Imzo yig‘ish jarayoni qizg‘in bormoqda
Tez kunda mamlakatimiz hayotida muhim siyosiy jarayon – O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Qonunchilik palatasi hamda mahalliy Kengashlar deputatligiga saylovlar bo‘lib o‘tadi. Mazkur jarayonlar demokratik jamiyatning ajralmas qismi bo‘lib, fuqarolarning siyosiy huquqlarini namoyon qilish uchun muhim imkoniyatdir.
Shu munosabat bilan “Adolat” SDP Toshkent viloyati Kengashi tomonidan “Toshkent issiqlik elektr stansiyasi” AJ ma’muriy binosi oldida imzo yig‘ish punkti tashkil etildi. Unda partiya viloyat Kengashi raisi Gulnora Ahmedova, “Energetiklar” partiya boshlang‘ich tashkiloti a’zolari va xayrixohlar ishtirok etdi. Imzo yig‘ish punktida fuqarolarga yaratilgan qulayliklardan foydalanib, “Adolat” sotsial-demokratik partiyasi va uning g‘oyalarini qo‘llab-quvvatlab imzo qo‘ydi.
[gallery-18648]
– Yurtimizda saylov kampaniyasi qizg‘in pallaga kirgan, – deydi korxona xodimi, partiya faoli Xurshid Abduvaliyev. – Men uchun saylovlarda qatnashish va o‘z fikrimni bildirish juda muhim. “Adolat” SDPning maqsadlari va dasturlari menga juda yoqadi. Shuning uchun ularni qo‘llab-quvvatlash va imzo yig‘ish jarayonida qatnashishga qaror qildim. Bu orqali biz o‘z kelajagimizni belgilaymiz.
– Imzo yig‘ish punkti juda yaxshi tashkil etilgan, – deydi “Toshkent IES” AJ kasaba uyushmasi raisi Munira Qosimova. – Eng muhim jihati fuqarolarning o‘z fikrini erkin bildirishi va saylov jarayoniga faol ishtirok etishga intilishidir. Bu demokratiyaning asosiy tamoyillaridan biri.
Imzo yig‘ish jarayonida “Farovon” va “Bunyodkor” mahalla fuqarolar yig‘inlari aholisi ham faol qatnashdi. Toshkent viloyatida partiyaning barcha hududiy Kengashlarida saylovchilar imzosini to‘plash uyushqoqlik bilan davom etmoqda.
A.Musayev,O‘zA.