Inson huquqlari, ochiq muloqot va jamoatchilik ishtiroki yangi bosqichga ko‘tarildi
Mustaqilligimizning 35 yillik shodiyonalari bosib o‘tgan taraqqiyot yo‘limizni yana bir karra sarhisob qilishga turtki bo‘layotir. Ayni shu kunlarda har bir sohada amalga oshirilgan islohotlarning samarasi hayotimizda, faoliyatimizda, kundalik turmushimizda qanchalik aks etayotganini tahlil qilib, natijalardan quvonch hissini tuymoqdamiz. Birgina inson huquqlarini ta’minlash, fuqarolarning dard-tashvishini tinglash va hal etish yo‘nalishida ham qator ishlar amalga oshirilmoqda. Bu borada Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati Navro‘zbek Yusupov o‘z fikr-mulohazalarini bildirdi:
— Mustaqillik xalqimizga o‘z taqdirini o‘zi belgilash, milliy qadriyatlar va davlatchiligimiz asoslarini tiklash va yaratish imkoniyatini berdi. Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev rahbarligida amalga oshirilayotgan keng qamrovli islohotlar davlat va jamiyat hayotining barcha sohalarini yangi rivojlanish bosqichlariga olib chiqdi. Xususan, “Inson qadri uchun” degan tamoyil, avvalo, yangi O‘zbekiston taraqqiyoti va har bir islohotlarning asosiy markazi va negizidan joy oldi.
So‘nggi yillarda mamlakatimizda qonun ustuvorligi va inson huquqlari, ochiq muloqot, jamoatchilik ishtiroki yanada kuchaytirildi. Kuchli fuqarolik jamiyatini barpo etish yo‘lida jamoatchilik nazorati yanada faollashdi. Fuqarolarning siyosiy va ijtimoiy faolligini oshirishga qaratilgan islohotlar orqali xalq davlat boshqaruvining asosiy ishtirokchisiga aylanib bormoqda.

Mustaqillik, eng avvalo, insonning qadri, huquqi, erkinligi va sha’ni davlat siyosatida qay darajada ustuvor o‘rin egallashi bilan o‘lchanadi. Shu ma’noda O‘zbekistonning mustaqillik yillarida bosib o‘tgan taraqqiyot yo‘liga nazar tashlasak, jamiyat hayotida inson huquqlariga munosabat, davlat va xalq o‘rtasidagi muloqot hamda fuqarolarning ijtimoiy-siyosiy jarayonlardagi ishtiroki tubdan o‘zgarganini ko‘ramiz. Bugun mamlakatimiz hayotida “inson qadri”, “ochiq muloqot”, “jamoatchilik nazorati”, “fuqarolik jamiyati”, “qonun ustuvorligi” kabi tushunchalar oddiy siyosiy shior emas, balki davlat boshqaruvining mazmunini belgilaydigan muhim mezonlarga aylandi.
Mustaqillik yillarida O‘zbekiston o‘zining demokratik taraqqiyot yo‘lini belgilab, inson huquq va erkinliklarini kafolatlashga qaratilgan huquqiy poydevorni shakllantirdi. Yangi tahrirda qabul qilingan Konstitutsiyamizda ham inson, uning hayoti, erkinligi, sha’ni va qadr-qimmati oliy qadriyat sifatida e’tirof etildi. Bu shunchaki huquqiy norma emas. Bu davlat va fuqaro o‘rtasidagi munosabatning falsafasini belgilab bergan tamoyildir. So‘nggi yillarda ushbu tamoyil yanada amaliy mazmun kasb etdi. Inson huquqlarini ta’minlash, aholining qonuniy manfaatlarini himoya qilish, davlat organlarining xalq oldidagi mas’uliyatini oshirishga qaratilgan islohotlar keng tus oldi. Eng muhimi, jamiyatda “davlat uchun inson” emas, balki “inson uchun davlat” degan yondashuv tobora mustahkamlanib bormoqda.
Fuqarolarning мурожаатига quloq tutish, uning muammosini og‘zaki emas, amaliy yechim bilan hal etish, mansabdor shaxsning fuqaro oldidagi mas’uliyatini kuchaytirish huquqiy davlatning hayotiy belgilaridir. So‘nggi yillarda olib borilayotgan jadal islohotlar natijasida ochiqlik siyosati, erkin muloqot — jamiyat hayotida yangi siyosiy madaniyat sifatida shakllandi. Davlat va jamiyat o‘rtasidagi munosabatlarda eng katta o‘zgarishlardan biri ochiq muloqot tamoyilining kuchayishidir.
Avvallari fuqaro ko‘p hollarda o‘z muammosini davlat idorasining yuqori tashkilotlariga yetkazish uchun turli byurokratik to‘siqlardan o‘tishga majbur bo‘lgan bo‘lsa, bugun davlat organlarining o‘zi aholi bilan muloqot qilish, muammolarni joyiga chiqib o‘rganish va jamoatchilik fikrini eshitishga tobora ko‘proq e’tibor qaratmoqda. Bugunga kelib davlat idoralari va mansabdor shaxslar o‘z faoliyatlarini nafaqat mahallabay, balki oila va fuqarobay tarzda olib bormoqda. Bunday islohot jamiyatimizdagi har bir oilaning, qolaversa, har bir fuqaroning hayotida ijobiy o‘zgarishlarga asos bo‘lmoqda. Bu jarayon siyosiy boshqaruv madaniyatida muhim burilishdir. Chunki ochiq muloqot shunchaki odamlarni qabul qilish emas. Ochiq muloqot — jamiyat va insonlarning shaxsiy hayotidagi ijtimoiy-iqtisodiy masalalar yuzasidan bildirgan murojaatlarni eshitish, o‘rganish va joyida hal etish, ayniqsa, jamoatchilik oldida hisobdor bo‘lish demak.
Shu nuqtai nazardan aytib o‘tish kerakki, ommaviy axborot vositalari, ijtimoiy tarmoqlar, fuqarolar murojaatlari va jamoatchilik muhokamalari davlat siyosatining muhim axborot manbalariga aylanib bormoqda. Bugun jamiyatdagi muammo bir insonning shaxsiy shikoyati bo‘lib qolib ketmay, keng jamoatchilik muhokamasiga chiqishi va qaror qabul qiluvchilar e’tiborini tortishi mumkin. Bu esa fuqaroning siyosiy sub’ekt sifatidagi mavqeini mustahkamlaydi.
Jamoatchilik ishtiroki — demokratiyaning tirik mexanizmi. Demokratiya fuqaroning har kuni o‘z jamiyati taqdiriga daxldorligini his qilishi, qarorlar muhokamasida ishtirok etishi va davlat faoliyati ustidan jamoatchilik nazoratini amalga oshira olishi. So‘nggi 10 yillikda mamlakatimiz hayotida ham jamoatchilik ishtirokining yangi mexanizmlari shakllantirildi. Jamoatchilik muhokamalari, ochiq byudjet jarayonlari, elektron murojaatlar, ommaviy axborot vositalari va fuqarolik jamiyati institutlarining faollashuvi odamlarning davlat va jamiyat hayotidagi ishtirokini kengaytirmoqda.
Bu jarayonning eng muhim jihati shundaki, fuqaro endi davlat qarorlarining faqat ijrochisi emas, balki ularni shakllantirish jarayonining ham ishtirokchisi bo‘lish imkoniyatiga ega. Albatta, jamoatchilikning ishtiroki va nazorati mamlakatimizda qonun va qonunosti hujjatlarning, shuningdek, islohotlarning ijrosini to‘liq ta’minlanishiga zamin yaratuvchi mexanizm bo‘lib xizmat qiladi. Fuqaroning murojaatiga o‘z vaqtida munosabat bildirish, jamoatchilik taklifini qaror qabul qilish jarayonida inobatga olish — bugungi davlat boshqaruvining muhim talabi.
Bugun yangi O‘zbekiston taraqqiyotining rivojlanish bosqichida faol fuqarolik pozitsiyasi ham alohida ahamiyat kasb etmoqda. Fuqarolar o‘z huquq va majburiyatlarini teran anglashi, islohotlarning faol ishtirokchisi sifatida jamiyat hayotidagi har bir voqelikka befarq bo‘lmasligi, daxldorlik hissi bilan yashashi rivojlanib borayotgan yangi O‘zbekistonning chinakam asosiga aylandi.
Zero, kuchli davlatning eng ishonchli tayanchi — o‘z huquqini anglab yetgan, o‘z fikrini erkin ifoda etadigan va mamlakat taqdiriga daxldorlik hissi bilan yashaydigan fuqarolar. Jamoatchilik faol bo‘lgan joyda esa davlat va jamiyat o‘rtasida haqiqiy hamkorlik shakllanadi. Zero, mustaqillikning eng katta ma’nosi ham inson o‘z taqdirining, jamiyat esa o‘z kelajagining faol ishtirokchisiga aylanishidadir.
Muhtarama Komilova yozib oldi.
O‘zA