Ilm-fan rivoji davlatimiz siyosatining ustuvor yo‘nalishi
Tarixiy taraqqiyotni tahlil etadigan bo‘lsak, jamiyat va millat yuksalishi, davlat qudrati hamisha ilm-fan bilan chambarchas bog‘liq bo‘lgan. Shu bois ilm-fanga avvalo, kelajakka qaratilgan e’tibor va inson qadrini ulug‘lashning eng oliy namunasi sifatida ko‘zga tashlanadi.
Prezidentimizning joriy yil 26-maydagi “Yangi avlod ilmiy kadrlarini tayyorlash va ularni attestatsiya qilish tizimini takomillashtirish to‘g‘risida”gi farmoni ham mamlakatimiz ilm-fani taraqqiyotida yangi davrni boshlab bergani bilan ahamiyatli bo‘ldi.
Mazkur hujjatda davlatimiz ijtimoiy-iqtisodiy taraqqiyotining ustuvor yo‘nalishlari uchun innovatsion yechimlar ishlab chiqa oladigan, zamonaviy dunyo talablariga javob beradigan yuqori malakali ilmiy kadrlarni tayyorlash tizimini yanada takomillashtirishga qaratilgan yangi normalar belgilab berildi. Shuningdek, ixtisoslashgan kengashlar faoliyatini xalqaro standartlar asosida rivojlantirish, oliy ta’limdan keyingi ta’lim tizimini takomillashtirish hamda doktorantlar tayyorlash jarayonini xalqaro talablarga moslashtirish masalalariga alohida e’tibor qaratildi. Hujjatda sohalar kesimida amalga oshirilayotgan ilmiy tadqiqotlarning sifati, ilmiy yangiligi va amaliy ahamiyatini oshirishga xizmat qiluvchi muhim vazifalar ham belgilab berilgan.
Farmon shunchaki, ilm-fanni rivojlantirishga emas, balki yangi O‘zbekistonda qaysi sohada bo‘lmasin ilm-fanga, ta’limga, shu jumladan, ilm qilayotgan ilmiy kadrlarning mehnatiga munosabat tubdan o‘zgarganini va bu soha davlat siyosatining eng yuqori ustuvor yo‘nalishiga aylanganini yana bir bor namoyon etdi. Unda belgilab berilgan imkoniyatlar zamirida faqat moddiy rag‘bat emas, balki ulkan ma’no, chuqur yondashuv va ilm-fan rivoji uchun juda katta ilmiy maydon yaratilgani o‘z ifodasini topdi.
Keling, bu yangiliklarga oliy ta’lim va ilm-fan tizimida ko‘p yillik tajribaga ega soha vakili sifatida nazar tashlaylik: birinchidan, farmon oliy ta’lim rivojini yangi makroiqtisodiy va ijtimoiy sur’atlarga moslashtiruvchi muhim omil bo‘ldi. Oliy ta’lim va ilm-fan sohasi vakillari zimmasiga yangi vazifalar yuklash bilan birga milliy ilmiy salohiyatimizni yanada yuksaltirishning takomillashgan mexanizmini yaratib berdi. Shunga muvofiq maqola doirasida bu tarixiy hujjatning institutsional va amaliy ahamiyatiga, uning oliy ta’lim va ilmiy-tadqiqot jarayonlarini yangi bosqichga olib chiqishdagi o‘rniga qisqacha to‘xtalib o‘tishni lozim topdik.
Ilmiy sohadagi an’analar o‘z davrida fanning ko‘p tarmoqli rivojlanishini ta’minlashga xizmat qilgan edi. Biroq, bugungi tezkor globallashuv va raqamli texnologiyalar asri tadqiqotlarni bevosita amaliyot va strategik ehtiyojlarga yanada yaqinroq bog‘lashni taqozo etmoqda. Farmonga ko‘ra, endilikda doktoranturaga qabul kvotalarining kamida 60 foizi aynan mamlakatimiz iqtisodiyoti uchun yuqori ahamiyatga ega bo‘lgan ustuvor va innovatsion yo‘nalishlarga – nanotexnologiyalar, robototexnika, sun’iy intellekt va seysmik xavfsizlik kabi sohalarga ajratilishi belgilandi. Bu mavjud ilmiy salohiyatni yanada jipslashtirib, davlat mablag‘larini jamiyat uchun eng yuqori samara beradigan strategik sohalarga maqsadli yo‘naltirish imkonini kengaytiradi.
Ilm-fan yo‘lini tanlagan yoshlarni moddiy va ma’naviy jihatdan muntazam qo‘llab-quvvatlash davlatimiz siyosatining ajralmas qismi hisoblanadi. Ustuvor ixtisosliklar bo‘yicha tahsil olayotgan doktorantlarga differensial va 1,7 baravar oshirilgan stipendiyalar joriy etilishi ham ana shu e’tibor namunasidir. Bu qadam yosh olimlarimizning ijtimoiy himoyasini yanada kuchaytiradi, ularning bor e’tibori va intellektual quvvatini faqat va faqat izlanishlarga, jahon andozalariga mos tadqiqotlar olib borishga qaratishiga puxta zamin yaratadi.
Bugungi kun fan va amaliyot uyg‘unligi yanada moslanuvchan yondashuvlarni talab etmoqda. Shu nuqtai nazardan, sohadagi eng diqqatga sazovor yangiliklardan biri “Loyiha doirasida ilmiy daraja” (PhD) dasturining yo‘lga qo‘yilishidir. Avvalgi tizim ilmiy ishlarning uslubiy va nazariy mukammalligini ta’minlashga xizmat qilgan bo‘lsa, yangi dastur sohaga yanada katta tezkorlik olib kiradi. Endilikda aniq bir amaliy yoki innovatsion loyiha doirasida tijoratlashtiriladigan natija ko‘rsatgan, real ishlab chiqarish muammosini hal etgan tadqiqotchining ishi soddalashtirilgan tartibda, to‘g‘ridan-to‘g‘ri tan olinishi mumkin. Bu tizim an’anaviy ilmiy maktablar tajribasini saqlagan holda fanni amaliyot bilan, tadqiqotchini esa tadbirkor bilan bog‘lovchi eng qisqa va samarali ko‘prikka aylanadi.
Oliy attestatsiya komissiyasining tashkiliy jihatdan O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi tizimiga o‘tkazilishi va uning qarorlar qabul qilish vakolatlari kengaytirilgani akademik muhitdagi yana bir muhim o‘zgarish bo‘ldi. Bu qadam xalqaro akademizm prinsiplariga to‘liq mos keladi. Zero, ilmga fan ahli baho berishi, milliy ilmiy maktablarimizning nufuzini yuqori darajada ushlab turishi maqsadga muvofiqdir. 2027-yil 1-yanvardan boshlab ilmiy darajalar berish tartiblarining yanada soddalashtirilishi, ko‘p yillar davomida shakllangan boy tajribalarni yangi davr talablariga moslashtirib, sohadagi mavjud tartib-taomillarni yengillashtiradi.
Farmon mamlakatimizda ilm-fanni milliy taraqqiyotning bosh drayveriga aylantirishni maqsad qilgan. Hujjatda belgilangan vazifalarning hayotga izchil joriy etilishi yangi avlod olimlari jamoasini shakllantirishga xizmat qiladi. Bu jarayonni to‘liq qo‘llab-quvvatlagan holda farmon ijrosini ta’minlashda bor bilim, tajriba va muassasamiz salohiyatini safarbar etishni sharafli burch, deb bilamiz.
Azizbek Xasanov,
Termiz davlat pedagogika instituti
rektori, pedagogika fanlari doktori, professor.
O‘zA