Imkoniyat yaratish barobarida yoshlarning undan foydalanishga bo‘lgan ishonchi ham muhim
Bugun dunyoda geosiyosiy ziddiyatlar, qurolli mojarolar, iqlim o‘zgarishi, iqtisodiy tengsizlik va ijtimoiy beqarorlik tobora keskin tus olayotgan bir paytda yoshlarning huquq va manfaatlarini himoya qilish, ularni qo‘llab-quvvatlash dolzarb ahamiyatga ega. Shu ma’noda Samarqand shahrida bo‘lib o‘tgan Parlamentlararo Ittifoqning XII Yosh parlament a’zolari butunjahon konferensiyasi yoshlarni birlashtirish, ularning ovozini, tashabbuslarini global darajaga olib chiqishda muhim platforma bo‘lib xizmat qiladi.
Mazkur anjuman hamda yurtimizda yoshlarga yaratilayotgan keng imkoniyatlar ahamiyati borasida Oliy Majlis Qonunchilik palatasining yosh deputatlaridan biri Madina Baratova o‘z fikr-mulohazalarini bildirdi:
— Menimcha, bugungi yoshlar uchun eng muhim tushunchalardan biri — teng imkoniyat. Qayerda tug‘ilganimiz, qaysi hududda yashashimiz yoki oilamizning imkoniyati kelajagimizni oldindan belgilab qo‘ymasligi kerak. Yosh insonda bilim, qobiliyat va harakat bo‘lsa, uning oldida ta’lim olish, kasb egallash, ilm bilan shug‘ullanish, tadbirkorlikni boshlash yoki davlat va jamiyat boshqaruvida ishtirok etish uchun real yo‘l bo‘lishi kerak. O‘zbekistonda yoshlar siyosatining bugungi bosqichini aynan imkoniyatlarni kengaytirish jarayoni sifatida ko‘raman.
Prezidentimizning konferensiya ishtirokchilariga yo‘llagan tabrigida mamlakatimiz aholisining qariyb 56 foizini yoshlar tashkil qilishi qayd etildi. Bu juda katta kuch. Lekin yoshlar sonining ko‘pligi o‘z-o‘zidan ustunlik bermaydi. Agar bu avlod sifatli ta’lim olsa, zamonaviy kasb va texnologiyalarni egallasa, mustaqil fikrlasa va jamiyat hayotida faol bo‘lsa, shundagina bu demografik imkoniyat katta taraqqiyot resursiga aylanadi.
Shu ma’noda yoshlar uchun qilinayotgan har bir investitsiya aslida mamlakatning ertangi raqobatbardoshligiga kiritilayotgan investitsiyadir. Bugun yosh qizlar uchun ham imkoniyatlar doirasi kengaymoqda. Ilm-fan, texnologiya, muhandislik, tadbirkorlik, davlat boshqaruvi kabi ilgari qizlar kamroq ko‘rinadigan sohalarga yangi avlod vakillari dadil kirib kelmoqda.
Biroq bu borada hali qiladigan ishlarimiz ko‘p. Ayniqsa, hududlardagi qizlarning sifatli ta’lim, xorijiy til, raqamli ko‘nikma, mentorlik va professional tarmoqlarga kirish imkoniyatlarini yanada kengaytirish kerak. Imkoniyat yaratish bilan birga, yoshlarning o‘sha imkoniyatdan foydalanishga bo‘lgan ishonchini ham kuchaytirish muhim.
Prezident tabrigidagi dunyoning TOP-100 oliy ta’lim muassasalarida tahsil olayotgan o‘zbekistonlik yoshlar soni 3,5 ming nafardan oshgani haqidagi ko‘rsatkich menda alohida taassurot qoldirdi. Bu minglab yoshlarning dunyoning eng kuchli akademik muhitida bilim va tajriba olayotganini anglatadi.
Keyingi muhim masala — bu bilimni O‘zbekiston taraqqiyoti bilan bog‘lash. Xorijda o‘qiyotgan yoshlar bilan muntazam aloqada bo‘lish, ularni mamlakatdagi loyihalar, ilmiy markazlar, davlat idoralari va xususiy sektor bilan bog‘lash orqali juda katta intellektual tarmoq yaratish mumkin.
Inson huquqlari haqida ham yoshlar tilida sodda gapirishimiz kerak. Huquq — bu faqat qonun kitobidagi modda emas. Bu yoshning sifatli ta’lim olishi, ishga kirishda adolatli imkoniyatga ega bo‘lishi, fikrini erkin bildira olishi, internetda shaxsiy ma’lumotlari himoyalanishi, zo‘ravonlik va kamsitishdan xoli yashashi demakdir. Samarqand konferensiyasi ana shu masalalarni turli davlatlar tajribasi asosida ochiq muhokama qilish uchun yaxshi imkoniyat bo‘ldi.
Muhtarama Komilova yozib oldi, O‘zA