Innovatsion rivojlanish agentligi 2026-yilning birinchi yarmida qanday natijalarga erishdi?
Milliy matbuot markazida Innovatsion rivojlanish agentligining 2026-yil birinchi yarim yilligida amalga oshirgan ishlari yakunlariga bag‘ishlangan matbuot anjumani bo‘lib o‘tdi.
Unda mazkur tashkilot mas’ullari, mutaxassislar, olimlar hamda ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etdi. Tadbirda ilm-fan va innovatsiyalarni rivojlantirish, ilmiy kadrlar tayyorlash, yosh olimlarni qo‘llab-quvvatlash, xalqaro hamkorlikni kengaytirish va ilmiy ishlanmalarni amaliyotga joriy etish borasida amalga oshirilgan ishlar haqida ma’lumot berildi.
Matbuot anjumanida Innovatsion rivojlanish agentligi direktori v.v.b. Asror Norov 2026-yilning birinchi yarmida ilmiy va innovatsion faoliyatni qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha bir qator muhim natijalarga erishilganini ta’kidladi.
– Birinchi yarim yillikda, avvalo, ilmiy faoliyatni qo‘llab-quvvatlashga alohida e’tibor qaratdik. Davlat dasturlari doirasida 17 ta tanlov o‘tkazildi. Ularga 1 012 ta loyiha talabnomasi kelib tushdi. Tanlovlar natijasida umumiy qiymati 395,5 milliard so‘m bo‘lgan 202 ta ilmiy loyihani moliyalashtirishga qaror qilindi.
Ilmiy kadrlar tayyorlash masalasi ham e’tiborimiz markazida bo‘ldi. Oliy ta’limdan keyingi ta’limga qabul jarayonida 42 776 nafar talabgordan ariza qabul qilindi va ularning 16 045 nafari qabul qilindi. Ayni paytda stajyor-tadqiqotchilik va oliy ta’limdan keyingi ta’lim tizimida ilmiy tadqiqot olib borayotgan izlanuvchilar soni 42 037 nafarni tashkil etmoqda.
Biz uchun yosh olimlarni qo‘llab-quvvatlash va ularning xalqaro ilmiy muhitga kirib borishi ham juda muhim. Shu maqsadda Singapur, Ozarbayjon, AQSH, Koreya, Germaniya va Italiyaning yetakchi oliy ta’lim hamda ilmiy tashkilotlarida qisqa muddatli ilmiy stajirovkalarni tashkil etish bo‘yicha 7 ta maqsadli tanlov e’lon qilindi.

Xalqaro hamkorlik borasida ham muhim qadamlar tashlandi. Tojikiston Respublikasi Prezidentining O‘zbekistonga davlat tashrifi doirasida agentligimiz hamda Tojikiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Innovatsiyalar va raqamli texnologiyalar agentligi o‘rtasida hamkorlik to‘g‘risida memorandum imzolandi.
Qishloq xo‘jaligi sohasida ham xalqaro hamkorlikdagi amaliy loyihalarni kuchaytiryapmiz. Jumladan, Birlashgan Arab Amirliklarining Sho‘rlanish sharoitida biodehqonchilik xalqaro markazi (ICBA) bilan hamkorlikda Qoraqalpog‘istonda fermerlar va agrotadbirkorlarning qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini qayta ishlash hamda tijoratlashtirish ko‘nikmalarini rivojlantirishga qaratilgan loyiha amalga oshirilmoqda. Uning doirasida 200 nafar fermer va agrotadbirkorni qamrab olishni rejalashtirganmiz.
Shuningdek, Singapur, Germaniya, Koreya Respublikasi, Buyuk Britaniya, AQSH, Italiya va Fransiyaning yetakchi oliy ta’lim hamda ilmiy tashkilotlari bilan hamkorlikni kengaytirish bo‘yicha muzokaralar olib borildi va qator kelishuvlarga erishildi.
Xalqaro ilmiy hamkorlikning yana bir muhim natijasi sifatida Koreya Respublikasining Seul shahrida o‘tkazilishi rejalashtirilgan Global tadqiqot kengashining mintaqaviy yig‘ilishida O‘zbekistonning hamkor tashkilot sifatida ishtirok etishi rasman ma’qullanganini qayd etish mumkin.
Xitoy bilan ilmiy-texnik hamkorlikni rivojlantirish bo‘yicha ham kelishuvga erishdik. Unga ko‘ra, 2028-yilda yurtimizda O‘zbekiston-Xitoy Hukumatlararo ilmiy-texnik hamkorlik bo‘yicha quyi komissiyasining navbatdagi yig‘ilishini o‘tkazish rejalashtirilmoqda.
Ilm-fan va innovatsion faoliyatni raqamlashtirish muhim yo‘nalishlardan biridir. Bu borada ham yangi elektron platformalar ishlab chiqildi. Ular ilmiy laboratoriyalar faoliyatini, innovatsion ishlanmalarni tijoratlashtirish jarayonlarini hamda tadbirkorlar bilan ilmiy hamjamiyat o‘rtasidagi hamkorlikni yanada rivojlantirishga xizmat qiladi.
Umuman, birinchi yarim yillikdagi ishlarimizning asosiy maqsadi faqat ilmiy loyihalarni moliyalashtirish bilan cheklanib qolmasdan, ilmiy natijalarni amaliyotga olib kirish, yosh olimlar uchun imkoniyatlarni kengaytirish va xalqaro ilmiy hamkorlikni kuchaytirish kabi qator yo‘nalishlar rivojiga alohida urg‘u berildi, – dedi Asror Norov.
Matbuot anjumani yakunida jurnalistlar agentlik faoliyati, ilm-fan va innovatsiyalarni rivojlantirish, yosh olimlarni qo‘llab-quvvatlash hamda ilmiy ishlanmalarni amaliyotga joriy etishga doir o‘zlarini qiziqtirgan savollarga javob oldi.
Nasiba Ziyodullayeva, O‘zA