsman) tashabbusi bilan jazo turlarini qo‘llash holatlarining oldini olish bo‘yicha jamoatchilik guruhlari a’zolaridan iborat monitoring guruhi Buxoroda o‘rganish faoliyatini amalga oshirdi.
Monitoring tashriflarida Qorako‘l tumanida joylashgan nogironligi bo‘lgan erkaklar uchun mo‘ljallangan “G‘amxo‘rlik” markazidagi sharoitlar atroflicha o‘rganildi. Ayni paytda markazda 300 nafardan ziyod shaxs istiqomat qilmoqda.
O‘rganish jarayonida muassasada yashovchilar uchun yaratilgan sharoitlar, ularning huquq va qonuniy manfaatlarini ta’minlash holati, tibbiy va ijtimoiy xizmatlar sifatiga e’tibor qaratildi. Aniqlangan ayrim kamchiliklarni bartaraf etish, muassasa faoliyatini yanada takomillashtirish hamda yashovchilar uchun munosib sharoitlarni ta’minlash yuzasidan mas’ullarga tegishli chora-tadbirlar belgilandi. Bu kabi monitoringlar, avvalo, inson huquqlari qog‘ozdagi me’yor emas, balki har bir fuqaroning kundalik hayotida ta’minlanishi lozim bo‘lgan muhim qadriyat ekanini amalda namoyon etadi. Zero, mamlakatimizda inson qadrini ulug‘lash, uning huquq va erkinliklarini ishonchli himoya qilish davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishlaridan biri sifatida belgilangan.

Monitoring doirasida Qorako‘l tumani IIB hamda Buxoro shahar IIB ning vaqtincha saqlash hibsxonalarida ham o‘rganishlar o‘tkazildi. Xususan, shaxslarni saqlash kameralari, tergov xonalari, tibbiy xizmat ko‘rsatish holati ko‘zdan kechirildi.
Shuningdek, Qorako‘l tumanidagi hibsxonada tintuv xonasi va sanitariya-gigiyena sharoitlari, Buxoro shahridagi hibsxonada esa advokatlar xonalari hamda sayr qilish joylarining holati o‘rganildi. Muhimi, monitoring jarayonida aniqlangan kamchiliklar shunchaki qayd etib qo‘yilmaydi. Ular yuzasidan Ombudsmanning ta’sir choralari O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligiga kiritiladi. Bu esa huquqbuzarliklarning oldini olish, mas’ul idoralar faoliyati ustidan jamoatchilik va parlament nazoratini kuchaytirishda muhim ahamiyat kasb etadi. Ayniqsa, vaqtincha saqlash joylarida insonning huquq va qadr-qimmatini ta’minlash masalasi alohida ahamiyatga ega. Chunki shaxsning huquqiy maqomi qanday bo‘lishidan qat’i nazar, unga nisbatan qiynoq, shafqatsiz yoki qadr-qimmatini kamsituvchi muomalaga yo‘l qo‘yilmasligi shart. Bu tamoyil mamlakatimizda amalga oshirilayotgan insonparvar islohotlarning mazmun-mohiyatiga hamohangdir.

Shuningdek, Ombudsmanning Buxoro viloyatidagi mintaqaviy vakili xizmat xonasi joylashgan manzilda fuqarolar qabuli ham tashkil etildi. Unda aholining murojaatlari tinglanib, ko‘tarilgan masalalarni qonuniy tartibda hal etish yuzasidan zarur choralar belgilandi. Umuman olganda, Buxoro viloyatidagi ushbu monitoring tashriflari inson huquqlarini himoya qilish tizimida profilaktika, ochiqlik va jamoatchilik nazoratining ahamiyati tobora ortib borayotganini ko‘rsatmoqda.
Davlat rahbari tomonidan ilgari surilayotgan “Inson qadri uchun” tamoyilining amaliy ifodasi ham aynan shunda — inson qayerda bo‘lishidan qat’i nazar, uning sha’ni, qadr-qimmati, huquq va qonuniy manfaatlari ishonchli himoya qilinishi kerak. Shu ma’noda, Ombudsman institutining joylarga chiqib, muammolarni bevosita o‘rganishi, aniqlangan kamchiliklar yuzasidan mas’ul tashkilotlar oldiga aniq vazifalar qo‘yishi inson huquqlarini ta’minlashning samarali mexanizmlaridan biri bo‘lib xizmat qilmoqda.
Zarif Komilov, O‘zA muxbiri