Ilmiy tadqiqotlar uchun yagona elektron bank tashkil qilinmoqda
Professional yangi avlod rahbar kadrlarini tayyorlash tizimini takomillashtirish maqsadida davlatimiz rahbarining 2025-yil 5-mayda “Istiqbolli kadrlarni maqsadli tayyorlash hamda ularni davlat boshqaruvi va xizmatiga samarali jalb etish tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmoni qabul qilingan.
Unda kadrlarni tarmoq va sohalar uchun qayta tayyorlash va malakasini oshirish, shuningdek, mazkur sohada samarali ilmiy-innovatsion tadqiqotlar olib borish tartib-taomillarini yaxshilash ham ko‘zda tutilgan.
Farmon ijrosi doirasida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Davlat siyosati va boshqaruvi akademiyasi faoliyati tubdan takomillashtirildi.
Akademiyada ilg‘or xorijiy tajribaga muvofiq davlat fuqarolik xizmatchilari va boshqaruv kadrlarining salohiyatini muntazam rivojlantirishga qaratilgan ta’lim dasturlari va loyihalari ishlab chiqildi.
Davlat xizmatchilarining malakasini muntazam oshirib borish bilan birga ularni qayta tayyorlash ham yo‘lga qo‘yildi. Boshqaruv kadrlari magistratura va oliy ta’limdan keyingi ta’lim bosqichlarida o‘qitilmoqda.
Iqtisodiy hamkorlik va taraqqiyot tashkilotining tayanch tavsiyalari hamda milliy qadriyatlarimiz va axloq normalarini inobatga olgan holda yaratiladigan professional kompetensiyalar asosida kadrlar tayyorlash va ularning salohiyatini muntazam oshirish tashkil etilgan.
Ta’lim dasturlarini xorijiy tashkilotlar bilan hamkorlikda tashkil etish hamda ularni boshqaruv kadrlarining kasbiy kompetensiyalarini milliy qonunchilik talablari va xalqaro tashkilotlar tavsiyalari asosida rivojlantirishga yo‘naltirilmoqda.

Ta’lim va tadqiqot jarayonlarini fakultetlar va kafedralar negizida tashkil etiladigan ilg‘or xorijiy tajribaga asoslangan ta’lim - tadqiqot - amaliyot maktablari orqali olib borilayotir.
Boshqaruv kadrlari va davlat xizmatchilarini tayyorlash, ularning malakasini oshirishda raqamli va sun’iy intellekt texnologiyalarini keng qo‘llash maqsadida ularning raqamli kompetensiyalari muntazam oshirilmoqda.
Akademiya faoliyatini strategik rivojlantirish, uni xalqaro standartlar darajasiga ko‘tarish, ilmiy-pedagogik va moddiy-texnik salohiyatini kuchaytirish jarayonlariga investitsiyalarni jalb etish doimiy kun tartibida.
Davlat xizmatchilarida zamonaviy rahbarning «ma’naviy qiyofa»sini shakllantirish asosida ta’lim dasturlari tashkil etilmoqda. Ta’lim va tadqiqot jarayonlarini to‘liq raqamlashtirish, o‘quv jarayonini ilg‘or xorijiy tajribalarga muvofiq tashkil etish, davlat xizmati va boshqaruvini takomillashtirish, «O‘zbekiston - 2030» strategiyasi, soha va tarmoqlarni rivojlantirish dasturlarida belgilangan vazifalarni samarali bajarish va maqsadlarga erishish bo‘yicha ilmiy tadqiqotlar olib borish va amaliy takliflar ishlab chiqish e’tibor markazida.
Ayni paytda davlat siyosati va boshqaruvi sohalaridagi dolzarb ilmiy-tadqiqot masalalarini qamrab oluvchi yagona elektron mavzular banki shakllantirilmoqda.

Mazkur tashabbus Prezident farmonida belgilangan vazifalar ijrosi doirasida amalga oshirilmoqda.
Akademiya rektorining buyrug‘i bilan mavzular bankini shakllantirish bo‘yicha ishchi guruh tarkibi tasdiqlandi.
Shu paytga qadar vazirlik va idoralar, davlat va xo‘jalik boshqaruvi organlari hamda boshqa tashkilotlardan 500 dan ortiq ilmiy-tadqiqot mavzusi bo‘yicha takliflar kelib tushgan. Ular davlat siyosati, davlat xizmati va boshqaruv amaliyotidagi dolzarb masalalarni qamrab olgan.
Kelib tushgan mavzular dolzarbligi, ilmiy va amaliy ahamiyati, tadqiqot salohiyati hamda tegishli ta’lim yo‘nalishlari va ilmiy ixtisosliklarga muvofiqligi nuqtai nazaridan tahlil qilinadi. Mazmunan o‘xshash va takroriy mavzular saralanib, yo‘nalishlar bo‘yicha tizimlashtiriladi.
Yagona elektron mavzular banki ilmiy-tadqiqot mavzularining takrorlanishini kamaytirish, davlat boshqaruvidagi real muammo va ehtiyojlarni ilmiy izlanishlar bilan bog‘lashga xizmat qiladi.
Mavzular bankidan izlanuvchilar dissertatsiyalari mavzularini belgilash, professor-o‘qituvchilar va ilmiy xodimlarning tadqiqot faoliyatini rejalashtirish hamda ilmiy tadqiqotlarni ustuvor yo‘nalishlarga maqsadli yo‘naltirishda foydalanish nazarda tutilgan.
Asosiy maqsad – davlat boshqaruvi amaliyotidagi real muammo va ehtiyojlarni ilmiy tadqiqotlar kun tartibiga olib chiqish, Akademiyaning ilmiy salohiyatini davlat tashkilotlarining amaliy ehtiyojlari bilan uyg‘unlashtirish hamda tadqiqot natijalarining amaliyotga tatbiq etilishini ta’minlashdir.
Norgul Abduraimova, O‘zA