Ilmdan sanoatga: TKTI bitiruvchilariga diplomlar topshirildi
Kimyo va texnologik sanoat uchun yuqori malakali kadrlar tayyorlash, ishlab chiqarishni zamonaviy bilim va innovatsion yondashuvlarga ega mutaxassislar bilan ta’minlash hamda ilm-fan bilan amaliyot uyg‘unligini mustahkamlashda oliy ta’lim muassasalari muhim o‘rin tutadi.
Ana shu maqsadlar yo‘lida Toshkent kimyo-texnologiya institutida 2025-2026 o‘quv yili bitiruvchilariga diplomlarni tantanali topshirish marosimi bo‘lib o‘tdi.
Tadbirda ishlab chiqarish korxonalari rahbarlari va vakillari, prorektorlar, fakultet dekanlari, professor-o‘qituvchilar, faxriy ustozlar, bitiruvchilarning ota-onalari hamda talaba-yoshlar ishtirok etdi.

Tadbirda so‘zga chiqqan “O‘zkimyosanoat” AJ boshqaruvi raisi Odiljon Temirov va Toshkent kimyo-texnologiya instituti rektori Botir Usmonov bitiruvchilarni oliy ta’limni muvaffaqiyatli tamomlaganliklari bilan samimiy muborakbod etar ekan, bugungi bitiruvchilar mamlakatimiz kimyo, oziq-ovqat texnologiyalari, farmatsevtika, energetika hamda sanoatning boshqa muhim tarmoqlarini rivojlantirishda munosib hissa qo‘shadigan, zamonaviy bilim va amaliy ko‘nikmalarga ega mutaxassislar ekanini alohida ta’kidladi.

Qayd etilganidek, kimyo sanoati mamlakatimiz iqtisodiyotining strategik tarmoqlaridan biri bo‘lib, sanoat ishlab chiqarishi, eksport salohiyatini oshirish, import o‘rnini bosuvchi mahsulotlar ishlab chiqarish hamda yuqori qo‘shimcha qiymat yaratadigan loyihalarni amalga oshirishda muhim ahamiyat kasb etadi. Bu esa soha uchun zamonaviy bilim, innovatsion fikrlash va amaliy ko‘nikmalarga ega bo‘lgan mutaxassislarni tayyorlashni dolzarb vazifaga aylantirmoqda.

Tadbirda yoshlarga o‘z kasbiga sadoqat bilan yondashish, doimiy izlanish olib borish, innovatsion g‘oyalarni amaliyotga keng joriy etish hamda Yangi O‘zbekiston taraqqiyotiga munosib hissa qo‘shish muhimligi ta’kidlandi. Bitiruvchilar qayerda mehnat faoliyatini olib borishidan qat’i nazar, institutning munosib vakili sifatida uning yuksak obro‘-e’tiborini saqlab qolishi va yuksaltirishiga alohida urg‘u berildi.
Tadbir yakunida bitiruvchilarga diplomlar tantanali ravishda topshirildi.
N.Ziyodullayeva,
O‘zA