Inson qadri -ulug‘ qadriyat (+video)
Xalqimiz azaldan keksalarni e’zozlash, ularning hayot yo‘lini qadrlash kabi ezgu fazilatlarni yuksak qadriyat deb biladi. Shu maqsadda, O‘zbekiston Respublikasi Milliy gvardiyasi Jamoat xavfsizligi universiteti tomonidan “9-may – Xotira va qadrlash kuni” munosabati bilan keng ko‘lamli ma’naviy-ma’rifiy tadbirlar tashkil etilmoqda. O‘zbekiston Respublikasi Ijtimoiy himoya milliy agentligiga qarashli Toshkent shahar ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash markazida bo‘lib o‘tgan mazkur tadbir “Keksalarni qadrlash – ulug‘ qadriyat!” nomli ezgu g‘oya ostida o‘tkazildi.
Tantanali tadbirda so‘zga chiqqanlar xotira va qadr tushunchalarining mohiyatiga to‘xtalib, yurtimiz tinchligi va ravnaqi yo‘lida fidokorona mehnat qilgan nuroniylar doimo davlatimiz va jamiyatimizning e’tiborida ekanligini e’tirof etdilar. Bugungi dorilomon kunlarga yetkazgan, keksa avlod vakillarining hayot yo‘li yosh avlod uchun ibrat maktabi ekanligi alohida ta’kidlandi. Tadbir davomida markaz nuroniylari uchun Jamoat xavfsizligi universiteti Orkestri hamda 1- va 2-kursantlar bataloni kursantlari ishtirokida maxsus konsert dasturi va ko‘rgazmali chiqishlar namoyish etildi.
Yosh ijrochilar tomonidan kuylangan Vatanga, tinchlikka va onalarga bag‘ishlangan kuy va qo‘shiqlar ishtirokchilariga chinakam bayramona kayfiyat bag‘ishladi. Bu esa nuroniy otaxon va onaxonlarning maroqli va mazmunli madaniy hordiq chiqarishlariga zamin yaratdi.
Konsert dasturining yakunida Milliy gvardiya Jamoat xavfsizligi universiteti rahbariyatining bayram tabriklari o‘qib eshittirildi va nuroniylarga esdalik sovg‘alari tantanali ravishda topshirildi.
Ushbu ezgu tashabbus nafaqat faxriylarning ko‘nglini ko‘tarishga, balki yosh kadrlarni – bo‘lajak ofitserlarni xalqqa xizmat qilish, keksalarni e’zozlash ruhida tarbiyalashga xizmat qilishi bilan ahamiyatlidir.
<iframe width="640" height="420" src="https://www.youtube.com/embed/ydvhChbyPeE" title="Inson qadri -ulug` qadriyat " frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" referrerpolicy="strict-origin-when-cross-origin" allowfullscreen></iframe>Muhayyo Turdaliyeva, Nishonboy Abduvoitov, O‘zA