Innovatsiya va tajriba — yuqori hosil kafolati
Sirdaryo viloyatining Boyovut tumanida fermerlar uchun o‘tkazilgan amaliy davra suhbati va ko‘rgazmali seminarda anomal issiq sharoitida paxta hosildorligini saqlab qolish, suv tejovchi texnologiyalarni keng joriy etish, Xitoyning Shinjon texnologiyasini samarali qo‘llash hamda takroriy ekinlardan yuqori samara olish masalalari muhokama qilindi.
"Hasanboy–Husanboy" fermer xo‘jaligi hududida joylashgan Qishloq xo‘jaligida bilim va innovatsiyalar milliy markazi qoshidagi Don va dukkakli ekinlar ilmiy-tadqiqot institutining Sirdaryo ilmiy-tajriba stansiyasida Respublika fermerlar kengashi hamda uning Sirdaryo viloyati bo‘limi tashabbusi bilan tashkil etilgan tadbirda Respublika fermerlar kengashi, uning viloyat va tuman bo‘limlari, Sirdaryo viloyati Agroxizmatlar markazi, O‘simliklar karantini va himoyasi boshqarmasi, Veterinariya va chorvachilikni rivojlantirish boshqarmasi mutaxassislari, olimlar, ilg‘or fermerlar hamda agrar soha vakillari ishtirok etishdi.
Tadbirda mamlakatimizda qishloq xo‘jaligini modernizatsiya qilish, ilm-fan yutuqlarini ishlab chiqarishga keng joriy etish, yer va suv resurslaridan oqilona foydalanish, eksportbop qishloq xo‘jaligi mahsulotlari yetishtirish hamda fermerlarning bilim va malakasini muntazam oshirishga qaratilgan islohotlar muhokama qilindi.
Ta’kidlanganidek, iqlim o‘zgarishi, suv resurslari taqchilligi va keskin issiqlar kuzatilayotgan sharoitda yuqori hosildorlikka erishishning asosiy omili — innovatsion texnologiyalarni keng joriy etish, agrotexnik tadbirlarni ilmiy asosda va o‘z vaqtida amalga oshirish hamda mutaxassislar tavsiyalariga qat’iy amal qilishdir. Shu bois seminar nazariy muloqot bilan cheklanmay, dala sharoitida tashkil etilgan amaliy mashg‘ulotlar bilan davom ettirildi.
Seminar davomida mutaxassislar paxtachilikda Xitoyning Shinjon texnologiyasini qo‘llash, tomchilatib sug‘orish tizimini kengaytirish, mikroo‘g‘itlardan samarali foydalanish, agrodronlar yordamida ekinlarni monitoring qilish hamda anomal issiqning salbiy ta’sirini kamaytirish bo‘yicha ilmiy asoslangan tavsiyalar berdi.
Ma’lum qilinishicha, joriy yilda Sirdaryo viloyatida 75 ming 220 gektar maydonga paxta ekilgan bo‘lib, uning 50 ming gektarida Shinjon texnologiyasi asosida tomchilatib sug‘orish tizimi joriy etilgan. Bu suv resurslaridan tejamkorlik bilan foydalanish, o‘simlikning barqaror rivojlanishini ta’minlash va hosildorlikni oshirishda muhim ahamiyat kasb etmoqda.
[gallery-30470]
Tadbirni O‘zbekiston Respublikasi Fermerlar kengashi huzuridagi Fermerlarni qo‘llab-quvvatlash jamg‘armasining hududiy vakili Ilhomjon Olimov ochib berdi. U keyingi yillarda agrar sohada amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlar, ilm-fan va innovatsiyalarni ishlab chiqarishga keng joriy etish, fermerlarning bilim va malakasini muntazam oshirish hamda ularni moliyaviy qo‘llab-quvvatlash davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishlaridan biri ekanini ta’kidladi.
Uning so‘zlariga ko‘ra, Fermerlarni qo‘llab-quvvatlash jamg‘armasi tomonidan ham bu borada tizimli ishlar amalga oshirilmoqda. Xususan, 2026-yilning birinchi yarmida Sirdaryo viloyatidagi fermer, dehqon xo‘jaliklari va boshqa qishloq xo‘jaligi korxonalarini qo‘llab-quvvatlash uchun jami 6,4 milliard so‘m mablag‘ ajratildi. Shundan 5,1 milliard so‘mi qishloq xo‘jaligi texnikalari va agregatlarini xarid qilishga, 1,3 milliard so‘mi esa xo‘jaliklarning aylanma mablag‘larini shakllantirishga yo‘naltirildi.
Sirdaryo viloyati Agroxizmatlar markazi ilmiy xodimi Doniyor Tojiboyevning ta’kidlashicha, iyul oyi paxtachilikda hosilga hosil qo‘shiladigan eng mas’uliyatli palla hisoblanadi.
— Bugungi anomal issiq sharoitida g‘o‘zaning har bir tupini asrab qolish muhim vazifaga aylanmoqda. Tuproq namligi 60–70 foiz darajasida saqlanishi, sug‘orish, kultivatsiya va chekanka ishlari o‘z vaqtida amalga oshirilishi lozim. Hozirgi bosqichda har bir ko‘sak taqdirini belgilaydigan asosiy omillardan biri mikroo‘g‘itlardan to‘g‘ri va me’yorida foydalanishdir. Rux, temir va boshqa mikroelementlarga boy o‘g‘itlar ko‘saklarning to‘liq shakllanishi hamda hosil sifati oshishiga ijobiy ta’sir ko‘rsatadi, — dedi olim.
Uning qayd etishicha, Qishloq xo‘jaligi vazirligi va soha olimlari tomonidan ishlab chiqilgan sakkizta muhim agrotexnik tavsiyani amalda to‘liq bajarish orqali paxta hosildorligini sezilarli darajada oshirish mumkin.
Seminarda Qishloq xo‘jaligi vazirligi hamda O‘zbekiston fermerlari kengashining fermer va dehqonlarga qaratilgan qo‘shma murojaati mazmun-mohiyati ham ishtirokchilarga yetkazildi.
Unda ta’kidlanganidek, joriy yilda respublika bo‘yicha 889,5 ming gektar, shundan 305,2 ming gektar maydonda Shinjon texnologiyasi asosida paxta parvarishlanmoqda. Iyul oyining ikkinchi yarmi va avgust oyining birinchi o‘n kunligi paxta taqdirini hal qiladigan eng mas’uliyatli davr ekani qayd etilib, har bir fermer xo‘jaligida «Dolzarb – 20 kun» rejasi asosida sug‘orish, kultivatsiya, chekanka hamda o‘simliklarni himoya qilish ishlarini kechiktirmasdan tashkil etish zarurligiga alohida urg‘u berildi.
Respublika fermerlar kengashi mutaxassisi Zayniddin Fayzullayev fermerlarga paxtachilikda joriy etilayotgan zamonaviy texnologiyalar xususida ma’lumot berib, 1-avgustdan boshlab g‘o‘zaga etefon preparatini qo‘llashning afzalliklarini tushuntirdi.
— Etefon gerbitsid emas, balki ko‘saklarning bir vaqtda pishib yetilishi va ochilishini ta’minlaydigan zamonaviy agrotexnologik vosita hisoblanadi. Uni belgilangan muddat va me’yorlarda qo‘llash hosil sifatini yaxshilash, terim samaradorligini oshirish hamda paxtaning bir vaqtda pishib yetilishiga xizmat qiladi, — dedi mutaxassis.
Sirdaryo viloyati O‘simliklar karantini va himoyasi boshqarmasi mutaxassislari paxtachilikda uchrayotgan zararkunanda va kasalliklarga qarshi kurashish bo‘yicha amaliy tavsiyalar berdi.
Qayd etilishicha, ayni paytda o‘rgimchakkana, shira va trips kabi zararkunandalarga qarshi kimyoviy va biologik usullar uyg‘unligida kurash olib borilmoqda. Shuningdek, anomal issiqning salbiy ta’sirini yumshatishga xizmat qiluvchi maxsus preparatlar qo‘llanilayotgani, tumanlarda buning uchun zarur vositalar zaxirasi yetarli ekani ma’lum qilindi.
Seminar davomida fermerlar o‘zlarini qiziqtirgan savollarga mutaxassislardan atroflicha javob oldi, ilmiy tavsiyalarning amaldagi natijalari yuzasidan fikr almashdi.
«Hasanboy–Husanboy» fermer xo‘jaligi rahbari Omon Xolqulovning ta’kidlashicha, bunday amaliy seminarlar fermerlar uchun haqiqiy tajriba maktabiga aylanmoqda.
— Prezidentimiz ilmga tayanish orqali yuqori natijaga erishish mumkinligini doim ta’kidlab kelmoqdalar. Biz ham ilmni olimlar va mutaxassislardan o‘rganamiz. Bu yilgi anomal issiq sharoitida har bir tavsiyaning ahamiyati yanada ortdi. Xo‘jaligimizdagi 100 gektar yer maydonining 60 gektariga bug‘doy, 40 gektariga esa Shinjon texnologiyasi asosida paxta ekilgan. Bug‘doydan bo‘shagan maydonlarga takroriy ekin sifatida mosh joylashtird. Bugungi seminarda olgan bilimlarimiz yuqori hosil yetishtirishda muhim dasturilamal bo‘ladi, — dedi fermer.
Tadbir yakunida ishtirokchilar paxta maydonida tashkil etilgan ko‘rgazmali seminarda g‘o‘zani parvarishlash, mikroo‘g‘itlardan samarali foydalanish, suv tejovchi texnologiyalarni qo‘llash hamda zararkunanda va kasalliklarga qarshi kurashish bo‘yicha amaliy ko‘rsatmalar bilan tanishdi.
Mutaxassislar fermerlarni qiziqtirgan barcha savollarga javob berib, «Paxtaga qo‘shimcha ishlov bering va hosilingizga hosil qo‘shing!» shiori ostida ilmiy asoslangan agrotexnik tadbirlarni o‘z vaqtida amalga oshirishning ahamiyatini yana bir bor tushuntirdi.
Ta’kidlanganidek, bugun paxta maydonida o‘z vaqtida va ilmiy asosda bajarilgan har bir agrotexnik tadbir ertangi mo‘l hosilning mustahkam poydevori hisoblanadi. Ilm-fan, innovatsiya va ilg‘or tajribalarni ishlab chiqarish bilan uyg‘unlashtirish qishloq xo‘jaligini yanada barqaror rivojlantirish, har bir gektar yerdan yuqori samara olish, fermerlar daromadini oshirish va mamlakatimiz oziq-ovqat xavfsizligini mustahkamlashga mustahkam zamin yaratadi.
G‘ulom Primov,
Umid Obidjonov (surat), O‘zA