Inklyuziv ta’lim – teng imkoniyatlar
So‘nggi yillarda mamlakatimizda alohida ta’lim ehtiyojiga ega bo‘lgan bolalarning sifatli ta’lim olish huquqini ta’minlash, ularni jamiyat hayotiga faol jalb etish va teng imkoniyatlar yaratish davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishlaridan biriga aylandi. Bu borada amalga oshirilayotgan keng qamrovli islohotlar har bir bolaning imkoniyatlarini ro‘yobga chiqarish, ularning bilim olishi va ijtimoiylashuvi uchun zarur shart-sharoitlarni yaratishga xizmat qilmoqda.
Ayniqsa, Ijtimoiy himoya milliy agentligi hamda Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi tizimi o‘rtasidagi samarali hamkorlik inklyuziv ta’limni rivojlantirishda muhim ahamiyat kasb etmoqda. Agentlik tashkil etilganiga uch yil to‘lgan davr mobaynida Buxoro viloyatida ushbu yo‘nalishda salmoqli ishlar amalga oshirilib, ko‘plab ijobiy natijalarga erishildi.

Jumladan, Ijtimoiy himoya milliy agentligining Buxoro viloyat boshqarmasi hamda viloyat maktabgacha va maktab ta’limi boshqarmasi hamkorligida ta’lim muassasalarida inklyuziv muhit yaratish, pedagog kadrlar malakasini oshirish, ta’lim jarayonlarini zamonaviy talablar asosida tashkil etish hamda alohida ta’lim ehtiyojiga ega bo‘lgan bolalar uchun qulay sharoitlar yaratish bo‘yicha tizimli ishlar olib borildi.
Natijada umumta’lim maktablarida inklyuziv ta’lim joriy etilgan muassasalar soni keskin ortdi. Agar 2024-yilga qadar viloyatda atigi 25 ta umumta’lim maktabida inklyuziv ta’lim tashkil etilgan bo‘lsa, 2025-yilga kelib bu ko‘rsatkich 132 taga yetdi. Bu esa bir yil ichida inklyuziv ta’lim yo‘lga qo‘yilgan maktablar soni besh barobardan ziyod oshganini anglatadi.

Mazkur yo‘nalishdagi ishlar izchil davom ettirilib, 2026-yilda yana 70 ta umumta’lim maktabida inklyuziv ta’limni tashkil etish rejalashtirilgan. Bu esa alohida ta’lim ehtiyojiga ega bo‘lgan yanada ko‘proq bolalarning o‘z yashash hududidagi ta’lim muassasalarida teng imkoniyatlar asosida tahsil olishlariga zamin yaratadi.
Inklyuziv ta’limga qamrab olingan o‘quvchilar soni ham yil sayin ortib bormoqda. Xususan, 2024-yilga qadar 75 nafar bola mazkur tizim bilan qamrab olingan bo‘lsa, 2025-yilda ularning soni 266 nafarga yetdi. Bu esa ta’lim tizimida inklyuziv yondashuv samarali yo‘lga qo‘yilayotgani va ota-onalarning ham bu imkoniyatlarga bo‘lgan ishonchi ortib borayotganini ko‘rsatadi.
Maktabgacha ta’lim tizimida ham sezilarli natijalar qayd etilmoqda. 2025-yilda maktabgacha ta’lim tashkilotlaridagi inklyuziv guruhlarga 113 nafar alohida ta’lim ehtiyojiga ega bo‘lgan bola jalb qilindi. Ular uchun rivojlanish xususiyatlarini hisobga olgan holda maxsus ta’lim-tarbiya muhiti shakllantirilib, mutaxassislar tomonidan individual yondashuv asosida ish olib borilmoqda.

Kelgusi yilda esa yana 45 nafar bolani maktabgacha ta’lim tashkilotlaridagi inklyuziv guruhlarga jalb etish rejalashtirilgan. Bu bolalarning erta yoshdan ijtimoiylashuvi, muloqot ko‘nikmalarini rivojlantirishi hamda keyingi ta’lim bosqichlariga puxta tayyorgarlik ko‘rishida muhim ahamiyat kasb etadi.
Mutaxassislarning ta’kidlashicha, inklyuziv ta’lim nafaqat alohida ta’lim ehtiyojiga ega bo‘lgan bolalar uchun, balki barcha o‘quvchilar uchun ham bag‘rikenglik, o‘zaro hurmat, hamjihatlik va insonparvarlik qadriyatlarini shakllantirishga xizmat qiladi. Shu bois mazkur tizimni rivojlantirish bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlar jamiyatda inklyuziv madaniyatni qaror toptirishga munosib hissa qo‘shmoqda.
Ijtimoiy himoya milliy agentligi tashkil etilganining uch yilligi munosabati bilan sarhisob qilinayotgan natijalar shuni ko‘rsatmoqdaki, davlat tashkilotlari o‘rtasidagi samarali hamkorlik va tizimli yondashuv tufayli Buxoro viloyatida inklyuziv ta’limni rivojlantirish borasida muhim yutuqlarga erishildi. Eng muhimi, har bir bolaning ta’lim olish huquqini ta’minlash, ularning iqtidor va imkoniyatlarini ro‘yobga chiqarishga qaratilgan sa’y-harakatlar kelgusida ham izchil davom ettiriladi.
Zero, inklyuziv ta’lim bu faqat ta’lim tizimining bir yo‘nalishi emas, balki hech bir bola e’tibordan chetda qolmaydigan adolatli va insonparvar jamiyat qurishning muhim poydevoridir.
Zarif Komilov, O‘zA muxbiri