Ilmli ayol – millat tayanchi
Yangi O‘zbekistonda xotin-qizlarning huquq va manfaatlarini ta’minlash, ularning ta’lim olishi, kasb-hunar egallashi, ilm-fan va innovatsiyalar sohasida o‘z iqtidorini namoyon etishi uchun keng imkoniyatlar yaratilmoqda. Bu ezgu maqsadlar amalda qanday samara berayotganini Buxoro viloyati Olot tumanida tashkil etilgan “Ilmli ayol – kuchli jamiyat” forumi misolida yana bir bor ko‘rish mumkin bo‘ldi.
Forum nafaqat fikrlar maydoni, balki kelajak avlod taqdirini belgilaydigan muhim g‘oyalar va tashabbuslar muhokama qilingan nufuzli ma’rifiy platformaga aylandi.
Tadbirda ishtirok etgan O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining o‘rinbosari – Oila va xotin-qizlar qo‘mitasi raisi Zulayho Mahkamova mamlakatimizda xotin-qizlarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash borasida amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlar haqida to‘xtalib o‘tdi.
Ta’kidlanganidek, bugungi kunda ehtiyojmand oilalardagi qizlar uchun maxsus davlat grantlari ajratilmoqda, ta’lim kreditlari foizsiz shaklda taqdim etilmoqda, magistratura bosqichida tahsil olayotgan qizlarning kontrakt to‘lovlari davlat tomonidan qoplab berilmoqda. Bu kabi imkoniyatlar yuzlab qizlarning orzularini ro‘yobga chiqarishga, ularning ilm olish yo‘lidagi to‘siqlarni bartaraf etishga xizmat qilmoqda.

Forumda ishtirok etgan olimalar, professorlar, pedagoglar, axborot texnologiyalari sohasi mutaxassislari va jamoatchilik faollari ayollarning jamiyat taraqqiyotidagi o‘rni haqida o‘z qarashlari bilan o‘rtoqlashdi.
Buxoro viloyati hokimining o‘rinbosari, Oila va xotin-qizlar boshqarmasi boshlig‘i Hafiza Artikova, innovatsion loyihalar muallifi va IT mutaxassisi Gulnora Bo‘ronova, “Ayol ma’rifati” jamoatchilik kengashining hududiy tayanch guruhi raisi, professor Laylo Sharipova hamda “Oqila ayollar” harakati viloyat rahbari, tibbiyot fanlari doktori Donoxon Achilovalar tomonidan bildirilgan fikrlar forum ishtirokchilarida katta qiziqish uyg‘otdi.
Ayniqsa, raqamli iqtisodiyot, sun’iy intellekt, muhandislik va zamonaviy texnologiyalar sohalarida qizlarning ishtirokini kengaytirish masalalari keng muhokama qilindi. Mutaxassislar bugungi kunda dunyo mehnat bozorida raqobatbardosh bo‘lish uchun qizlar STEM va IT yo‘nalishlarini chuqur o‘zlashtirishlari zarurligini ta’kidladi.

Forumning yana bir ahamiyatli jihati shunda bo‘ldiki, unda hayot tajribasi boy bo‘lgan ibratli onalar va farzandlarning ta’lim olishiga munosib hissa qo‘shayotgan ota-onalar ham ishtirok etdi.
Ular farzand tarbiyasida oilaning o‘rni, ilmning inson taqdiridagi hal qiluvchi ahamiyati, qizlarning mustaqil fikrlaydigan, bilimli va vatanparvar insonlar bo‘lib kamol topishida ota-onaning mas’uliyati haqida ta’sirli fikrlar bildirdi.
Tadbir doirasida tashkil etilgan “Ta’limga eltuvchi yo‘l”, “Qizlar va kelajak kasblari”, “Oila va karera – muvozanat san’ati” mavzularidagi panel sessiyalar forumning amaliy ahamiyatini yanada oshirdi.
Ushbu muloqot maydonlarida qizlarning ta’lim olishiga to‘sqinlik qilayotgan omillarni bartaraf etish, yangi kasblarni egallash imkoniyatlari, raqamli texnologiyalar sohasidagi istiqbolli yo‘nalishlar hamda oilaviy hayot bilan kasbiy faoliyatni uyg‘unlashtirish masalalari atroflicha muhokama qilindi.

Forumning eng ta’sirli lahzalari esa turli sohalarda muvaffaqiyat qozonayotgan iqtidorli qizlarni taqdirlash marosimida namoyon bo‘ldi. Ilm-fan, ta’lim, sport, madaniyat, axborot texnologiyalari va jamoatchilik faoliyatida yuqori natijalarga erishgan yoshlar munosib e’tirof etildi.
Bu nafaqat ularning mehnatiga berilgan baho, balki minglab qizlar uchun yangi marralar sari ilhom va ruhlantirish manbai bo‘ldi.

Bugungi dunyo tajribasi shuni ko‘rsatmoqdaki, qaysi mamlakatda ayollarning ta’lim darajasi yuqori bo‘lsa, o‘sha jamiyatning iqtisodiy va ijtimoiy taraqqiyoti ham shunchalik tezlashadi. Chunki ilmli ayol – ma’rifatli oila, ma’rifatli oila esa barqaror va kuchli jamiyat poydevoridir.
Olot tumanida o‘tkazilgan mazkur forum ana shu haqiqatning yana bir yorqin tasdig‘i bo‘ldi. Bu tadbir nafaqat xotin-qizlarning bilim olishga bo‘lgan intilishini qo‘llab-quvvatlaydi, balki ularning jamiyatdagi faolligi, tashabbuskorligi va liderlik salohiyatini yanada yuksaltirishga xizmat qiladi.
Zarif Komilov, O‘zA muxbiri