Inson huquqlari sohasida yangi qadam
O‘zbekistonning inson huquqlari bo‘yicha kengash a’zosi sifatidagi ilk ishtiroki qizg‘in kutib olindi.
Jahon hamjamiyati yaqin-yaqingacha mamlakatimizning inson huquqlari borasidagi faoliyatiga keskin e’tirozlarni bildirib kelayotgan edi. Bugun O‘zbekistonda olib borilayotgan islohotlarning pirovard maqsadi insonning asosiy huquq va erkinliklarini ta’minlashga qaratilayotganiga ishonchi komil bo‘layotgan xalqaro tashkilotlar bu borada iliq munosabatda bo‘lmoqda.
Shu yilning 22 fevral kuni Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev Birlashgan Millatlar Tashkiloti Inson huquqlari bo‘yicha kengashi 46-sessiyasi ishida ishtirok etib, nutq so‘zladi.
Koronavirus pandemiyasi munosabati bilan Jeneva shahrida videoanjuman shaklida o‘tkazilgan kengashning navbatdagi yig‘ilishida davlatimiz rahbari mamlakatimizda demokratik yangilanishlarni chuqurlashtirishning ustuvor yo‘nalishlari hamda Inson huquqlari bo‘yicha kengash doirasidagi ishlarning asosiy vazifalariga batafsil to‘xtaldi.
Avvalo, ta’kidlash joizki, O‘zbekistonning inson huquqlari bo‘yicha kengash a’zosi sifatidagi ilk ishtiroki qizg‘in kutib olindi.
Xabaringiz bor, o‘tgan yili 13 oktyabrda Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh assambleyasida O‘zbekiston BMT Inson huquqlari bo‘yicha kengashiga ko‘pchilik ovoz bilan tarixda birinchi marta uch yillik muddatga saylangan edi. 15 davlat 2021 yil 1 yanvardan boshlab uch yillik muddatga BMT Inson huquqlari bo‘yicha Kengashi a’zoligiga saylangan. Ular – Boliviya, Xitoy, Kot-d'Ivuar, Gabon, Kuba, Fransiya, Malavi, Meksika, Nepal, Pokiston, Rossiya, Senegal, Ukraina, O‘zbekiston va Buyuk Britaniya.
BMT Bosh assambleyasi organi hisoblangan Inson huquqlari bo‘yicha kengashga 47 ta davlat a’zo hisoblanadi va Kengash a’zolari uch yillik muddatga yashirin ovoz berish yo‘li bilan saylanadi.
Shu nuqtai nazardan aytganda, ushbu nufuzli tashkilotning yuksak minbarida yangiragan Prezidentimiz ma’ruzasida yettita ustuvor yo‘nalish belgilab berildi. Bu yo‘nalishlar deklaratsiya talablaridan kelib chiqib, har bir inson irqi, jinsi, tili, dini, siyosiy yoki boshqa e’tiqodlaridan, milliy yoki ijtimoiy kelib chiqishi, mol-mulki, tabaqasi yoki boshqa holatidan qat’i nazar mamlakatimizda teng huquqli ekanligiga alohida urg‘u berildi. Bundan tashqari, inson mansub bo‘lgan mamlakat yoki hududning siyosiy, huquqiy yoki xalqaro maqomidan qat’i nazar mamlakatimizda fuqaroligi bo‘lmagan shaxslar sonini kamaytirish bo‘yicha qat’iy choralar ko‘rilgani, birgina 2020 yilda 50 ming vatandoshimiz O‘zbekiston fuqaroligiga qabul qilinganligi va 2021 yilda yana 20 mingdan ziyod kishi fuqarolikka ega bo‘lishligi ma’lum qilindi.
Prezidentimiz ma’ruzada ustuvor vazifalardan biri mamlakatimizda amalga oshirilayotgan gender siyosati masalalari ekanligiga ham e’tibor qaratdi. Ayollarning rolini tubdan oshirish bo‘yicha chora-tadbirlar mamlakatimizning ijtimoiy-siyosiy hayotida va ishbilarmonlik sohasida keng miqyosda amalga oshirilganligi va buni kelajakda ham qat’iy davom ettirilishini alohida ta’kidladi. 2021 yilda O‘zbekistonda Markaziy Osiyo mamlakatlari yetakchi ayollarining muloqoti va xotin-qizlarning mintaqaviy biznes-forumini o‘tkazish rejalashtirilganligini ham ma’lum qildi.
Mamlakatimizda olib borilayotgan islohotlarimizdagi eng asosiy yutuqlarimizdan biri Xalqaro mehnat tashkiloti va Jahon banki bilan hamkorlikda majburiy mehnat va bolalar mehnatiga barham berish bo‘yicha katta ishlarni amalga oshirganligimiz bo‘ldi. Mamlakatimizda 2021 yilda “Bolalar Ombudsmani to‘g‘risida”gi qonunni qabul qilishni ko‘zda tutilganligi bolalar mehnatiga barham berish xalqaro yilida bu boradagi tadbirlarimizning muhim natijasi bo‘ladi.
Prezidentimiz ushbu ma’ruzasida “Inson huquqlari sohasida ta’lim” deklaratsiyasining 10 yilligiga bag‘ishlab Oliy komissar boshqarmasi bilan birgalikda global forum o‘tkazishni taklif etdi. Shuningdek, o‘qitish tizimini rivojlantirish maqsadida BMTning inson huquqlari sohasidagi Ixtiyoriy badallar jamg‘armasiga o‘z hissamizni qo‘shmoqchi ekanligimizni ham ma’lum qildi. Ta’lim sohasida olib borilayotgan islohotlar mamlakatimizda misli ko‘rilmagan shiddat bilan amalga oshirilmoqda.
Davlatimiz rahbari joriy yilda BMT shafeligida Yoshlar huquqlari bo‘yicha butunjahon konferensiyasini o‘tkazish, BMT Iqtisodiy va ijtimoiy kengashining o‘ninchi forumida Yoshlar huquqlari to‘g‘risidagi konvensiya loyihasini taqdim etish masalasini ilgari surdi. Bu butun O‘zbekiston yoshlarini to‘lqinlantirib, ularni qiziqish va ishtiyoqini yanada kuchaytirdi, desam mubolag‘a bo‘lmaydi. Yurtimizda Yoshlar huquqlari bo‘yicha maxsus ma’ruzachi institutini ta’sis etish masalasini kiritishga tayyorgarlik ko‘rilayotgani esa, yoshlarning ertangi kunga bo‘lgan ishonchini oshirib, ezgu maqsadlar sari yetaklaydi.
Darhaqiqat, O‘zbekistonda so‘nggi yillarda inson huquqlarini himoya qilishning qonunchilik va tashkiliy-huquqiy bazasini mustahkamlash, inson huquqlari bo‘yicha xalqaro standartlarni milliy qonunchilikka implementatsiya qilish va xalqaro majburiyatlarni bajarish, shuningdek, inson huquqlarini himoya qilish masalalari yuzasidan xalqaro tashkilotlar bilan hamkorlikni faollashtirishga doir tizimli ishlar olib borilmoqda.
Hozirgi vaqtda O‘zbekiston Respublikasi inson huquqlari bo‘yicha 80 dan ortiq xalqaro hujjatlarga, jumladan, BMTning 6 ta asosiy shartnomaci va 4 ta fakultativ protokoliga qo‘shilgani, ularning amalga oshirilishi yuzasidan BMTning Inson huquqlari bo‘yicha kengashi va shartnomaviy qo‘mitalariga muntazam ravishda milliy ma’ruzalarni taqdim etib kelayotgani yuqoridagi fikrlarimizning yorqin isbotidir.
Xulosa o‘rnida aytganda, bugungi kunda mamlakatimizda xalq bilan ishlash, aholining har bir murojaatiga bo‘lgan munosabat tubdan o‘zgardi. Mamlakatimizda xalq davlat idoralariga emas, davlat idoralari xalqqa xizmat qilishi tamoyili amaliyotda o‘z isbotini topmoqda.
Sobir TURSUNOV,
xalq deputatlari Toshkent shahar Kengashi deputati