Inson huquq va erkinligi qonun himoyasida
Navoiyda “O‘zbekiston Respublikasida qiynoqlarning oldini olish bo‘yicha milliy preventiv mexanizmining mohiyati va ahamiyati” mavzusida hududiy seminar o‘tkazildi.
Navoiyda “O‘zbekiston Respublikasida qiynoqlarning oldini olish bo‘yicha milliy preventiv mexanizmining mohiyati va ahamiyati” mavzusida hududiy seminar o‘tkazildi.
Seminar O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Inson huquqlari bo‘yicha vakili (Ombudsman) tashabbusi bilan Yevropada xavfsizlik va hamkorlik tashkilotining (YeXHT) O‘zbekistondagi loyihalari Koordinatori hamkorligida tashkil etildi. Unda prokuratura, ichki ishlar, sog‘liqni saqlash va xalq ta’limi tizimida faoliyat yurituvchi soha xodimlari hamda jazoni ijro etish muassasalari, tergov hibsxonalari va maxsus qabulxonalar, surunkali alkogolizm, giyohvandlik, ruhiy kasalliklarga chalinganlarni davolashga mo‘ljallangan ixtisoslashtirilgan davolash-profilaktika muassasalari, yetim bolalar va ota-onasining qaramog‘idan mahrum bo‘lgan bolalar saqlanadigan muassasalar xodimlari ishtirok etdi.
Seminarda mahkumlar yoki qamoqda saqlanayotgan shaxslarning huquq va erkinlarini himoya qilish sohasidagi qonun hujjatlarining mazmun-mohiyati hamda ahamiyati, bunda Ombudsmanning roli, uning davlat organlari bilan hamkorligi xususida so‘z yuritildi.
– Bugungi kunda Ombudsman to‘g‘risidagi qonunga o‘zgartirishlar kiritilgan bo‘lib, qiynoqlarning oldini olish va bartaraf etish bo‘yicha Ombudsmanga keng vakolatlar berildi, – deydi Oliy Majlis Inson huquqlari bo‘yicha vakili – Ombudsman kotibiyat mudiri Saidbek Azimov. – Ushbu o‘zgarishlarni keng jamoatchilikka yetkazish maqsadida ilk marotaba tashkil etilayotgan seminarda xalqaro tajribalarni inobatga olib, milliy preventiv mexanizmning ishlab chiqilganini ta’kidlash joiz. Shuningdek, qiynoqlarning oldini olish sohasida Ombudsmanning nafaqat jazoni ijro etish muassasalari, balki ijtimoiy, ya’ni, fuqarolarning o‘z ixtiyori bilan tark eta olmaydigan muassasalarini ham qamrab olishi nazarda tutilmoqda.
Shuningdek, ishtirokchilarni ushbu sohada amalda bo‘lgan xalqaro huquqiy normalar va standartlari, ya’ni, BMTning qiynoqqa solishga va muomalada bo‘lish hamda jazolashning boshqa shafqatsiz g‘ayriinsoniy yoki qadr-qimmatini tahqirlovchi turlariga qarshi konvensiyasidan xabardor qilish yuzasidan tushuntirish ishlari olib borildi.