“Inson” inson manfaatlariga xizmat qilmoqda (+video)
Payariqlik G‘afur Sanaqulov ustachilik qiladi. 18 yil oldin baxtsiz hodisa sabab nogironlik aravachasiga mixlanib qolgan. Shunday bo‘lsa-da, hayot sinovlarini mardonavor yengib, qo‘lidagi hunari ortidan ro‘zg‘or tebratib kelmoqda. Uni qishloqdoshlari G‘afur usta, deb atashadi. Chunki, buzilgan elektr jihozlarini sozlash, singan asbob-uskunalarni payvandlash kabi yumushlarni tezda bajarib beradi.
– Taqdir shu ekan, ammo nolimayman, yaratganga shukr, uch qizni tarbiyalab voyaga yetkazdim, – deydi G‘afur Sanaqulov. – Har qanday odam boshqalarga og‘iri tushmasligini istaydi. Afsuski, o‘tgan davr mobaynida o‘zim mustaqil harakat qilolmasligim ortidan oilamdagilarni biroz qiynab qo‘ydim. Shukrki, davlatimiz rahbari tomonidan men kabi insonlarni qo‘llab-quvvatlash uchun bir muncha yengilliklar berilyapti. “Inson” ijtimoiy xizmatlar markazi tashkil etilishi ana shunday qulayliklardan biri bo‘ldi. Yaqinda markaz tomonidan berilgan elektron aravacha bilan uyda ham, mahallada ham bemalol harakatlanayapman. Mahalladagi to‘y-ma’rakalarda qatnashyapman.
Joriy yil avvalida tumanda nogironligi bo‘lgan 6 nafar fuqaroga shunday zamonaviy nogironlik aravachasi berildi. Bu ishlar yangi faoliyat boshlagan “Inson” ijtimoiy xizmatlar markazining asosiy yo‘nalishlaridan biridir.
Yangi tahrirda qabul qilingan Bosh qomusimizda qayd qilingan “ijtimoiy davlat” tamoyilini hayotga tatbiq etish, fuqarolarning ijtimoiy himoyaga oid huquq va manfaatlarini ta’minlash, aholiga ijtimoiy xizmatlar ko‘rsatish sifatini tubdan oshirish maqsadida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzurida Ijtimoiy himoya milliy agentligi, shuningdek, uning Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahar boshqarmalari hamda tuman (shahar)larda “Inson” ijtimoiy xizmatlar markazlari tashkil etildi.
[gallery-15557]
Ayni paytda ushbu yo‘nalishdagi ishlar tizimli yo‘lga qo‘yilib, belgilangan chora-tadbirlar samarali amalga oshirilmoqda. Dastlab, o‘tgan 2023 yilning oktyabr oyidan eksperiment tariqasida Paxtachi tumani va Kattaqo‘rg‘on shahrida faoliyat boshlagan “Inson” ijtimoiy xizmatlar markazlari bugun Samarqand viloyatining barcha tuman va shaharlarida tashkil etilmoqda.
Yangi yildan faoliyat boshlagan Payariq tuman “Inson” ijtimoiy xizmatlar markazida aholiga sifatli ijtimoiy xizmatlar ko‘rsatish uchun barcha qulaylik yaratilgan. Markazda bugungi kunda katta yoshdagilar va og‘ir ijtimoiy vaziyatga tushib qolgan oilalar bilan ishlash, nogironligi bo‘lgan shaxslar bilan ishlash, mahallalarda ijtimoiy xizmatni tashkil qilish, bolalarni ijtimoiy himoya qilish shu’balari faoliyat olib bormoqda. Mahallalardagi yakka-yolg‘iz, nogironligigi bo‘lgan shaxslarga 12 nafar ijtimoiy assistent xizmat ko‘rsatadi.
– Markaz tomonidan 38 turdagi ijtimoiy xizmatlar ko‘rsatilishi belgilangan, – deydi markazning Nogironligi bo‘lgan shaxslar bilan ishlash shu’basi mudiri Rahmatulla Yunusov. – Bugungi kunda 14 xizmat turi to‘liq yo‘lga qo‘yilgan. Xususan, nogironligi bo‘lgan shaxslar bilan ishlash yo‘nalishida nogironlikning oldini olish va nogironlikka olib keluvchi omillarni erta aniqlash maqsadida tuman tibbiyot birlashmasining malakali mutaxassislari, tibbiy-ijtimoiy ekspertiza komissiyasi ma’sul xodimlari bilan hamkorlikda mahallalarda sayyor qabul va tibbiy ko‘riklar o‘tkazib kelinmoqda. Bunda nogironlikka olib keluvchi kasalliklar profilaktikasiga, nogironligi bo‘lgan shaxslarni salomatliklarini mustahkamlash maqsadida reabilitatsiya qilishga alohida e’tibor qaratayapmiz. Albatta, tibbiy-ijtimoiy ekspertiza komissiyasining xulosasi bilan nogironligi bo‘lgan shaxslarga zurur protez ortopediya mahsulotlari va reabilitatsiya texnik vositalari belgilangan navbat asosida yetkazib berilmoqda. Joriy yil boshidan tumanimizdagi nogironligi bo‘lgan shaxslarning 6 nafariga elektron aravachalar berildi. Bu kabi ishlar belgilangan reja asosida davom etadi.
“Inson” ijtimoiy xizmatlar markazlarining tashkil etilishi aholi duch keladigan pensiya tayinlash, ijtimoiy nafaqalarni belgilash, nogironligi bo‘lgan shaxslarning ijtimoiy ta’minoti, yakka-yolg‘iz keksalarni parvarishlash kabi masalalarga yechim bo‘ldi. Payariq tumani misolida bu boradagi ishlarning dastlabki natijalariga guvoh bo‘ldik. Albatta, tizim to‘liq ishga tushib, belgilangan xizmatlar ko‘rsatilishi to‘laqonli yo‘lga qo‘yilsa, ko‘zlangan maqsadga erishiladi.
<iframe width="650" height="420" src="https://www.youtube.com/embed/iTw2u33-Xb8" title="“Inson” inson manfaatlariga xizmat qilmoqda" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" allowfullscreen></iframe>G‘.Hasanov, A.Isroilov (video), O‘zA muxbirlari