Inson manfaatlari ustuvorligi – Konstitutsiyaviy sud islohotlarining bosh maqsadi
Farmon va ijro
Mamlakatimizda so‘nggi yillarda sud-huquq tizimini tubdan isloh qilish, inson huquq va erkinliklarini ishonchli himoyalash hamda davlat boshqaruvida ochiqlik va shaffoflikni ta’minlashga qaratilgan izchil siyosat amalga oshirilmoqda.
Ma’lumki, bu jarayonda Konstitutsiyaviy sudning o‘rni va ahamiyati beqiyosdir. U qonunlar va boshqa normativ-huquqiy hujjatlarning Konstitutsiyaga muvofiqligini ta’minlash orqali jamiyatda huquqiy barqarorlik va adolat tamoyillarini mustahkamlashga xizmat qiladi. Shu bois, mazkur institut faqat nazorat organi sifatida emas, balki huquqiy davlat barpo etishning muhim ustuni sifatida namoyon bo‘lmoqda.
Aynan shu maqsadlardan kelib chiqib 2025-yil dekabr oyida qabul qilingan “O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyaviy sudi faoliyatini yanada takomillashtirish va zamonaviy raqamli texnologiyalarni joriy etishga doir chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi Prezident farmoni sud-huquq sohasida yangi bosqichni boshlab bergan muhim siyosiy-huquqiy hujjat sifatida alohida ahamiyat kasb etadi.

Mazkur farmonda belgilangan vazifalar o‘zaro uzviy bog‘liq bo‘lib, Konstitutsiyaviy sud faoliyatini har tomonlama modernizatsiya qilishga qaratilgan. Xususan, fuqarolar va yuridik shaxslarning konstitutsiyaviy odil sudlovga erishish imkoniyatlarini kengaytirish orqali inson manfaatlari ustuvorligini ta’minlashga alohida e’tibor qaratilgan.
Bu vazifalarning amaliy ifodasi sifatida murojaatlarni ko‘rib chiqish tartib-taomillarini soddalashtirish, byurokratik to‘siqlarni bartaraf etish va davlat xizmatlarini aholiga yanada yaqinlashtirishga qaratilgan chora-tadbirlar belgilab berilgan. Natijada, har bir fuqaro o‘z huquqlarini himoya qilishda yanada qulay va samarali imkoniyatlarga ega bo‘ladi.
Shu bilan birga, Konstitutsiyaviy sud vakolatlarining kengaytirilishi ijro etuvchi hokimiyat organlari faoliyati ustidan ta’sirchan nazoratni ta’minlashga xizmat qiladi. Bu esa demokratik tamoyillarni mustahkamlash, davlat organlari faoliyatida qonuniylik va mas’uliyatni oshirishda muhim omil bo‘lib xizmat qiladi.
Farmonda nazarda tutilgan yana bir muhim yo‘nalish bu – sud faoliyatini raqamlashtirishdir. Zamonaviy axborot texnologiyalarini joriy etish orqali sud tizimini ochiq, shaffof va samarali mexanizmga aylantirish ko‘zda tutilgan. Xususan, “E-KSUD” axborot tizimi orqali fuqarolarga elektron murojaat qilish, ish jarayonlarini onlayn kuzatish, sud majlislarini jonli efirda tomosha qilish kabi zamonaviy imkoniyatlar yaratilmoqda.
Bu esa nafaqat fuqarolar uchun qulaylik yaratadi, balki jamoatchilik nazoratini kuchaytirish orqali sud organlariga bo‘lgan ishonchni mustahkamlaydi. Shu bilan birga, raqamlashtirish orqali inson omilining kamayishi korrupsiya xavfini pasaytirish, qaror qabul qilish jarayonida xolislikni ta’minlashga xizmat qiladi.
Xususan, sud faoliyati uchun zarur dasturiy ta’minot, axborot tizimlari, texnik uskunalar va integrator bilan hamkorlikda tashkil etiladigan infratuzilma orqali samarali va xavfsiz raqamlashtirish jarayonlari ta’minlanadi. Bu esa Konstitutsiyaviy sudning institutsional salohiyatini kuchaytirib, uning qarorlari va tavsiyalari amalda samarali ijro etilishini ta’minlaydi. Natijada, sud faqat nazariy nazorat organi bo‘lib qolmay, balki jamiyatda qonuniylik va adolatni ta’minlovchi ta’sirchan institut sifatida amal qiladi.
Shuningdek, Konstitutsiyaviy sudning institutsional salohiyatini kuchaytirish, uning qarorlarini amaliyotga samarali joriy etish, murojaatlar bilan ishlash tizimini takomillashtirish va konstitutsiyaviy shikoyat institutini rivojlantirish kabi muhim masalalar ham qamrab olingan. Bu esa sud faoliyatining amaliy ta’sirini yanada oshirishga zamin yaratadi.
Ayniqsa, fuqarolarning buzilgan huquqlarini tiklash mexanizmlarining takomillashtirilishi, murojaatlarni ko‘rib chiqishda shaffoflikning ta’minlanishi va huquqiy tushuntirishlar berilishi aholining huquqiy ongi va madaniyatini yuksaltirishga xizmat qiladi.
Shu tariqa, o‘tgan qisqa vaqt ichida mazkur farmon nafaqat sud tizimini takomillashtirishga, balki jamiyatda adolat, qonuniylik va tenglik tamoyillarini mustahkamlashga qaratilgan keng qamrovli islohotlar dasturi sifatida namoyon bo‘lib kelmoqda.
Shu o‘rinda aytib o‘tish joizki, joriy yil fevral oyida qabul qilingan “Mamlakat taraqqiyotining 2030-yilgacha mo‘ljallangan ustuvor yo‘nalishlari doirasida islohotlarni izchil davom ettirish va yangi bosqichga olib chiqishning qo‘shimcha chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Prezident farmonida ham Konstitutsiya va qonunlar ustuvorligini ta’minlash, inson huquq va erkinliklarining ishonchli himoya qilishga oid bir qator maqsadlar nazarda tutilgan.
Ushbu maqsadlar doirasida Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasining Milliy strategiyasini ishlab chiqish hamda aholi kundalik hayotiga bevosita ta’sir qiluvchi sohalarda qabul qilingan normativ-huquqiy hujjatlarni inson huquqlariga oid xalqaro standartlarga muvofiqlashtirish kabi chora-tadbirlar belgilangan.
Umuman olganda, inson huquqlariga oid Milliy strategiyani ishlab chiqish va qonunchilikni xalqaro standartlarga muvofiqlashtirish kabi chora-tadbirlar aholi farovonligini oshirishga bevosita ta’sir ko‘rsatadi.
Xususan, ta’lim, sog‘liqni saqlash, mehnat munosabatlari kabi muhim sohalarda qabul qilinayotgan qarorlar inson manfaatlarini ustuvor qo‘ygan holda takomillashtiriladi. Natijada fuqarolar uchun yanada qulay shart-sharoitlar yaratilib, jamiyatda ijtimoiy adolat va barqaror taraqqiyot ta’minlanadi.
Xulosa qilib aytganda, Konstitutsiyaviy sud islohotlari mamlakatimizda qonun ustuvorligini ta’minlash va inson manfaatlarini himoya qilishga qaratilgan tizimli o‘zgarishlarning yangi bosqichini boshlab berdi. Qabul qilingan “O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyaviy sudi faoliyatini yanada takomillashtirish va zamonaviy raqamli texnologiyalarni joriy etishga doir chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi farmon, Konstitutsiyaviy sudning 30 yillik boy tajribasi hamda zamonaviy raqamli texnologiyalarni joriy etish choralari o‘zaro uyg‘unlashgan holda konstitutsiyaviy nazorat samaradorligini sifat jihatidan yangi pog‘onaga ko‘tarmoqda.
Aynan shu ko‘p yillik tajriba sud faoliyatida to‘plangan bilim va institutsional salohiyatni yanada samarali safarbar etish imkonini bermoqda. Bu esa belgilangan vazifalarning izchil va natijador ijrosini ta’minlab, fuqarolarning huquq va erkinliklarini ishonchli himoya qilishga xizmat qiladi.
Bugungi kunda sud jarayonlarining ochiqligi, shaffofligi va tezkorligi ta’minlanib, raqamlashtirish orqali fuqarolar uchun adolatga erishish imkoniyatlari yanada kengaymoqda. Eng muhimi, ushbu islohotlar markazida inson qadri va uning huquqlari ustuvorligi tamoyili ustuvor ahamiyat kasb etmoqda. Bu esa davlat va jamiyat o‘rtasidagi huquqiy ishonchni mustahkamlashga zamin yaratadi.
Mazkur o‘zgarishlar “O‘zbekiston – 2030” strategiyasida belgilangan maqsad va vazifalarga to‘la mos bo‘lib, sud-huquq tizimini demokratlashtirish yo‘lida muhim ahamiyat kasb etadi. Shu nuqtai nazardan, Konstitutsiyaviy sud faoliyatini yanada takomillashtirish, uning institutsional imkoniyatlarini kengaytirish va raqamli transformatsiyani chuqurlashtirish dolzarb vazifa bo‘lib qolmoqda.
Kelgusida ham Konstitutsiyaviy sud o‘zining boy tajribasi va zamonaviy yondashuvlarga tayangan holda Yangi O‘zbekistonda adolat, qonuniylik va tenglik tamoyillarini ta’minlovchi muhim institut sifatida yanada mustahkamlanib boradi.
Nilufarxon SAID-GAZIEVA,
O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyaviy sudi
Devon rahbari, yu.f.d.
O‘zA