Indoneziya parlamenti delegatsiyasi O‘zbekistonning ma’naviy-ma’rifiy merosi bilan tanishdi
Indoneziya Respublikasi Xalq maslahati kengashi Raisi Ahmad Muzani boshchiligidagi delegatsiya O‘zbekistonga tashrif doirasida mamlakatimizning qator ma’naviy-ma’rifiy va diniy muassasalarida bo‘ldi.
Xususan, mehmonlar Islom sivilizatsiyasi markazida bo‘lib, yurtimizda asrlar davomida shakllangan boy ilmiy-ma’rifiy meros, buyuk allomalarning jahon ilm-fani va sivilizatsiyasi taraqqiyotiga qo‘shgan beqiyos hissasi haqida ma’lumot oldi.
Delegatsiya a’zolari Markazda joriy etilgan zamonaviy muzey texnologiyalari, noyob qo‘lyozmalar va ekspozitsiyalarni yuksak baholab, uning yosh avlodni milliy va umuminsoniy qadriyatlar ruhida tarbiyalashdagi o‘rnini alohida e’tirof etdi.

Shundan so‘ng parlament delegatsiyasi a’zolari O‘zbekiston musulmonlari idorasi hamda Din ishlari bo‘yicha qo‘mitada O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy Shayx Nuriddin Xoliqnazar hazratlari bilan suhbat chog‘ida mamlakatimizda diniy-ma’rifiy sohada amalga oshirilayotgan islohotlar, konfessiyalararo totuvlik va diniy bag‘rikenglikni mustahkamlash, diniy ta’lim hamda ilmiy tadqiqotlarni rivojlantirish bo‘yicha olib borilayotgan ishlar xususida fikr almashdi.
O‘zbekiston va Indoneziya xalqlarini bog‘lab turgan umumiy ma’naviy qadriyatlar, buyuk allomalar merosi, diniy-ma’rifiy hamkorlikni yanada rivojlantirish, ilm-fan, diniy ta’lim va ziyorat turizmi bo‘yicha aloqalarni kengaytirish masalalari muhokama qilindi.

Uchrashuvlar yakunida tomonlar umumiy ma’naviy merosni asrab-avaylash, uni keng targ‘ib qilish va kelajak avlodlarga yetkazish yo‘lidagi o‘zaro hamkorlikni izchil davom ettirishga tayyor ekanliklarini ta’kidladi.
N.Abduraimova, O‘zA