Ilm-fan ishlab chiqarish bilan uyg‘unlashmoqda (+video)
Termiz davlat muhandislik va agrotexnologiyalar universiteti Surxondaryo viloyatida ta’lim, ilm-fan va ishlab chiqarishni integratsiya qilib, sohada ilmiy-amaliy tajribalarni joriy etayotgan yetakchi oliy ta’lim muassasalaridan biriga aylandi.
Universitet tajriba maydonida vohaning yirik tarmog‘i qishloq xo‘jaligi uchun banan ko‘chatlarini iqlimlashtirish, rayhonning noyob navlarini ko‘paytirish kabi agrotexnologik izlanishlar olib borilayotgan edi. O‘tgan oyda yengil sanoat va oziq-ovqat texnologiyalari kafedrasi yana bir yangi ishga qo‘l urdi. “Ipakchi tadqiqotchi” to‘garagini tashkil etib, ipak qurti parvarishlashni yo‘lga qo‘ydi.


– Talabalar bilan birga pilla yetishtirdik, – deydi kafedra o‘qituvchisi O‘g‘ilshod Panjiyeva. – Hosil biz kutgandek bo‘ldi. Talabalar o‘zlarining nazariy olgan bilimlarini bevosita amaliyotga joriy etdi. Amaliy bilim va ko‘nikmalari shakllantirildi. Olingan mablag‘ni xo‘jalik shartnoma maqsadlarida ishlatishni, shu orqali universitetimizning iqtisodiy ko‘rsatkichlarini yaxshilashga o‘z hissamizni qo‘shishni maqsad qilganmiz.
Tajriba jarayonida kafedra professor-o‘qituvchilari va talaba-yoshlar to‘rt quti ipak qurtini parvarishlab, 200 kilogrammdan ortiq yuqori sifatli xom ashyo oldi. Buning uchun ular bir oydan ko‘proq mehnat qilib, kutilgan natijaga erishdi.

Loyiha doirasida professor-o‘qituvchilar va talabalar ilmiy asosda parvarishlagan xorij pillasi navidan chiqindisiz texnologiya sifatida foydalaniladi. Bu usul pillaning ustidagi los tolasidan tortib, ichidagi g‘umbagigacha qayta ishlash imkonini beradi.

– Ushbu tugarak dasturi asosida pilla boqishni yo‘lga qo‘ydik , – deydi agrobiologiya fakulteti dekani o‘rinbosari Shavkat Ermatov. – Talabalarimiz o‘zlari qarab, boqib, o‘ttiz-o‘ttiz uch kunda hosil olishga erishdik. Hozir biz Xitoy duragay pillasini yetishtiryapmiz. Bundan olingan pillaning jonsizlantirish jarayonini ham o‘zimizda amalga oshiramiz. Ipak chiqindisiz texnologiya, deyiladi. Pillaning ustidagi lostidan tortib to ichidagi g‘umbagigacha chiqindisiz mahsulot hisoblanadi. Bundan qanday mahsulot olinadi? Xom ashyo sifatida ichidagi los tolalarini olib, ip yigirsak bo‘ladi. Har bir pilladan 800 metrdan 1800 metrgacha xom ipak chiqadi.

Mutaxassislarning aytishicha, bu xom ashyodan sifatli ipak gazlama va mato ishlab chiqarishda yuqori iqtisodiy samaradorlikka erishsa bo‘ladi.
Universitetda ilm-fan va ishlab chiqarish integratsiyasi asosida yaratilgan yuqori sifatli ipak mahsuloti voha pillachiligida zamonaviy innovatsion yondashuvlarni keng joriy etishga xizmat qilmoqda. Shu bois mazkur loyihani yanada kengaytirish, ilmiy izlanishlar ko‘lamini oshirish va sohadagi tadqiqotlarni izchil davom ettirish rejalashtirilgan.
<iframe width="640" height="420" src="https://www.youtube.com/embed/fqE_zj0xkE8" title="Ilm-fan ishlab chiqarish bilan uyg‘unlashmoqda" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" referrerpolicy="strict-origin-when-cross-origin" allowfullscreen></iframe>Xolmo‘min Mamatrayimov, O‘zA muxbiri