Iloq — qadim madaniyat va an’analar beshigi
Ohangaron tumanining betakror tabiati bag‘rida joylashgan O‘rg‘ozsoy kengliklari bugun milliy qadriyatlar, xalq og‘zaki ijodi va madaniy merosning haqiqiy bayramiga aylandi. Bu yerda an’anaviy sakkizinchi "Iloq" xalqaro etnografik festivali yuqori saviyada o‘tkazildi.
Xalqaro “Oltin meros” xayriya jamoat fondi, Toshkent viloyati va Ohangaron tumani hokimliklari, bir qator davlat va jamoat tashkilotlari bilan hamkorlikda tashkil etilgan mazkur tadbirda hududlardan kelgan badiiy jamoalar va dorbozlar guruhlari, O‘zbekiston jang san’ati federatsiyasi badiiy jamoasi faol kompozitsiyasi bilan barchaga o‘zgacha kayfiyat ulashdi. Festivalga kelgan mehmonlar qadimgi Iloq davlatining tarixi, madaniyati, urf-odatlari bilan yaqindan tanishdi.

Festivalning tantanali ochilish marosimida Ohangaron tumani hokimi Bahrom Norqobilov hamda "Oltin meros" xalqaro xayriya jamg‘armasi raisi Amirqul Karimov yig‘ilganlarni ushbu madaniy anjuman bilan qutladi. So‘zga chiqqanlar qadimiy Iloq zaminining tarixiy ahamiyati, milliy merosni asrab-avaylash va uni kelajak avlodlarga yetkazish masalalariga alohida to‘xtalib o‘tdi.

– Prezidentimiz tashabbusi bilan mamlakatimizda madaniy meros ob’ektlarini muhofaza qilish, qadimiy shaharlar va tarixiy qadamjolarni o‘rganish, xalq amaliy san’ati va milliy an’analarni qo‘llab-quvvatlashga alohida e’tibor qaratilmoqda, – deydi Ohangaron tumani hokimi B.Norqobilov. – Mana shunday ezgu maqsadlar asosida o‘tayotgan ushbu festival ham nafaqat tarixiy merosimizni targ‘ib qilish, balki millatlar va madaniyatlar o‘rtasidagi do‘stlik rishtalarini mustahkamlash, hunarmandchilik, milliy folklor va qadimiy an’analarimizni keng namoyon etish uchun ham muhim maydon vazifasini o‘taydi. Ishonamanki, mazkur festival nafaqat tariximizni ulug‘lashga, balki tumanimiz turizm salohiyatini yanada oshirishga, milliy madaniyatimizni xalqaro miqyosda keng targ‘ib etishga ham munosib hissa qo‘shadi.


Mutaxassislar ta’kidlashicha, bugungi Ohangaron tumani hududida milodiy 5-10 asrlarda Iloq davlati mavjud bo‘lgan. Bu davlat nafaqat Movarounnahr, balki butun Sharq sivilizatsiyasi taraqqiyotida muhim o‘rin tutgan hududlardan biri hisoblangan. Iloq zamini azaldan tabiiy boyliklarga, xususan, oltin, kumush, mis va qimmatbaho zargarlik toshlariga boyligi bilan mashhur bo‘lgan. Ayniqsa, feruza toshlari va nodir metallar qazib olinishi bu hududning iqtisodiy va madaniy taraqqiyotiga katta turtki bergan.


Qadimgi Iloqda konchilik va metallurgiya yuqori darajada rivojlangan bo‘lib, mahalliy ustalar tayyorlagan mahsulotlar o‘zining sifati va noyobligi bilan uzoq mamlakatlargacha yetib borgan. Bu yerdagi zarbxonalarda tangalar zarb qilingan, temirchilik va zargarlik san’ati yuksak darajaga ko‘tarilgan. Shu bilan birga, aholi dehqonchilik, chorvachilik va turli hunarmandchilik tarmoqlari bilan shug‘ullanib, o‘ziga xos madaniy muhitni shakllantirgan. Bu zaminda yaratilgan moddiy va ma’naviy boyliklar bugungi kunda ham xalqimiz milliy merosining ajralmas qismi bo‘lib qolmoqda.

Bu joylardagi qishloqlarning nomlari Susam, Sanam, Ungut, Qoraxitoy, Shovg‘oz, Ertosh deb nomlanishi ham uzoq tarixga borib taqaladi. Ko‘pgina qishloqlar bir zamonlar shu yerda yashagan qadimiy qabilalar nomi bilan ataladi. Tumanda noyob qadim zamon yodgorliklari, qadimiy tosh va ko‘hna daraxtlar ko‘p.

“Iloq” etnografik festivali birinchi marta 2016-yilda Ohangaron tumani Sanam qishlog‘ida o‘tkazildi. Keyingi yillarda esa festival manzili bir nechta bor o‘zgardi. Bu yilgisi esa yettinchisi bo‘lib, Xalqaro “Oltin meros” xayriya jamoat fondining g‘oyasi asosida mazmunan shakllantirildi. Tashkilotchilar tomonidan ko‘rilgan sa’y-harakatlar o‘zini oqladi. Jarayonda faol qatnashgan folklor jamoalar, ijodkorlar taqdirlandi.

– Festivalda biz xalqimizning qadimgi urf-odatlari aks etgan turli milliy o‘yinlar, qo‘shiqlar va o‘lanlarni ijro qildik, – deydi “To‘rg‘ay” folklor jamoasi rahbari Alisher Umarov. – Kelgan mehmonlarga bu ijod namunalarimiz juda manzur bo‘ldi. Jamoamiz bilan birga unutilayotgan kuy-qo‘shiqlarni yoshlarga yetkazish uchun harakat qilyapmiz. Ma’lumki, Prezident Shavkat Mirziyoyev 1-iyun kuni madaniyat va san’at sohasi vakillari bilan o‘tkazilgan uchrashuvda ham ijod ahliga yangi imtiyozlar, tashabbuslar haqida atroflicha aytib o‘tdi. madaniyat va san’at xalq ma’naviyati, jamiyat tafakkuri va yoshlar tarbiyasida beqiyos o‘rin tutishini ta’kidlandi. Biz bu jarayonni katta hayajon bilan kuzatib bordik. Ushbu sa’y-harakatlarning amaliy isboti bo‘lgan "Iloq" xalqaro etnografik festivali ham Toshkent viloyatining qadimgi madaniyatini tarannum qiluvchi vositadir. Bu jarayonga biz ham hissamizni qo‘shayotganimizdan faxrlanamiz.

Kun davomida ishtirokchilar barcha ko‘ngilochar konsert dasturlari, maydon tomoshalari, qolaversa, gastro, etno, sport turizmlari imkoniyatlaridan bahra oldi.
A.Musayev, O‘zA