Ilm-fan va ishlab chiqarish integratsiyasi
«O‘zekspomarkaz»da VIII Innovatsion g‘oyalar, texnologiyalar va loyihalar respublika yarmarkasi davom etmoqda.
«O‘zekspomarkaz»da VIII Innovatsion g‘oyalar, texnologiyalar va loyihalar respublika yarmarkasi davom etmoqda.
Yarmarkada ishlab chiqarishni avtomatlashtirish va optimallashtirish, resurs tejash, mahalliy xomashyodan foydalanish, mahsulotlar sifati va raqobatbardoshligini oshirish, import o‘rnini bosish va eksportni kengaytirishga yo‘naltirilgan besh yuzga yaqin innovatsion texnologiya va loyihalar taqdim etilgan. Ular sanoat va qishloq xo‘jaligi, sog‘liqni saqlash va farmatsevtika, axborot texnologiyalari, energiya tejaydigan texnologiyalar, ilm-fan va ta’lim sohalarini qamrab olgan.
Prezidentimiz tashabbusi bilan o‘tkazib kelinayotgan ushbu an’anaviy yarmarka ilm-fan, ta’lim va ishlab chiqarishni integratsiyalashtirishda muhim vositaga aylandi. Yarmarka mamlakatimiz va xorijiy korxonalar vakillari, fermer va investorlar e’tiborini o‘ziga yanada jalb etmoqda. Shartnomalar tuzish tartib-taomillarini yengillashtirish maqsadida yarmarkada mamlakatimizning yetakchi banklari va sug‘urta kompaniyalari, Intellektual mulk agentligi mutaxassislari ish olib bormoqda.
– Elektr energiyasini kompensatsiya qiladigan qurilmani xarid qilish bo‘yicha 10 million so‘mlik shartnoma tuzdik, – deydi Jizzax viloyatidagi “Navro‘z ota” fermer xo‘jaligi rahbari Gulboy Sodiqov. – Jizzax politexnika instituti mutaxassislari tomonidan ishlab chiqilgan ushbu qurilma sarf-xarajatlarni qisqartirish imkonini beradi. Biz ilg‘or texnologiyalarni xarid qilish uchun qulay sharoit yaratgan yarmarka tashkilotchilaridan minnatdormiz.
Yarmarka yosh olimlar va oliy o‘quv yurtlari talabalari uchun ham samarali o‘tmoqda. Ularning ko‘plab g‘oya va ishlanmalari maxsus bo‘limda namoyish etilayotir. Mutaxassislarning fikricha, tuproqni kartoshka ekishga tayyorlaydigan agregat katta istiqbolga ega. Qarshi muhandislik-iqtisodiyot instituti doktoranti Uchqun Qodirov ushbu mashina modeli bilan ishtirok etmoqda. Agregat tuproqni yumshatish va o‘g‘itlash, jo‘yak olish kabi qator funksiyalarni bajaradi. Yosh olimning so‘zlariga ko‘ra, mazkur qishloq xo‘jaligi texnikasini ishlab chiqarish uchun zarur butlovchi qismlarning barchasi mamlakatimizdagi zavodlarda tayyorlanadi.
O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasining ilmiy-tadqiqot muassasalari stendlari ko‘pchilik e’tiborini tortmoqda. Ularda iqtisodiyotning asosiy tarmoqlari, jumladan, neft-gaz, kimyo, farmatsevtika sanoati, qurilish, qishloq xo‘jaligi, muqobil energetika va boshqa jabhalardagi ustuvor vazifalarni bajarishga yo‘naltirilgan yuzdan ziyod innovatsion ishlanma va loyihalar namoyish qilinmoqda.
O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasining Bioorganik kimyo instituti stendlarida farmatsevtika sanoatining so‘nggi yutuqlari taqdim qilinmoqda. Grippga qarshi mahalliy xomashyodan tayyorlangan “Rutan” dori vositasi shular jumlasidan. Mazkur mahsulot barcha ruxsat berish tartib-taomillaridan o‘tgan va tez orada dorixonalarda sotuvga chiqariladi.
Yarmarkada O‘zbekiston o‘simliklarni himoya qilish ilmiy-tadqiqot instituti tuproq unumdorligini oshirishga mo‘ljallangan “Trixodermin” biopreparatining modifikatsiya qilingan namunasi bilan ishtirok etmoqda.
– Ushbu vosita o‘simliklar kasalliklarining oldini olish va ularga qarshi kurashishda keng qo‘llaniladi, – deydi institutning katta ilmiy xodimi, qishloq xo‘jaligi fanlari nomzodi Nigora Tillaxo‘jayeva. – Bundan oldingi preparatlarning saqlanish muddati juda qisqa edi. Yangi biotexnologiyalarni qo‘llash samarasida ushbu muddatni 6 oygacha uzaytirishga erishdik.
Yarmarkada sog‘liqni saqlash sohasiga doir keng turdagi ishlanma va yangi uslublar ham namoyish etilmoqda. Bu borada Respublika onkologiya ilmiy markazi mutaxassislarining yutuqlari diqqatga sazovordir. Immunologiya, molekulyar biologiya, biotexnologiya va genetikaning zamonaviy yutuqlariga asoslangan ilmiy tadqiqotlar samarasida ekstrakorporal qon terapiyasi uslubi yaratildi. Bu yangilik ko‘krak bezi saratoni bilan kasallangan bemorlarni davolash samaradorligini oshiradi. Markaz o‘smaga qarshi qo‘llaniladigan yangi “Dekotsin” va “Dekovin” malhamlarini ham taklif etmoqda.
Axborot-kommunikatsiya texnologiyalari sohasidagi ishlanmalarga bag‘ishlangan stendlar ham gavjum. Masalan, O‘zbekiston Respublikasi Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi huzuridagi “Elektron hukumat” tizimini rivojlantirish markazi “BPR.UZ” axborot-tahlil tizimini namoyish etmoqda. Bu tizim davlat byudjeti sarf-xarajatlarini optimallashtirishga mo‘ljallangan. “O‘zbektelekom” aksiyadorlik kompaniyasi xavfsizlik darajasi yuqori bo‘lgan optik kommutatsiya qutisi, kabel uzilgan joyni aniqlaydigan qurilma va boshqa yangiliklardan iborat innovatsion loyihalar to‘plamini taqdim etmoqda.
Ikki kun davomida yarmarkada qiymati 11 milliard so‘mdan ziyod 400 ga yaqin shartnoma va ahdlashuv protokollari imzolandi.