Inson – aziz, xotira – muqaddas
9 may – Xotira va qadrlash kuni
Ramazon hayiti arafasida Namanganga Rossiya Federatsiyasining Mordoviya Respublikasidan mehmon tashrif buyurdi. U M. V. Lomonosov nomidagi Moskva davlat universiteti prorektori Shokir Xudoyorov bo‘lib, ulug‘ ayyom hamda Xotira va qadrlash kuni ostonidasida xayrli ishni yakunladi.
- Mordoviya Davlat muzeyida bir surat bor bo‘lib, u 1942 yilda ishlangan va uning ostiga “Botir jangchi Inomov Kamol” yozuvi bitilgandi, - deydi Shokir Xudoyorov. - Bizda boshqa ma’lumot yo‘q edi. Uch yil davomida Markaziy Osiyo davlatlarida bu askarni qidirdik. Va nihoyat urinishlarimiz o‘tgan yil samara berdi. Kamol ota Inomovni namanganlik ekanini elchixona orqali aniqladik. O‘tgan yili kelib otaxon bilan ko‘rishib, suhbatlashib ketgandim. Suratlarini tez orada kelib topshirishga kelishgan edik. Ming afsuski o‘tgan yil avgustda Kamol ota olamdan o‘tibdilar. Men esa baribir Namanganga talpindim. Va’dani bajarishim lozim edi.
[gallery-6940]
Kecha Namangan viloyati Namangan tumani G‘alcha qishlog‘ida istiqomat qilgan Ikkinchi jahon urushi qatnashchisi, marhum Kamol ota Inomov xonadonida xotira tadbiri bo‘lib o‘tdi. Katta tarixga ega surat tuman hokimi Sadriddin Mo‘minov ishtirokida Kamol otaning oila a’zolariga topshirildi.
- Bir inson misolida uning mehnati qahramonligi yillar o‘tsa ham, ikki xalqni birlashtirishda davom etayotganini ko‘rib turibmiz. Kamol ota Inomov haqida butun Mordoviya yoshlari bilishlari, uning xotirasini muqaddas tutishlari bizga faxr-iftixor tuyg‘usini bag‘ishlaydi, - dedi tuman hokimi S. Mo‘minov.
Hotam MAMADALIEV (surat),O‘zA