Infratuzilmaga amaliy e’tibor
Jizzax viloyatining Baxmal tumanida davlat dasturlari doirasida barpo etilayotgan ijtimoiy infratuzilma ob’ektlarining qurilish jarayonlari amaliy jihatdan o‘rganildi. Asosiy e’tibor aholini sifatli ichimlik suvi bilan ta’minlash hamda tibbiyot infratuzilmasini mustahkamlashga xizmat qiladigan loyihalarning bajarilish holatiga qaratildi.
Senatning Fan, ta’lim va sog‘liqni saqlash masalalari qo‘mitasi a’zosi Husan Ermatov tumanda amalga oshirilayotgan qurilish ishlari bilan tanishar ekan, aholini markazlashgan toza ichimlik suvi bilan ta’minlashga mo‘ljallangan inshootdagi ishlar ko‘lamini ko‘zdan kechirdi.

O‘rganishlar chog‘ida qurilish-montaj ishlarining sifati, ularning tasdiqlangan loyiha hujjatlari talablariga muvofiqligi, shuningdek, mazkur inshoot foydalanishga topshirilgach, aholini uzluksiz markazlashgan ichimlik suvi bilan ta’minlash imkoniyatlari atroflicha muhokama qilindi. Mas’ullar bilan amaliy muloqotda loyihani sifatli va belgilangan talablar asosida yakunlashga doir masalalarga alohida e’tibor qaratildi.

Shuningdek, O‘smat shaharchasida barpo etilayotgan tug‘ruq kompleksi qurilishi ham batafsil o‘rganildi. Ob’ektda bajarilayotgan ishlar sifati, qurilishning tasdiqlangan jadval asosida olib borilishi hamda har bir bosqichda sifat nazoratini yanada kuchaytirish yuzasidan fikr almashildi.

Senatorning quruvchilar va mas’ullar bilan muloqoti davomida qurilish ishlarini belgilangan muddatlarda, yuqori sifat talablari asosida yakunlash, ish jarayonida yuzaga kelayotgan masalalarni tezkor hal etish, ajratilgan mablag‘lardan oqilona va samarali foydalanish hamda ob’ektlarni belgilangan muddatlarda foydalanishga topshirishni ta’minlash bo‘yicha tegishli tavsiyalar berildi.
Abdujalol Qayumov, O‘zA muxbiri