“INNOPROM. Markaziy Osiyo” sanoatchilar ko‘rgazmasi ish boshladi (+video)
20-22-aprel kunlari Toshkentda “INNOPROM. Markaziy Osiyo” VI xalqaro sanoat ko‘rgazmasi o‘z ishini boshladi. Sanoatchilarning bunday yirik anjumani iqtisodiyot, qishloq xo‘jaligi, to‘qimachilik, farmatsevtika, agrar va xalq xo‘jaligining boshqa tarmoqlarida qanday o‘zgarishlar ro‘y berayotganini, dunyoda mahsulot ishlab chiqarish qaysi yo‘ldan borayotganini ko‘rish va foydali shartnomalar tuzish uchun ayni muddaodir. Dastlab soha vakillari ishtirokida o‘tgan anjumanda yangi zamonaviy texnologiyalar bo‘yicha bir qator taqdimotlar tashkil etildi. Unda ta’kidlandiki, bugungi kunda birgina Markaziy Osiyo davlatlari va Rossiya Federatsiyasi o‘rtasida iqtisodiyotning turli yo‘nalishlarida 330 dan ortiq loyiha bo‘yicha 47 mlrd dollarlik shartnomalar mavjud. Biroq ko‘rgazma orqali bu raqamlarni yanada oshirish imkoni bor.
Yana bir e’tiborli tomoni ko‘rgazmaga xorijdan nufuzli mehmonlar, diplomatik korpus vakillari, O‘zbekiston bosh vazir o‘rinbasari, vazirlar, tashkilot rahbarlari, viloyat hokimlari qatnashayotgani sanoat sohasida ko‘plab masalalarni birgalikda hal qilish imkonini kengaytiradi hamda foydali shartnomalar imzolanishiga yo‘l ochib beradi.
Tadbirda Markaziy Osiyo davlatlari, Rossiya, Belarus, Xitoy va boshqa mamlakatlarning mashinasozlik, elektrotexnika, metallurgiya, kimyo sanoati, transport, qurilish, farmatsevtika, avtomobilsozlik, AT yo‘nalishidagi ilg‘or texnologik yechimlari, zamonaviy uskunalari va tayyor sanoat mahsulotlarining eng so‘nggi ishlanmalari namoyish etilmoqda.
- Bizni kompaniya 1995-yildan buyon Rossiya bozorida faoliyat olib boradi, - deydi Rossiya avtomobil aksessuarlari ishlab chiqaruvchi korxona vakili Andrey Timofeyev. – O‘zbekiston bozoriga ilk bor kirib kelmoqdamiz. Maqsadimiz avtoulov egalariga sifatli va kafolatli aksessuarlar yetkazib berish. Hozirda biz katta buyurtmalar olish ustida ish olib boryapmiz. Markaziy Osiyo bozorlarini o‘rgandik. Tahlillarimizga ko‘ra Xitoydan ko‘p texnikalar kirib kelar ekan. Kompaniyamiz mahsulotini sotib olganlarga nima bo‘lishidan qat’iy nazar kafolat bera oladi.
- Ushbu ko‘rgazmada ilk bor ishtirok etmoqdaman, - deydi dron ishlab chiqaruvchi Rossiya kompaniyasi vakili Maksim Kosinov. – Bizni kompaniya yuqori texnologik mahsulotlar tayyorlash markazi hisoblanadi. Moskva hududidagi sanoat parkida faoliyat olib boramiz. Bu maket uchuvchisiz uchish moslamasining kichraytirilgan ko‘rinishi. Haqiqiysining uzunligi 10 metr, ikki qanot o‘rtasidagi masofa 15 metr, balandligi 4-5 metrni tashkil qiladi. Ushbu apparatdan chekka hududlarga mahsulot yetkazishda ham foydalansa bo‘ladi. Jami 700 kilogramm yuk ko‘tara oladi. Agarda 50 foiz yuk olsa, 1200 km masofani bosib o‘tadi.
Quvonarlisi ko‘rgazmaga qo‘yilgan mahsulotlarning katta qismini mahalliy ishlab chiqaruvchilarimiz tomonidan taqdim etildi hamda zamonaviy uskuna va yangi texnologiyalarimiz ko‘pchilikning diqqat-e’tiborini tortdi.
Masalan, elektrotexnika sanoatimiz joriy yilda quyosh panellari uchun maxsus batareykalarni taqdim etgan bo‘lsa, Jizzax avtosanoati elektrda harakatlanuvchi mikroavtobusini yangilik sifatida namoyish etdi.
Albatta bunday tadbirlar avvalo milliy brendlarimizning jahon bozorlariga chiqishi uchun ulkan imkoniyatdir va tadbirkorlarimiz mahsulotlarini xalqaro miqyosda namoyish etish, yangi hamkorlar topish hamda eksport geografiyasini kengaytirishga xizmat qiladi.
Ko‘rgazma uchun ajratilgan 18 ming kvadrat metrdan iborat maydonda bo‘sh joyning o‘zi yo‘q. Bu yerda nafaqat mahsulotlarni namoyish qilish, balki plenar yig‘ilishlar, sessiyalar, davra suhbatlarida ishtirok etib, sanoat sohasidagi yangiliklarini bilib olish, V2V formatidagi uchrashuvlar orqali sheriklar topish uchun qulay muhit yuzaga kelgan. Bu esa uzoq muddatli sheriklik aloqalarini rivojlantirish va hududlararo hamkorlikni kengaytirishga yordam beradi.
Ko‘rgazma 22-aprelga qadar “CAEx” ko‘rgazmalar saroyida davom etadi.
<iframe width="650" height="420" src="https://www.youtube.com/embed/l4DgkeQnmuw" title="“INNOPROM. Markaziy Osiyo” sanoatchilar ko‘rgazmasi ish boshladi" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" referrerpolicy="strict-origin-when-cross-origin" allowfullscreen></iframe>Sanjar Toshpo‘latov, Doniyor Yakubov, Iskandar Ismatov, O‘zA