Ilmiy hamkorlik mustahkamlanmoqda
Rimning nufuzli “Italia sera” gazetasi va “Strumenti Politici” jurnali Italiya universitetlar va tadqiqot vaziri Anna Mariya Berninining O‘zbekiston va Qozog‘istonga tashrifini keng yoritib boryapti.
Maqolalarda safardan ko‘zdangan asosiy maqsad Italiya va Markaziy Osiyoning ikki davlati o‘rtasidagi akademik va ilmiy aloqalarni mustahkamlash, tegishli universitetlar va tadqiqot markazlari bilan hamkorlik qilish uchun yangi imkoniyatlar ochishdan iboratligi ta’kidlangan.
Bernini mamlakatimizda oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vaziri Qo‘ng‘irotboy Sharipov bilan uchrashib, ta’lim va tadqiqot sohasidagi qo‘shma loyihalarni muhokama qilgani, shuningdek Toshkent shahridagi Piza universiteti Geologiya fakultetini ko‘zdan kechirgani hamda Turin politexnika ixtisosligida tashkil etilgan Italiya – O‘zbekiston ilg‘or muhandislik maktabining ochilish marosimida ishtirok etgani qayd etilgan.
O‘zaro muloqot va akademik hamkorlik uchun muhim maydon bo‘lgan birinchi O‘zbekiston – Italiya ta’lim forumida respublikamizning 40 dan ortiq oliy o‘quv yurti rahbari, hamkor tomondan esa 25 ga yaqin oliy ta’lim muassasasi rektorlari ishtirok etganiga urg‘u berilgan.
Muharrama Pirmatova, O‘zA