“Ilk rivojlanish markazi” mas’ullar e’tiborida
Ijtimoiy himoya milliy agentligi Toshkent viloyati boshqarmasi mas’ullari Piskent tumanidagi Maxsus internat maktabidagi sharoitlar bilan yaqindan tanishildi. Tarbiyachilarning takliflari tinglandi.
Shuningdek, mas’ullar Oqqo‘rg‘on tumanidagi Maxsus internat maktabida ham bo‘ldi. O‘rganishlar davomida mazkur maktabda bolalarga berilayotgan oziq-ovqat sifati ko‘zdan kechirildi. Mavjud imkoniyatlar yuzasidan mutasaddilar bilan fikr almashildi. Kunning ikkinchi yarmida Quyi Chirchiq tumanidagi 10-sonli umumta’lim maktabida yangidan tashkil etilayotgan “Ilk rivojlanish markazi”dagi bunyodkorlik ishlari yuzasidan mutasaddilar bilan fikr almashildi.

Mazkur markaz Prezidentimizning 2024 yilda ijtimoiy himoya sohasida amalga oshirilgan ishlar natijadorligi va 2025 yil uchun ustuvor vazifalar yuzasidan o‘tkazilgan videoselektor yig‘ilishida berilgan topshiriqlari ijrosi hamda Toyloq pedagogika kolleji negizida tashkil etilgan “Ilk rivojlanish markazi” namunasi asosida tashkil etilmoqda.
Hududdagi muloqotlar davomida Ijtimoiy himoya milliy agentligi Toshkent viloyati boshqarmasi vakillariga Quyi Chirchiq tuman hokimi Akmal Xolmurodov hamrohlik qildi.

Mutaxassislarning ta’kidlashicha, ushbu “Ilk rivojlanish markazi”da uch yoshdan olti yoshgacha bo‘lgan, kam ta’minlangan hamda nogironligi bo‘lgan oila farzandlari uchun zamonaviy sharoitlar yo‘lga qo‘yilgan bo‘lib, joriy yilning 1 mart sanasidan ishga tushadi. Shuningdek, pedagoglar tomonidan bolalar uchun aqliy rivojlantirish mashqlari, turli mashg‘ulotlar o‘tkaziladi. Mazkur markazga 240 nafar bolajonga ta’lim-tarbiya berish va bu kabi markazlarni Bo‘ka, Zangiota hamda Qibray tumanida tashkil etish rejalashtirilgan.
Bunday xayri tashabbus natijasida yolg‘iz onalar, ijtimoiy himoyaga muhtoj oilalar va imkoniyati cheklangan oila farzandlariga ko‘maklashish maqsad qilingan.

A.Musayev, O‘zA