Insholar tanlovi g‘oliblari taqdirlandi
Qoraqalpog‘iston Respublikasi Adliya vazirligida yoshlarda korrupsiya va boshqa huquqbuzarliklarga qarshi murosasizlik tuyg‘usini shakllantirishga qaratilgan insholar tanlovi g‘oliblarini taqdirlash marosimi bo‘ldi.
Qoraqalpog‘iston Respublikasi Prokuraturasi, Xalq ta’limi vazirligi, Kasbiy ta’limni rivojlantirish va muvofiqlashtirish hududiy boshqarmasi, Yoshlar ishlari agentligi Qoraqalpog‘iston Respublikasi boshqarmasi bilan hamkorlikda tashkil etgan tanlovning maqsadi, yoshlarning huquqiy ongi va madaniyatini yuksaltirish, ularda korrupsiyaga va boshqa huquqbuzarliklarga nisbatan murosasiz munosabatni shakllantirishdan iborat.
Tanlovning shahar va tuman bosqichlarida g‘olib bo‘lgan umumta’lim maktablarining 45 nafar o‘quvchisi va oliy ta’lim muassasalarining 15 nafar talabasi Qoraqalpog‘iston Respublikasi bosqichida ishtirok etdi.
Uning natijalariga ko‘ra umumta’lim maktablari o‘quvchilari o‘rtasida birinchi o‘rinni Qonliko‘l tumanidagi 16-umumta’lim maktabining 11-sinf o‘quvchisi Saltanat Temirxanova, ikkinchi o‘rinni Nukus tumanidagi 16-umumta’lim maktabining 9-sinf o‘quvchisi Gulmira Paraxatova, uchinchi o‘rinni Kegayli tumanidagi 4-umumta’lim maktabining 11-sinf o‘quvchisi Gulzada Yesbosinova, oliy o‘quv yurtlari o‘rtasida Berdaq nomidagi Qoraqalpoq davlat universiteti magistranti Aruxon Seytmuratova birinchi, ushbu universitetning talabasi Oygul Dosnazarova ikkinchi, Ajiniyaz nomidagi Nukus davlat pedagogika instituti talabasi Laylo Xalillayeva uchinchi o‘rinni egalladi.

Ularga tashkilotchilar tomonidan diplom va qimmatbaho sovg‘alar topshirildi.
G‘oliblar tanlovning mamlakatimiz bosqichi uchun “Korrupsiya va kelajak” mavzusida insho yozdi.
Dovud ABIBULLAEV, O‘zA