Ilm-fan yo‘lini yoritgan daho
22-mart – Mirzo Ulug‘bek tavallud topgan kun
Mirzo (keyinchalik Sulton) Muhammad ibn Shohrux ibn Temur Ulug‘bek Ko‘ragon — Temuriylar davlatining hukmdori, buyuk o‘zbek astronomi va matematigi sifatida jahonda yuksak e’tirof etiladi.
Manbalarga ko‘ra, Ulug‘bek buyuk Sohibqiron jahongir bobokalonimiz Amir Temurning nabirasi va Shohrux Mirzoning o‘g‘lidir. Onasi turkiy qabila zodagonlaridan Gavharshod begim edi. U bobosining Eronga yurishi paytida Sultoniya shahrida tug‘ilgan. Unga Mirzo Muhammad Tarag‘ay ismi berildi. Ulug‘bek asli ism emas, balki „Buyuk hukmdor (bek)“ ma’nosini beruvchi taxallus edi.
Bolaligida u Yaqin Sharq va Hindistonning katta qismini kezib chiqdi, chunki bobosi bu hududlarda fathlarni kengaytirdi. Temur vafotidan keyin Shohrux saltanat poytaxtini Hirotga (zamonaviy Afg‘onistonda) ko‘chirdi. 16 yoshli Ulug‘bek keyinchalik, 1409-yilda Samarqandning hokimi bo‘ldi. 1411-yilda u butun Movarounnahrning hokimi deb e’lon qilindi.
Mirzo Ulug‘bek trigonometriya va sferik geometriya kabi astronomiya bilan bog‘liq matematika sohasidagi ishlari, shuningdek, san’at va intellektual faoliyatga umumiy qiziqishlari bilan ajralib turar edi. Buyuk mutafakkir bobomiz besh til – turkiy, arab, fors, mo‘g‘ul va oz miqdorda xitoy tillarini bilgan deb taxmin qilinadi. Uning e’tibori va homiyligi tufayli temuriylar uyg‘onish davri o‘zining madaniy cho‘qqisiga erishdi.
Qayd etilishicha, alloma 1424—1429-yillarda Samarqandda buyuk Ulug‘bek rasadxonasini qurdirdi. Olimlar nazarida bu rasadxona o‘sha davrda islom olamidagi eng yaxshi, Markaziy Osiyodagi eng yirik rasadxona bo‘lgan. Ulug‘bek keyinchalik ko‘plab olimlar tomonidan XV asrning eng muhim astronomi sifatida tan olingan.
U Samarqand va Buxoroda Ulug‘bek madrasasini ham (1417—1420) bunyod ettirib, ushbu shaharlarni O‘rta Osiyoning madaniy ilm markazlariga aylantirishga muvaffaq bo‘ldi.
Mirzo Ulug‘bek davrida Samarqand gullab-yashnadi. Uning farmoyishi bilan 1417-yilda Buxoroda, 1420-yilda Samarqandda va 1433-yilda G‘ijduvonda madrasalar barpo etildi. Marv shahrida xayriya muassasalari qurildi. Bibixonim masjidi, Amir Temur maqbarasi, Shohi Zinda ansambli qurilishlari nihoyasiga yetkazildi. Shuningdek, Ulug‘bek karvonsaroy, tim, chorsu va boshqa ko‘plab jamoat binolari ham barpo ettirgan
1417-1420-yillarda Samarqanddagi Registon maydonida madrasa („universitet“) qurdirdi va ko‘plab islom astronomlari va matematiklarini o‘qishga taklif qildi. Ulug‘bekning astronomiya bo‘yicha eng mashhur shogirdi Ali Qushchi edi. Qozizoda Rumiy Ulug‘bek madrasasining eng ko‘zga ko‘ringan muallimi bo‘lgan va keyinchalik bu o‘ringa astronom Jamshid al-Koshiy kelgan.
Mirzo Ulug‘bek ilm-fan olamida buyuk astronom, matematik, yosh iste’dodlar, olimlar, ma’rifat homiysi sifatida mashhur. Bu borada u amalga oshirgan eng buyuk ish „Ziji jadidi Ko‘ragoniy“ deb nomlangan astronomik jadval sanaladi. Jahonning mashhur universitetlari, ilmiy markazlarida hozirgacha yirik tadqiqotlar olib borishda mazkur jadvaldan keng foydalaniladi. Ulug‘bek tibbiyot, adabiyot va musiqaga ham qiziqqan. Alisher Navoiyning „Majolis un-nafois“ asarida uning she’riyatidan namunalar keltirilgan.
Mirzo Ulug‘bek shaxsiyati, u bilan bog‘liq nihoyatda ziddiyatli, og‘ir davr, shoh va olimning faoliyati, ibratli amallari O‘zbekiston xalq yozuvchisi, ustoz ijodkor Odil Yoqubovning “Ulug‘bek xazinasi” romani orqali teran ochib berilgan. O‘sha davrning tarixiy muhiti, temuriylar saltanatining o‘ziga xosliklari, yutug‘i va tanazzulini, Mirzo Ulug‘bekning buyuk zakosini anglashda dunyoning ko‘plab tillariga tajrima etilgan ushbu bu asar eng yaqin ko‘makchi. Darhaqiqat, Mirzo Ulug‘bek yoritib bergan ilm yo‘li bugun ham fandagi yangiliklarni kashf etishda o‘ziga xos mayoq bo‘lib kelmoqda.
N.Usmonova tayyorladi,
O‘zA