Ilon Maskning Grok chat-boti Turkiyada bloklab qo‘yildi (+video)
Ilon Maskning sun’iy idrokka asoslangan Grok chat-boti Erdog‘anni haqorat qilgani uchun Turkiyada bloklab qo‘yildi. Mazkur qaror chat-bot prezident Rejep Tayyip Erdog‘an, Turkiya Respublikasi asoschisi Mustafo Kamol Otaturk va diniy qadriyatlarni haqoratlovchi javoblar berayotgani ma’lum bo‘lganidan so‘ng qabul qilingan.
Anqara prokuraturasi ushbu holat yuzasidan tergov boshlanganini ma’lum qildi. Reuters'ning ta’kidlashicha, bu Turkiyada sun’iy intellekt tomonidan yaratilgan kontentga qo‘yilgan ilk taqiq hisoblanadi. Avvalroq Ilon Mask Grok chat-botining ishlashi "sezilarli darajada takomillashtirilgani" haqida aytgan edi. Yangilanish e’lon qilinganidan so‘ng, nafaqat Turkiya, balki boshqa mamlakatlardagi foydalanuvchilar ham Grok tizimining g‘alati xatti-harakatlarini payqanini bildirishgan. Grok chat-boti odamlarga haqoratli so‘zlar yozish, Adolf Gitlerni maqtash, antisemit iboralardan foydalanish kabi holatlarni namoyon qila boshladi.Bundan tashqari, Grok savolning ifodalanishiga qarab, goh Ukrainani qo‘llab-quvvatlasa, goh Rossiyaning keng ko‘lamli bosqini tarafdorlarini yoqlab chiqqan. xAi kompaniyasi Grok'ning so‘nggi javoblaridan xabardor ekanligini bildirib, nomaqbul ma’lumotlarni o‘chirish bo‘yicha faol ish olib borayotganini ma’lum qildi.
Sun’iy intellektning bugungi taraqqiyoti – bu hali boshlanishi. Bu kichkintoyning ilk qadamlariga o‘xshaydi – bir tomondan hayratli, boshqa tomondan esa tashvishli. Chunki biz nima yaratganimizni hali to‘liq tushunib ulgurmadik. Ammo bir narsa aniq – kelajak allaqachon boshlangan va sun’iy ong biz bilan birga yashamoqda. Sun’iy intellekt siz foydalanayotgan internet tarmog‘iga kirib ko‘rayotgan narsalaringizni boshqara oladi. U sizga eng yoqadigan narsalarni chiqarib bersa, ba’zan hatto siz yoqtirmagan biror mashhur shaxs haqida yolg‘on ma’lumotlarni taqdim qilishi mumkin. Undan nimadir so‘rasangiz u sizga o‘zida mavjud eng maqbul javobni beradi, lekin ularda haqiqat tushunchasi mavjud emas. Agar u savolning javobini bilmasa oddiygina yolg‘on to‘qib qo‘ya qoladi.
Aksariyat inson programmistlar terroristik va shu kabi inson hayotiga xavf soladigan ishlar uchun harakatlanish dasturini tuzishni rad etadi. Ammo, nima vazifa berganingizda uni bajaruvchi yordamchingiz bo‘lsachi? Bunday qurolli hujumlarni uyushtirish va tashkil etish juda oson bo‘lib qoladi. Aynan bu ham mutaxassislar o‘ylab ko‘rishi lozim bo‘lgan dolzarb mavzudir.
Hattoki, Britaniyada sun’iy intellektning insonlarga tahdid qilgani ro‘yxatga olingan. U qo‘rqilishi va cheklab qo‘yilishi lozim bo‘lgan xavf emas. Shunchaki uni inson boshqaruvidan chiqarib yubormaslik kerak. Lekin, nima bo‘lgan va zamon qanday rivojlangan taqdirda ham unga “ongi” bor mavjudot degan qarashda bo‘lmang. Hozir uning qanday imkoniyatlari bo‘lsa, bularning bari inson tomonidan dasturlangan. Shunday ekan, har qanday sun’iy intellektga bog‘lanib qolmaslik va u tomonidan taqdim etilgan ma’lumotlarga ishonmaslik o‘z qo‘limizda.
<iframe width="560" height="315" src="https://www.youtube.com/embed/DkdtPj5eSJg?si=8GmrkQRJYBRH-4mp" title="YouTube video player" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" referrerpolicy="strict-origin-when-cross-origin" allowfullscreen></iframe>M.Turdaliyeva, A.Ahmedov,O‘zA