Inflyatsiya darajasini pasaytirish belgilandi
Poytaxtimizdagi Yoshlar ijod saroyida “Kambag‘allikni qisqartirish, ijtimoiy ko‘makka muhtoj bo‘lgan qatlam bilan ishlash tizimi, “Temir daftar”, “Ayollar daftari” va “Yoshlar daftari” doirasida qilingan ishlarning sarhisobiga bag‘ishlangan brifing bo‘lib o‘tdi.
Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi, Markaziy bank, Moliya vazirligi, Iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish vazirligi, Mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash vazirligi va Savdo-sanoat palatasi rahbar va mas’ul xodimlari ishtirok etgan brifingda 2017-2021 yillarda makroiqtisodiy barqarorlikni ta’minlash va kambag‘allikni qisqartirish yo‘nalishida amalga oshirilgan islohotlar, ularning natijadorligi, 2017-2021 yillarda bank tizimida amalga oshirilgan asosiy islohotlar, byudjet ochiqligi, ijtimoiy himoya, “Ayollar daftari”, “Temir daftar”, “Yoshlar daftari” sohasida amalga oshirilayotgan ishlar, biznesni qo‘llab-quvvatlash va uni sifat jihatidan yangi bosqichga olib chiqish borasida ko‘rilgan asosiy choralar to‘g‘risida ma’ruzalar tinglandi.
Markaziy bank raisi o‘rinbosari Behzod Hamrayev aholini yillar davomida qiynab kelgan naqd pul muammosi yechimi qanday amalga oshirilgani va qanday natijalarga olib kelgani borasida ham aytib o‘tdi.
–-Ichki valyuta bozori va naqd pul muomalasidagi muammo va to‘siqlar yillar davomida inflyatsiyaning yuqori ikki xonalik son darajasida shakllanishiga olib kelish bilan birga tadbirkorlikni rivojlantirishga salbiy ta’sir ko‘rsatib kelgan, –- deydi Markaziy bank raisi o‘rinbosari.–2017 yilda pul-kredit siyosatini rivojlantirishda inflyatsion targetlash rejimini joriy qilishga qaratilgan tayyorgarlik ishlari boshlandi hamda iqtisodiyotda narxlar barqarorligini ta’minlash Markaziy bankning asosiy vazifasi etib belgilanishi, pul-kredit siyosatini rivojlantirishdagi muhim qadamlardan biri bo‘ldi.
Mamlakatda narxlar barqarorligini ta’minlash maqsadida 2020 yildan pul-kredit siyosatini inflyatsiyani targetlash rejimiga o‘tkazishning aktiv fazasi boshlanib, 2021 yilda inflyatsiya darajasini 10 foiz, 2023 yilda 5 foiz darajadagi doimiy inflyatsion maqsadgacha (targetgacha) pasaytirish belgilandi.Bunda, pul-kredit siyosatini inflyatsion tergetlash rejimiga muvofiqlashtirish maqsadida zamonaviy pul-kredit instrumentlari to‘plami joriy etildi.Amalga oshirilgan ishlar natijasida inflyatsiya darajasini 2017 yil oxiridagi yillik 18,8 foizdan 2020 yil oxirida yillik 11,1 foizgacha pasaytirishga erishildi.
Shahnoza Mamaturopova,
O‘zA