Inklyuziv ta’lim istiqbollari Samarqandda muhokama qilinmoqda
Samarqandda “Inklyuziv ta’limni rivojlantirish: muammolar va innovatsion yechimlar” mavzusida respublika amaliy seminari o‘z ishini boshladi.
Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi hamda Samarqand viloyati hokimligi hamkorligida tashkil etilgan seminarda vazirlik mas’ullari, oliy ta’lim muassasalari professor-o‘qituvchilari, ilmiy-tadqiqot institutlari vakillari, hududiy ta’lim boshqarmalari mutaxassislari hamda maxsus pedagoglar ishtirok etmoqda.
Tadbirning ochilish marosimida maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi boshqarma boshlig‘i Ro‘ziboy To‘rayev, Samarqand viloyati maktabgacha va maktab ta’limi boshqarmasi boshlig‘i vazifasini bajaruvchi Rustam Yo‘ldoshev so‘zga chiqib, inklyuziv jamiyatni shakllantirish, ta’lim tizimini rivojlantirish istiqbollari, maxsus pedagogikaning zamonaviy yondashuvlari, o‘quvchilarni kasb-hunarga yo‘naltirish, psixologik-pedagogik qo‘llab-quvvatlash va ta’lim sifatini oshirish masalalariga to‘xtalib o‘tdi.


Shundan so‘ng yurtimizda inklyuziv ta’lim tizimini rivojlantirish borasida amalga oshirilayotgan ishlar, mavjud qonunchilik, milliy tajriba va xalqaro amaliyot haqida so‘z bordi. Bu haqda soha bo‘yicha mas’ullar va mutaxassislar ma’lumot berdi.
Seminar shu’balarga bo‘lingan holda o‘z ishini davom ettirdi va ularda inklyuziv ta’limni tashkil etish bo‘yicha ilg‘or tajribalar, maxsus pedagoglar tayyorlash va ularning malakasini oshirish, ta’lim muassasalari o‘rtasidagi hamkorlik masalalari muhokama qilinmoqda.

– Umumta’lim maktablarida inklyuziv ta’limning yo‘lga qo‘yilishi aqliy va jismoniy rivojlanishda nuqsoni bo‘lgan bolalarning o‘z tengdoshlari bilan birga o‘qib, o‘zlarini jamiyatning boshqa a’zolaridan kam emasliklarini his qilishlariga yordam beradi, – deydi Samarqand shahridagi 63-maktab maxsus pedagogi Muhayyo Jumayeva. – Masalan, bizning maktabimizda 5 nafar shunday toifadagi o‘quvchilarimiz bo‘lib, ular umumiy sinflarda o‘qisa-da, alohida yondashgan holda mashg‘ulotlar o‘tamiz. Bu o‘quvchilarimiz dastlabki paytlarda bir kunda bir soat va undan ko‘proq vaqt darslarda qatnashgan bo‘lsa, keyinchalik ta’lim jarayoniga moslashib borganlari sari dars mashg‘ulotlaridagi ishtiroki ham ko‘payib bordi. Muhimi, ular fanlarni o‘zlashtirish bilan birga salomatligida ham ijobiy o‘zgarishlar kuzatildi. Shuning uchun inklyuziv ta’limni keng joriy etish, bu borada maxsus uslublarni ishlab chiqish juda muhim. Mazkur seminar ham ana shu maqsad yo‘lidagi muhim qadamlardan biri bo‘lmoqda.
Tadbir ishtirokchilari ertaga Samarqand shahridagi ayrim ta’lim muassasalarining inklyuziv ta’limni yo‘lga qo‘yish bo‘yicha tajribasi bilan tanishishi, “Yilning faol maxsus pedagogi” hududiy tanlovlari g‘oliblarini taqdirlash marosimi o‘tkazilishi ko‘zda tutilgan. Shuningdek, seminarning so‘nggi kunida maktabgacha va maktab ta’limi vazirining maxsus pedagoglar bilan ochiq muloqoti ko‘zda tutilgan.

Seminar doirasida Samarqand shahridagi “Yangi avlod” yoshlar bog‘ida “Sog‘ tanda – sog‘lom aql” shiori ostida tadbir qatnashchilari o‘rtasida “Zakovat” intellektual o‘yini va sport musobaqalari ham o‘tkazildi. Bunday tadbirlar seminar ishtirokchilari o‘rtasida jamoaviy hamjihatlikni mustahkamlash, sog‘lom turmush tarzini targ‘ib etish hamda intellektual salohiyatni yuksaltirishga xizmat qilishi ta’kidlandi.
G‘.Hasanov, O‘zA muxbiri