Inson qadri – salomatlikda
Mamlakatimiz sog‘liqni saqlash tizimida amalga oshirilayotgan izchil islohotlar bugun har bir hududda, har bir shifoxona faoliyatida o‘z ifodasini topmoqda. Bu borada Milliy tibbiyot markazi nafaqat poytaxtda, balki butun respublika miqyosida yuqori texnologiyali tibbiyotni aholiga yaqinlashtirish, ilm-fan va amaliyot uyg‘unligini ta’minlash borasida yetakchilik qilayotir. Markaz tomonidan 2026-yilning o‘tgan davri davomida erishilgan natijalar sohadagi sifat ko‘rsatkichlari yangi bosqichga ko‘tarilganidan dalolat beradi.
Joriy yilning o‘tgan davri sarhisobiga ko‘ra, markazda 2 904 ta yuqori texnologik va murakkab jarrohlik amaliyotlari muvaffaqiyatli bajarildi. E’tiborli jihati, har bir operatsiya xalqaro standartlarga muvofiq, eng zamonaviy tibbiy uskunalar yordamida, yuqori aniqlik va xavfsizlik talablari asosida amalga oshirildi. Bu ko‘rsatkich nafaqat miqdor, balki yuzlab insonlar hayotining saqlab qolinishi va salomatligi tiklanishi demakdir.
Markaz mutaxassislari tomonidan tibbiyot amaliyotida kam uchraydigan noyob jarrohlik amaliyotlari yo‘lga qo‘yildi. Xususan, tug‘ma anomaliya — qo‘l barmoqlari soni me’yordan ortiq (8 ta) bo‘lgan bemorda o‘tkazilgan murakkab plastik jarrohlik muvaffaqiyatli yakunlanib, qo‘lning anatomik va estetik holati tiklandi.
Shuningdek, qonni chuqur tozalashda inqilobiy qadam bo‘lgan “Gemofeniks” membranali plazmaferez apparati ishga tushirildi. Bu texnologiya autoimmun, allergik va toksik holatlarni davolashda mutlaqo yangi imkoniyatlarni ochdi. Aritmologiya yo‘nalishida esa zamonaviy EKS (elektrokardiostimulyator) o‘rnatish amaliyotlari tizimli ravishda bajarildi.
Tibbiy xizmatlarni "mahallabay" tamoyili asosida tashkil etish maqsadida markaz mutaxassislari doimiy ravishda hududlarda bo‘lib kelmoqda. Pskent tumanida ko‘z kasalliklari bo‘yicha o‘tkazilgan keng qamrovli ko‘riklar aholi o‘rtasida kasalliklarni erta aniqlash imkonini berdi.
Hududiy filiallar bilan hamkorlikning eng oliy nuqtasi sifatida Buxoro viloyatida amalga oshirilgan jigar transplantatsiyasini qayd etish lozim. Tibbiyot fanlari doktori Jasur Sobirov boshchiligidagi jamoa 10 soat davom etgan murakkab amaliyotni mahalliy shifokorlar bilan birgalikda muvaffaqiyatli bajardi. Bu kabi tadbirlar aholining ovoragarchiligini kamaytirib, yuqori texnologik yordamni chekka hududlargacha kirib borishini ta’minlamoqda.
Markaz nafaqat davolash, balki yirik ilmiy maskan sifatida ham o‘z mavqeini mustahkamlab olmoqda. Joriy yilda maslahat poliklinika bo‘limi rahbari Elyor Rizayev professor ilmiy unvoniga, ginekolog Nargiza Shokirova esa PhD ilmiy darajasiga sazovor bo‘ldi. Bu ilmiy salohiyat amaliyot bilan chambarchas bog‘lanib, ayollar salomatligi va reproduktiv tizimini himoya qilishda yangi usullarni joriy etishga xizmat qildi.
Shu bilan birga, Jizzax viloyatining Zarbdor tumanida tashkil etilgan o‘quv-seminari orqali joylardagi kardiojarroh va aritmologlarning malakasi oshirilib, ishtirokchilarga 72 soatlik xalqaro andozadagi sertifikatlar topshirildi.
Bularning barchasi inson hayoti uchun kurash va ilm-fan yutuqlarini amaliyotga tatbiq etishning yorqin namunasi bo‘ldi. Professor A’zam Bobojonov boshchiligida jigar sirrozi bilan og‘rigan bemorlarning hayotga qaytarilishi, hududlardagi murakkab transplantatsiyalar va innovatsion texnologik yangilanishlarning barchasi yagona maqsadga — yurtdoshlarimizning sifatli va kafolatlangan tibbiy xizmat olishlariga qaratilgandir.
Mohigul Qosimova, O‘zA